O’qituvchi: Mening qo’limda uch dona konvert bor. Har birida muayyan mavzu mavjud. Marhamat, bitta mavzuni tanlab, mini-munozara tashkil eting.
Munozara mavzulari:
Kamolotli farzand tarbiyasining sarchashmasi oiladan boshlanadi.
Qush uyasida ko’rganini qiladi...
Jamiyat farovonligi - oila farovonligidir.
( mavzulardan biri tanlanadi va mini-munozara qatnashchilari belgilanadi)
Auditoriyadagi talabalar diqqatiga savol:
Ushbu mini-munozarada oilaning qaysi funksiyasi to’g’risida fikr bayon qilinyapti?
Munozarani diqqat bilan tinglang va mushohada qiling. Bildirilgan fikrlarga munosabatingizni tarqatilgan rangli kartochkalar orqali izhor eting.
(Ko’k rangli kartochkalar - tasdiq ma’nosini,
Sariq rangli kartochkalar - inkor ma’nosini,
Qizil rangli kartochkalar -savol va jumboq, e’tiroz ma’nosini bildiradi)
Mini-munozara boshlanishidan oldin mavzuga taaluqli videofilm namoyish etiladi.
Savol: Videofilmda ko’rsatilgan kadrlarga e’tibor bering. U sizga qanday ta’sir qildi? O’z fikringizni bayon qiling.
Munozaradan so’ng videokasseta orqali ekspert xulosasi tinglanadi.
Xo’sh jamiyatdagi o’zgarishlar oilaga o’z ta’sirini ko’rsatadimi?
Jamiyatdagi o’zgarishlar, yangiliklar va rivojlanish albatta oilaga ham o’z ta’sirini o’tkazadi. Mustaqil diyorimizda esa oila taraqqiyoti va farovonligi yo’lida tinimsiz ishlar olib borilmoqda. Bunga misol tariqasida qator yillarning «Oila yili», «Ona va bola yili», «Ayollar yili», «Soglom avlod yili», «Obod mahalla yili», yangi 2004 yilning «Mexr va Muruvvat yili» deb e’lon qilinganligini ham e’tirof etishimiz joiz.
Xuddi shuningdek, oiladagi o’zgarishlar ham jamiyatga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Shu munosabat bilan hukumatimiz ishlab chiqqan tadbirlar oilani ijtimoiy muhofaza qilish, oilada yoshlar tarbiyasiga e’tibor kuchaytirish, oilaning huquqiy tamoyillarini kengaytirish va oilalarni mustahkamlash bilan bog’liq masalalarga karatildi.
Talabalar diqqati doskadagi Prezident I.A.Karimovning «Xalqimiz qadim-qadimdan oilani muqaddas deb bilgan. Oila ahil va totuv bo’lsa, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikka erishiladi, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi». «Oila farovonligi - milliy farovonlik asosidir» degan so’zlariga qaratiladi.
Shunday qilib, shaxsning har tomonlama kamol topishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilsagina oila tarbiyasi muvaffaqiyatli bo’ladi.
Qadimdan ham, bugun va ertaga ham, bundan keyin ham aqlli, farosatli, tafakkuri chuqur bir so’z bilan aytganda, kamolotli farzand tarbiyalash masalasi dolzarbdir. Bunday tafakkurga boy kamolotli farzand tarbiyasining sarchashmasi oiladan boshlanadi. Oila tabarruk qal’adir.
A.Munavvarov fikricha «Oila jamiyatning boshlang’ich ijtimoiy bo’g’ini sifatida murakkab tarkibga ega bo’lib, u o’z faoliyatida oila a’zolarining ehtiyoji va qobiliyati, turli faoliyatning maqsad va vazifalarinigina emas, balki tarbiyaviy faoliyatni ham aks ettiradi»12
Oilashunos olimlar: G’.B.Shoumarov, N. Sog’inov,E. Sattorovlar oilaning maqsadi: barkamol avlodni voyaga yetkazish va jamiyat ravnaqiga hissa qo’shish, deb ta’kidlaydilar.
Demak, oilaning asosiy maqsadi ham ma’naviy, ham iqtisodiy jihatdan oilaviy ahvolni rivojlantirish, jamiyatga sog’lom, aqlli, har tomonlama barkamol farzand tarbiyalash. Jamiyatdagi barcha yutuqlardan foydalangan holda, undagi illatlarni tag-tomiri bilan yo’q qilishda faol ishtirok etish. Oila qal’a ekan, bu qal’ada bekinmachoq o’ynamaslikni, yoshlikdan o’yinqaroqlik, beboshlik, erkalik, beparvolik o’rnini sezgirlik, mas’uliyat, andisha, javobgarlikni sezish kabi fazilatlar egallashi lozimligini tushunish kerak. Buning uchun o’zimizda ma’suliyat hissi ko’nikmasini his qilishimiz zarur.
Yosh avlodning hayotdagi ko’p qismi oilada o’tadi. Shu boisdan turmushning murakkab muammolari bilan oilada tanishadilar.
Oiladagi mavjud an’analar, urf-odatlar, rasm-rusmlar va marosimlarning ijobiy ta’sirida yigit-qizlar asta-sekin kamol topib boradilar. An’ana va marosimlar tarbiyaning qudratli quroliga aylanadi.
Oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiya bilan uzviy aloqada bo’lsagina o’sib kelayotgan yosh avlod farovonligini ta’minlashi mumkin. Oila tarbiyasidagi yutuqlar ota-onalarga pedagogik bilimlar berish, oilaviy tarbiya bo’yicha tajribalar almashish, ota-onalarni tarbiyaviy ishlarga qizg’in jalb qilishga ham bog’liqdir. Har bir ota-ona o’z farzandini tarbiyalash borasidagi burch va mas’uliyatlarini chuqur anglashiga bog’liq.
Bundan tashqari normal oilaviy muhit, ota-onaning obro’si, to’g’ri kundalik rejim, bolani kitobga va o’qishga, mehnat qilishga o’z vaqtida jalb qilishlari ham muvoffaqqiyat garovidir.
Shunday qilib, oilaning jamoatchilik bilan hamkorligining o’rni beqiyosdir. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida «Oila jamiyatning asosiy bo’g’ini ekanligi (3-bo’lim, 14-bob, 63-modda)13 qayd etilgan. Mustaqillik izohli ilmiy ommabop lugatida «Oila- kishilar hayotining eng muhim qismi, jamiyatning kichik hujayrasi, ijtimoiy-madaniy organizm»14 ekanligi qayd etilgan.
Mustaqillik munosabati bilan o’zbeklarning oilaviy hayotida urf-odatlar, an’analar qayta tiklandi( beshik to’ylari, to’y-aza munosabatlari va h.k). Bunday urf-odatlar oilani mustahkamlashning qo’shimcha yo’llaridan biridir. O’zbekiston hukumati va shaxsan prezident I.A.Karimov oila masalalariga doim diqqat-e’tibor berib kelmoqdalar. (Masalan, «Sog’lom avlod uchun» ordenining ta’sis etilishi, maxsus Respublika bolalar jamg’armasining bunyod etilishi, ko’p bolali onalar uchun qo’shimcha moddiy yordam ko’rsatish va shu kabi tadbirlar). Davlatning oilaga bunday munosabati tushunarlidir. Chunki, oilalarning serfarzandligi jihatidan O’zbekiston MDH davlatlari ichida Tojikistondan keyin ikkinchi o’rindadir.
Oilaning jamoatchilik bilan hamkorligi yaqin bo’lgandagina sog’lom g’oyalar, siyosiy ong va huquqiy madaniyat, mustaqil fikrlash, iymon, e’tiqod kabi tushunchalar ravnaqiga yetishadi. Bunda mahalla, bobolar va momolar tarbiyasi I.Karimov ta’kidlaganlaridek demokratiya darsxonasi bo’lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |