Orolqum sahrosi
Yalang‘och qishlog‘idan 24 chaqirim janubga yursangiz, Tastubek ovuli keladi. Dengiz bu yerga 4-5 chaqirimcha yaqin qolgan. Suv sho‘rligi kamayib, ayrim baliqlar qaytmoqda.
Baliq ortidan esa baliqchilar ham kelishmoqda.
Tastubeklik Duzboy ham dengiz qurigach, Qozog‘istonning boshqa hududlariga borib baliq tutgandi.
Ammo ovoragarchilikdan bezib, ot, qo‘y va tuya boqa boshlaydi.
So‘nggi yillari dengiz sho‘rligi pasayib, baliq paydo bo‘ldi.
"Qalqonbalik ko‘paygach, qalbimizda yana umid uchquni miltilladi" - deydi Duzboy - "Hozir zog‘orabaliq, laqqa va sudak ham bor".
Nega Orol dengizi quridiyu endi qaytmoqda?
Orolga quyiladigan ikki daryo - Sir va Amu suvlarini Sovet Ittifoqi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish uchun ishlata boshlaydi.
Sho‘rolar Markaziy Osiyoni, to‘g‘rirog‘i, O‘zbekistonni ulkan paxta maydoniga aylantiradilar.
O‘zbekiston - hamon dunyoning yirik paxta xomashyo bazalaridan biri.
Mustaqillik davrida mamlakat paxta ekishni kamaytirdi.
Lekin paxta ko‘p mehnat va suv talab qiladi. Hukumat har yili yuz minglab fuqarosini paxta dalasida ishlashga majburlaydi. O‘zbekiston uchun gaz va oltin qatorida paxta ham xaridori tayyor muhim mahsulotdir.
Mintaqada yetishtiriladigan ekinlardan aynan paxta va sholi uchun ko‘p suv sarflanadi.
Markaziy Osiyoning eng sersuv daryosi bo‘lmish Amudaryo esa so‘nggi yillar ichida Orolga yetmay, qurib qolmoqda.
Amudaryo - qadim yunon, arab va mo‘g‘ullarni lol qoldirgan Buyuk Oksus, hadislarda zikr etilgan jannatiy Jayxun...
Sirdaryo esa mintaqaning eng uzun daryosidir. Iskandar Zulqarnayn tezoqar Yaksartesdan o‘tolmaganini yozgan. Chingizxonga qarshi kurashgan Temurmalik uchun aynan Sayxun qo‘l kelgan.
Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi maxsus shartnoma tufayli, Sirdaryo bugun Orolga, to‘g‘rirog‘i, dengizning Qozog‘iston tarafidagi kichikkina qismiga quyilmoqda.
Orol qurirkan, paxtazorlardan oqib kelib, dengiz tubiga cho‘kkan pestitsid va boshqa zaharli kimyoviy o‘g‘itlar havoga ucha boshlagan.
Xullas, Markaziy Osiyoni o‘z xomashyo bazasiga aylantirgan Sovet Ittifoqi shu asno Orol dengizini, uning tubidagi baliqlarni, atrofidagi tabiat va jonzotlarni xarob qilgan.
Orol dengizi kichrayib, ikkiga ajraladi. Qozog‘istonda mo‘‘jazgina shimoliy Kichik Orol, janubda esa aksar O‘zbekiston hududida joylashgan Katta Orol paydo bo‘ladi.
Janubdagi Katta Orol yanada qurib, Sharqiy va G‘arbiy ko‘llarga bo‘linib ketadi.
Yaqinda, 2014 yil kuzida esa sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlar asosiy qismi O‘zbekistonda joylashgan Sharqiy Katta Orol butunlay qurib bitganini ko‘rsatdi.
Britaniyalik yozuvchi Tara Fittsjerald Orolbo‘yi xalqlari haqida kitob yozmoqda. U bir necha muddat oldin endi yo‘qolib, Orolqum sahrosga aylangan Katta Orol bo‘yiga, O‘zbekistonga borib kelgan.
"Paxtazorlarda ishlatilgan pestitsid va boshqa zaharli o‘g‘itlar odamlar ichadigan suvga tushgan" - deydi Tara - "Qoraqalpog‘istonda hatto ayollarga yosh bolasini emizmaslik tavsiya qilingan paytlar ham bo‘lgan".
"Dengiz o‘rnidagi jonsiz sahro manzarasi achinarli, ammo uning go‘zalligini ham inkor etolmaysan. O‘zingni xuddi Mirrix yo Oy ustida yurgandek his qilasan kishi..."
"O‘zbekiston tarafida qolgan dengiz o‘ta fusunkor, feruzarang" - eslaydi Tara.
"O‘zbekistondagi dengiz qoldig‘ida tuzlar shunchalik zichki, qo‘lingni qimirlatmasang ham suv seni tepaga ko‘taradi, unda cho‘kmaysan, sho‘r suv esa teringni chimchilay boshlaydi".
"O‘zbekistondagi dengiz butkul o‘lik. Unda baliq ham yashamaydi" - deydi Tara - "Daryolar quyilmaydi, yog‘in-sochin esa kam".
Ammo shimolda, Qozog‘iston tarafida dengizning mittigina qismi, Kichik Orol kengaya boshlagan.
Buning ikkita sababi bor.
Avvalo, Sirdaryo hozir Kichik Orolga quyilmoqda.
Ikkinchi omil esa - Kichik Orol suvini tutib turadigan to‘g‘on qurilgan.
Xulosa:
Har kuni o‘lik sahroga tikilib, dengizni kutayotgan odam faqat Xo‘jaboy-ota emas.
Tara Fittsjerald O‘zbekiston tarafidagi Mo‘ynoq shaharchasiga borganida, qum yutayozgan eski bandargoh xarobalari ichidan uzoqdagi zanglagan kemalarga tikilib o‘tirgan boshqa bir otaxonni uchratgan. Otaxon bir paytlar baliqchi bo‘lgan.
O‘zbekistonlik bu otaxonning bolalari bir burda non topish uchun ish izlab, boshqa yurtlarga ketishgan, kampiri esa yaqinda qazo qilibdi. Bir paytlar dengiz sohilida joylashgan ona shahri ham bugun, ta‘bir joiz bo‘lsa, "chalajon".
Otaxonning ko‘zlari shimolga, kamida 400 chaqirimga cho‘zilib ketgan, sanoqsiz kema qoldiqlari sochilib yotgan sahroga qadalgan.
"Men undan nega bunchalik sahrodan ko‘zingizni uzmaysiz, deb so‘radim" - eslaydi Tara - "Shunda otaxon men tarafga o‘girildi-da, qizim, balki astoydil tikilsam, dengiz qaytarmikan, deb aytdi".
Ammo Mo‘ynoq shahriga endi dengiz qaytmaydi. Agar biron sehrli mo‘‘jiza yuz bermasa, O‘zbekistonda endi dengiz bo‘lmaydi.
"Ko‘korol to‘g‘oni Kichik Orolni qaytarishga yordam bermoqda" - deydi Tara Fittsjerald - "Lekin bu to‘g‘on aksar qismi O‘zbekistonda joylashgan Katta Orolga o‘qilgan o‘lim hukmi ham bo‘ldi. Men gaplashgan o‘zbeklar g‘azabnok edilar. Ularning nazarida, bu to‘g‘on shimoldan keladigan yagona manba - Sirdaryo suvini to‘sib, Katta Orolga o‘tkazmay qo‘ygan va shu bois Katta Orolning sharqiy qismi butkul qurib bitgan".
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, mintaqaning eng sersuv daryosi bo‘lmish Amudaryo O‘zbekiston tarafidan hozir Orolgacha yetib bormayapti. Daryo suvi yo‘lda taqsimlanib, paxta, sholi va boshqa ekinlar sug‘orilmoqda.
Suvning bu taxlit ishlatilishini bir tomondan qoralash ham qiyin. Chunki millionlab insonlar hayoti xuddi ana shu daryo suvlariga bog‘liq.
"Agar biz Orol dengizini qutqarmoqchi bo‘lsak, unda butun mintaqa sug‘orma dehqonchilikdan butkul voz kechishi kerak" - deydi Orolni Qutqarish Xalqaro Jamg‘armasi rahbari Medad Ospanov - "Lekin bu imkonsiz-ku!"
Xolis qaralsa, fojeaning og‘ir yuki O‘zbekiston chekiga tushdi: Katta Orol, mintaqadagi eng ko‘p aholi, Sho‘ro saltanati yaratib ketgan ulkan paxta sanoati... Shunga qaramay, ayrim xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston hukumati ataydan Orolni qutqarish yo‘lida jiddiy harakat qilmadi, deyishadi.
Tanqidchilarga ko‘ra, bosh sabab - qurigan dengiz tubidan topilgan yer osti boyliklari.
U yerda hozir Rossiya va Koreya shirkatlari ish olib borishayotgani aytiladi.
Lekin o‘zbek va qozoq mutaxassislari fikricha, Sho‘ro Ittifoqi ham, xalqaro hamjamiyat ham Orol fojeasiga o‘z vaqtida yetarli e‘tibor qaratmagan. O‘zbekiston hozir dengizni qutqarish emas, balki u yerda yashayotgan insonlarni, mavjud ekotizimni asrab qolish ishlariga ahamiyat qaratmoqda.
Ekologik fojea oqibatlarini yumshatishning bir yo‘li - dengiz tubida paydo bo‘lgan ulkan sahroda saksovul ekish. Bu daraxt zaharli chang-tuzlarni tutib qolib, odamlarni turli kasalliklardan himoya qilishda yordam berishi mumkin. Ammo ekilgan saksovul ko‘chatlarining aksarisi qurib qolmoqda.
Shuningdek, sahro o‘rtasida qolgan sobiq baliqchilik jamoalarini jonlantirish uchun baliqchilik xo‘jaliklari barpo etish ko‘zda tutiladi.
Orol fojeasining O‘zbekiston tomonidagi oqibatlari aslida ulkan. O‘zbekistonda dengizni qutqarish u yoqda tursin, bor-yo‘g‘i odamlar hayotini biroz izga solish va ekotizimni yaxshilash uchungina bir necha milliard dollar mablag‘ kerak.
1980-yillarga kelib, Sho‘rolar Orol dengizi fojeasini yashira olmay qolishadi. Ayni damda, ular Orolbo‘yi xalqlarini boshqa yerlarga ko‘chirishni ham o‘ylashgan.
To‘g‘ri, bir necha ming oila o‘zga mintaqa va yurtlarda vatan tutdi. Biroq ko‘pchilik zaharlarga to‘yingan, ammo o‘z ajdodlari qo‘yilgan tuproqni tashlab ketmadi.
Bugun Qozog‘iston tarafidagi bir necha ming kishi yana dengiz qaytishini kutmoqda. Lekin qaytayotgan bu dengiz, ta‘bir joiz bo‘lsa, juda kichik dengiz. U - asil dengizning kichikkina qismi, xolos.
Orol dengizining 90% qismi esa endi yo‘q.
Orol dengizining o‘limi - odamzod paydo bo‘lganidan beri Yer sayyorasida sodir bo‘lgan eng ulkan ekologik fojealardan biri.
Bu fojeani esa biz insonlar o‘z qo‘limiz bilan yaratdik.
Orol fojiasi
Orol dengizi va Orol boʻyi hududi maʼmuriy jihatdan Oʻzbekiston (Qoraqalpogʻiston) va Qozogʻiston hududida joylashgan. Orol dengizining yarmidan koʻproq qismi Oʻzbekiston hududiga qarashli. Orolboʻyi Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismi hamda Orol dengizi atrofidagi hududlarni, shuningdek, dengiz sathining kasayishi natijasida uning shimoli-sharqiy va janubiy qismida vujudga kelgan Orol choʻlini oʻz ichiga oladi.
Orol dengizi Oʻrta Osiyoda va butun dunyodagi eng yirik shoʻr koʻllardan biri hisoblanadi. Yaqin oʻtmishda uning maydoni orollar bilan birga deyarli 68,0 ming kv km ni, suvining hajmi 1000 kub km ni tashkil etgan. Oʻrtacha chuqurligi 50,5 m atrofida boʻlgan Havzasining kattaligi (690 ming kv km) jihatdan Kaspiy dengizi, Amerikadagi Yuqorikoʻl va Afrikadagi Viktoriya koʻlidan keyin toʻrtinchi oʻrinda turgan. Orol dengizida 300 dan ortiq orollar boʻlib, ulardan eng kattasi Koʻkorol, Vozrojdenie, Borsakelmas boʻlgan. Orol dengiziga 20-asrning 60-yillarigacha Amudaryodan 38,6 kub km, Sirdaryodan 14,5 kub km, suv kelib turgan. Dengiz akvatoriyasiga yiligi 82–170 mm yogʻin yogʻadi. Dengizga 5,5 kub km erosti suvlari ham qoʻshilib turgan. Suvning shoʻrligi 10-11 % boʻlib, suv tarkibida tuzlar miqdori 11 mlrd tonna ga yaqin deb baholangan. Dengizda kemalar qatnovi mavsumi 7 oy davom etgan. Aralsk va Moʻynoq kabi yirik portlari boʻlgan. Orol dengizi atrofidagi aholi, asosan, baliqchilik, qisman chorvachilik, moʻynachilik (ondatra), sabzavot-polizchilik bilan shugʻullangan. Aralsk va Moʻynoq shaharlari va bir qancha orollarda baliq ovlash xoʻjaliklari, baliq tuzlash zavodlari ishlab turgan. Baliq ovlash oʻtgan asrning 90-yillarigacha davom etgan.
Orol dengizida qadimdan suv sathi goh koʻtarilib, goh pasayib turgan. Keyingi geologik davrda dengiz suvi koʻtarilib, baʼzan Sariqamish va Oʻzboy oʻzanlari orqali Kasbiy dengiziga quyilgan.
Orol dеngizi cho`l zonasida joylashganidan uning yuzasidan har yili 1 m3 suv bug`lanadi. Bu esa dеngizga quyiluvchi daryolar, yog`in va еr osti suvlari miqdoridan ortiqdir. Buning ustiga sug`oriladigan maydonlar satxi kеskin ortganligi tufayli Orolning nasibasi qirqildi.
Hozirgi kunda dеngizning 2906 kvadrat km maydoni qurib bitdi.
Ahvol shu tarzda kеtar ekan, 2010 yilga borib Orol dunyodagi ikkinchi o`lik dеngizga aylanadi. Tabiatning qonuniy tarziga nisbatan xo`jasizlarcha, shafqatsizlarcha, faqat olishni ko`zlab qilingan munosabat o`zining qasoskor salbiy natijasini bеrdi. Kimyoviy dorilardan ko`r-ko`rona foydalanish sababli drеnaj suvlari zaharlandi. Daryodan sug`orish uchun olinayotgan butun suv hajmining yarmi kеraksiz chiqindiga aylanib kеtayotgani sababli bir qator zaharli ko`lchalar yuzaga kеldi. Endilikda Amudaryo va Sirdaryodan kеlayotgan suvning miqdori kamaygan sari dеngiz qirg`og`idan uzoqlashib bormoqda, to`lqinlar so`nmoqda, sohillari qumloq va sho`rxoqqa aylanmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda u dеyarli dеngizga еtib kеlmayapti. Masalan, 1989 yili dеngizga umuman suv tushmagan. Orol sathi 14,5 mеtrga pasayib kеtgan. Undagi umumiy suv hajmi 400 km3 ni tashkil etib, maydoni 36 ming km2 ni egallab turibdi. Bir litr suvdagi tuz miqdori 33 grammgacha еtgan. Baliqchilik va suv transporti o`z ahamiyatini butunlay yo`qotib bo`ldi.
O`zbеkistonning Orol dеngizi atrofidagi viloyatlarda, shuningdеk Qoraqalpog`iston rеspublikasi, Turkmaniston va Qozog`istonning qator viloyatlarida (4 millionga yaqin aholi yashaydigan), sathi 900 ming kv km ni tashkil qiladigan mintaqada ekologik jihatidan nochor maydon mavjud.
Orol dengizi sathi 1960-yillardan boshlab kundan-kunga pasayib bormoqda. Foto: eco-turizm.net
Foydalanilgan adabiyotlar
1 Berg L. S. Aralskoye more, SPB,1908;
2 Shuls V. L., Mashrapov R., Oʻrta Osiyo gidrografiyasi, T., 1969;
3 Rafikov A. A.,Tetyu yan G. F., Snijeniye urovnya Aralskogo morya i izmeneniye prirodnix usloviy nizovyev Amudari , T., 1981;
4 Glazove kiy A. F., Aralskiy krizis, M., 1990;
5 Akramov 3., Rafikov A. A., Proshloye, nastoyasheye i budusheye Aralskogo morya, T., 1990;
6 Xikmatov B. F., Izucheniye dinamiki elementov vodnogo balansa i mineralizatsii Aralskogomorya, Dissertatsiya na soiskaniye akademicheskoy stepeni magistra gidrologii, T., 2003.
7 Fazliddin Hikmatov Dauletboy Aytboyev.
Do'stlaringiz bilan baham: |