Paxta terish mashinalari ishini tashkil qilish. Dala tayyorlanib, texnika sozlanib, ishga solingach, mashina terimining muvaffaqiyati va uning iqtisodiy samarasi progressiv texnologiya sxemasini tanlashga va yig’im-terim ishlarini to’g’ri tashkil etishga bog’liq bo’lib qoladi. Paxtani mashinada terish murakkab jarayon bo’lib, bir qator mashinada va qo’lda bajariladigan ishlarni o’z ichiga oladi. Mashina terimini o’tkazish izchilligi, necha marta terilganligi, sharoiti va muddati terilgan paxtaning sifatiga, shuningdek sarflangan mehnat va mablag’ga katta ta’sir etadi.
Mashina terimining oqilona texnologiyasida paxta terish mashinalarining ishga tushish vaqtini to’g’ri tanlash muhim ahamiyatga egadir.
Ko’saklar qancha ko’p ochilgan bo’lsa, terim mashinalarining ish unumi shuncha yuqori va mahsulot birligiga shuncha oz xarajat sarf bo’ladi, chunki shpindellar ko’p ko’sakdan paxta oladi; ko’sakdagi paxta toza olinadi; bunda ko’saklarning yerga to’kilishidan xavfsiramay, apparatlarning ish tirqishlari kengligini toraytirish imkoni tug’iladi. Shunda yerga paxta kamroq to’kiladi.
Birinchi mashina terimi tuplardagi 70-75% ko’saklar paxtasi ochilgandan keyin boshlanadi. Ilg’or xo’jaliklarning ish tajribasi va ilmiy tadqiqot tashkilotlarining ma’lumotlariga ko’ra, ochilgan paxtani ikki qayta terish iqtisodiy jihatdan samarali bo’ladi. Ikkinchi mashina terimi birinchi terimdan 12-15 kundan so’ng boshlanadi.
Mashinalar guruhining ishini tajribali mexanik-haydovchi boshqaradi. Guruh rahbari mashinalarning ish sifatiga javobgar bo’ladi, mexanik-haydovchilarga mashinalarni rostlash, nuqsonlarni yo’qotish va boshqa ishlarda yordam beradi. U ustaxona va mashinalarga xizmat ko’rsatuvchi ko’chma avtoustaxonalar bilan aloqa bog’laydi, mashinalar yo’nalishlarini o’zgartirish, paxtani bunkerdan bo’shatish joylarini tanlash, traktorbop priseplardan unumli foydalanish bilan bog’liq bo’lgan barcha tezkor masalalarni hal etadi.
Paxta hosilini potok usulida yig’ib-terib olish uchun talab etiladigan traktorbop priseplar miqdori guruhdagi paxta terish mashinalarining soni va daladan tayyorlov punktigacha bo’lgan masofaga qarab quyidagi formula bo’yicha hisoblanadi:
N=Qxn (T1+T2)/ 1600 (9.8)
bu yerda: Q- bitta paxta terish mashinasi bilan har soatda teriladigan paxta og’irligi, kg/soat;
guruhdagi mashinalar soni;
T1-dalada prisepga paxta ortish uchun ketgan vaqt, soat;
T2-prisepning daladan tayyorlov punktiga borib qaytish vaqti, soat.
Qatorlarga kirishdan oldin mexanik-haydovchi kartani ko’rib chiqishi va uning mashina terimiga to’g’ri tayyorlanganiga ishonch hosil qilishi kerak. Karta ichidagi ariqlar, uchastkaga kirish joylarining tekisligiga alohida e’tibor berishi, zarur bo’lsa, qayta tekislashni talab qilishi lozim, shundan keyin guruh boshlig’i mexanik-haydovchilar bilan birgalikda kartani eni bo’yicha uchastka va taxtalarga bo’lib chiqadi. Bitta mexanik-haydovchiga ajratilgan uchastkadagi qatorlar soni tanlangan kartaning eniga qoldiqsiz bo’linadigan bo’lishi kerak.
8.1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |