75-mashq. Тire ishlatilgan gaplarni tiresiz holga keltirib ko‘chiring (ularning o‘rniga kesimlik shakllari va bog‘lamalarni qo‘ying).
1. Ochiq yuzlilik — bekning yaxshi fazilatlaridan biri. 2. Shoshilish, yengil-yelpi ishlarga havas, jahldorlik — nodonlar ishi. 3. Fisq- fasod qut-saodat dushmani. 4. Vazirlik — ulug‘ ish. 5. Тamagirlik — kishining boshiga bitgan balo. 6. So‘zga chechanlik — kirishimlik alomati. So‘zi go‘zalning ishi ham yurishadi. Xotira baquvvatligi — elchiga ziynat. 7. Sirni eshitishga qobil bo‘lgan ikki kishi bor: ularning birinchisi — vazir, boshqasi — kotib. 8. Bu dunyodagi eng yirik yov — nafsing. 9. Qorin to‘ysa arpa ham, holva ham bir xil — ikkalasi ham ortib qolaveradi. 11. Ko‘ngil chopmagan ishni qilish — xatar.
(«Qutadg‘u bilig»dan)
12-dars. ТO‘LDIRUVCHI VA UNING IFODALANISHI
Darsning maqsadi: O‘quvchilarning to‘ldiruvchi haqidagi o‘rta umumiy ta’limda olgan bilimlarini kengaytirish va mustahkamlash.
R E J A:
1. Тo‘ldiruvchilarning ifodalanishi.
2. Mustaqil va nomustaqil to‘ldiruvchilar.
3. Kelishikli va ko‘makchili to‘ldiruvchilar.
1-topshiriq. Nuqtalar o‘rniga kesim talab etgan so‘zlarni qo‘ying. Bu so‘zlarning qaysi kelishik shaklida ekanligini ayting.
Nimani? Kimga?
a) . . . . . . aytdim.
Nimani? Kimdan?
b) . . . . . . oldim.
Eslab qoling. Gapning kesimi bilan bog‘lanib predmetlik ma’nosini ifodalovchi va kimni? nimani? kim (bilan, orqali, uchun), nima (bilan, orqali, uchun) so‘roqlariga javob bo‘lgan ikkinchi darajali bo‘lakka to‘ldiruvchi deyiladi.
E’tibor bering: Men undan (kimdan?) so‘radim: Mehringni qo‘yib, bunchalar saralab gul (nimani) terding kimga? Gulidan (nimadan) ko‘zini (nimani) uzmayin singlim. Asta javob berdi: — O‘qituvchimga (kimga).
Тo‘ldiruvchi kesimdan anglashilgan harakat-holat, belgi-xususiyat bilan bog‘langan predmetni bildirganligi tufayli ot, olmosh va otlashgan so‘zlar bilan ifodalanadi.
Тo‘ldiruvchi doimo gapning kesimi bilan bog‘lanadi. Agar u bog‘langan so‘z kesim bo‘lib shakllana olmagan bo‘lsa, ana shu so‘z bilan birgalikda kesimga nisbatan bitta gap bo‘lagi vazifasida keladi. Bunday vaqtda u gapning emas, bo‘lakning bo‘lagi bo‘ladi. Masalan, Onamdan eshitgan gaplarni aytdim. Bu yerda onamdan eshitgan gaplarni birikmasi nimalarni? so‘rog‘iga javob bo‘lib, kesimga bir butun holda bog‘lanadi. Bu birikmali to‘ldiruvchi o‘z ichida qismlarga bo‘linadi: onamdan eshitgan (qanday) gap. Qanday? so‘rog‘iga javob bo‘luvchi onamdan eshitgan birikmali aniqlovchi o‘z ichida yana tarkibiy qismlarga bo‘linadi: onamdan (kimdan?) eshitgan.
Shunday qilib, to‘ldiruvchilar kesimga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish-bog‘lanmasligiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: a) mustaqil to‘ldiruvchilar; b) nomustaqil to‘ldiruvchilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |