178-mashq. Andijondagi «UZDAEWOO ning shuhrati» mavzusidagi matnni o‘qing, zamonaviy kasb-hunarlarga, ularning o‘ziga xos xususiyatlariga munosabat bildiring. Qo‘shimchalarga diqqatni qarating, ularni turlari bo‘yicha tahlil qiling.
1996-yil 19-mayda Andijon viloyatining Asaka shahrida mamlakatimizdagi birinchi avtomobil zavodi 2 turdagi «Tiko» va «Neksiya» tamg‘ali yengil avtomobillari hamda «Damas» tamg‘ali kichik avtobus ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston—Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi tantanali ravishda ochildi. Yiliga 200 ming avtomashina chiqara oladigan bu zavod 2,5 yilda qurib bitkazildi.
U murakkab avtomatlashtirilgan liniya bilan jihozlangan bo‘lib, raqobatbardosh texnologiyaga egadir. Avtomobilga bo‘lgan ulkan talabni qondirish uchun UZDAEWOO birinchi bo‘lib maqsadni ichki bozorni to‘ldirishga qaratdi. Biroq chet el valutasiga ba’zi detallar, agregatlar va materiallar olinishi sababli qisman chet davlatlarga ham mahsulotlar realizatsiya qilinyapti. O‘zbekiston ichki avtomobil bozoridagi 60—65% yengil avtomobillarni UZDAEWOO ning avtomobillari tashkil etadi. lchki bozorda raqobat uncha katta emas, chunki boshqa yirik avtomobil zavodi yo‘q...
Ma’lumki, avtomobil raqobatdoshligi ularning sifati va narxlariga bog‘liq.
«Tiko», «Damas», «Neksiya», «Matiz» avtomobillarining sifat darajasi Rossiyadagi raqobatchi avtomobillar «Jiguli», «Moskvich», «Oka» avtomobillariga nisbatan yuqori. O‘z avtomobillarining yuqori sifatiga qaramay kompaniya marketing va reklama faoliyatini olib bormoqda.
UZDAEWOO qisqa vaqt ichida firmalar va kichik korxonalar tarmog‘ini yaratdi. Eng muhimi, 1999-yildan boshlab ehtiyot qismlari ishlab chiqariladigan zavod ishga tushirildi...
(«Turkiston» gazetasidan)
179-mashq. Uyga vazifa. Matnni o‘qib, «Ogohlikka da’vat» mavzusida insho yozishga tayyorlaning.
Oq yo‘rgakka o‘ragansan o‘zing bizni,
Oq yuvib, oq taragansan o‘zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo‘lib,
Kunimizga yaragansan o‘zing bizni.
M. Yusuf
Vatan! Bu so‘zni sevmaydigan, mehr bilan tilga olmaydigan hech bir inson topilmasa kerak! Vatan — har bir inson tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan tabarruk go‘sha! Ona zamin — ko‘zlarida hayrat aks etgan bolakayning ilk muallimi. Vatan — kelinchakning orzulari qanotida parvoz etib kirgan eshigi.
Ona zamin! Bu so‘z qon-qonimizga, vujudimizga singib ketgan, bir umrga yuragimizda muhrlanib qolgan, eng muqaddas, eng unutilmas kalomdir! Vatan sevgisidan yurak yorug‘, imon va e’tiqod uyg‘oq bo‘ladi.
Bu tuproqning farzandlari bek bo‘ladi,
Topgan-tutgan davlatlari erk bo‘ladi.
Ildizlari Hazrati o‘zbek bo‘ladi,
Beshigida avliyolar o‘sgan elim!
M. Yusuf
Savollar
1. Ko‘makchi morfemalar deb nimaga aytiladi?
2. Sintaktik munosabat bildirmaydigan morfemalar qaysilar?
3. Sintaktik munosabat bildiradigan morfemalarga qaysi morfemalar kiradi?
Do'stlaringiz bilan baham: |