166-mashq. Matnni o‘qing. So‘z yasovchi qo‘shimchalarni ko‘chirib yozib, izohlang.
Shunday eshitdimki, bir kishining qo‘yi haddan tashqari ko‘p edi. Uning nomusli va xiyonat qilmaydigan bir cho‘poni bor ekan. U har kuni qo‘ylarni sog‘ib, sutni qo‘y egasining oldiga keltirardi. Qo‘y egasi sutga yarim hissa suv qo‘shib, sottirardi. Cho‘pon unga shunday nasihat qildi: «Ey xoja, odamlarga xiyonat qilmaginki, o‘zingga zarar yetkazasan». U kishi cho‘ponning nasihatini eshitmadi va xiyonat qilaverdi. Bir kecha bahor vaqtida ko‘p yomg‘ir yog‘di. Sel kelib qo‘ylarni oqizib ketdi va barcha qo‘ylar halok bo‘ldi. Cho‘pon xojasining oldiga bordi. Qo‘y egasi unga dedi: «Bugun nima uchun sut keltirmading?» Cho‘pon: «Ey xoja, men senga sutga suv qo‘shmagin degan edim, mening so‘zimni aslo eshitmading. O‘tgan kechasi sutga qo‘shgan suvlaring hammasi yig‘ilib, sel bo‘lib oqdi va qo‘ylarni oqizib ketdi», — deb javob berdi.
167-mashq. Matnni o‘qing. Ko‘makchi morfemalarni topib, izohlang.
«Hibat ul-haqoyiq» asarining tili sodda, ravon, ifodalari ta’sirchan. Unda turkiy tilning o‘ziga xos jozibali so‘zlari katta o‘rin tutadi. Asarda takrorlanishlarni hisobda olmaganda mingga yaqin so‘z qo‘llangan. Ularning uchdan ikki qismini sof turkiy so‘zlar tashkil qiladi. (B. To‘xliyev)
168-mashq. Matnni ko‘chirib oling. Qo‘shimchalarning turlarini aniqlab, yozilishini izohlang.
Bir vaqtlar bir odam yo‘lda yayov ketar ekan, o‘z-o‘ziga:
— Bu yerda, bu sahroyi biyobonda mendan ongsizroq, bechoraroq odam bormikan, — dedi. U yerdan o‘tib ketayotgan, ustiga yuk ortilgan eshak bu dardmand odamning so‘zini eshitib, unga:
— Ey aqlsiz odam! Nega holingdan bunday shikoyat qilasan? Allohga shukur etib yo‘lingdan ketaver. Eshakka minmagansan, ammo men kabi yuk ostida emassan-ku! Holingga shukur qilmaysanmi? — dedi.
(Sharq rivoyatlaridan)
169-mashq. Matnni o‘qing. Qo‘shimchalarning turlarini aniqlang va izohlang.
Donolar yig‘ilishib, dunyoda nima aziz ekanligidan bahs-munozara qilibdilar.
Hayot aziz, — dedi bir donishmand, — Hayot bor ekanki, barcha mavjudot bor. Non aziz, — debdi ikkinchisi, — agar nondek mo‘tabar noz-ne’mat bo‘lmasa, hayot ham, tirik mavjudot ham bo‘lmaydi.
Davrada turli-tuman aziz narsalar aytilaveribdi-yu, oxiri eng keksa dono hakim bahsga bunday deb xulosa yasabdi: «Hayot otliq shirin ne’mat ham, jonli va jonsiz jamiki mavjudot ham, nondek aziz oziqalar ham — hammasi dunyoning yagona aqlli xilqati — inson uchun yaratilgan. Xulosa shuki, dunyoda inson aziz, insondan buyuk va mo‘tabar xilqat yo‘q».
Davradagi donolar keksa hakimning fikrini: «Haq gap, chin gap», — deb tasdiq etibdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |