Boshlovchi ko’rsatmasi: “Hozir har biringiz sizga berilgan qog’ozchaga o’z ismingiz va qiziqishingizni yozing. Yozib bo’lgach esa bittama-bitta doskaga chiqib, doskada chizilgan sinf rasmidan o’zingiz xohlagan joyga qog’ozingizni yopishtiring, ya’ni sinfdagi o’z o’rningizni ko’rsating”.
Har bir ishtirokchi ushbu vazifani bajarib bo’lgach, muhokama qilinadi. O’zini pastga ilgan bolalardan bu holatning sababi so’raladi.
“Salbiy xususiyatlar” mashqi
Maqsad: Insonning o’zini namoyon etish sharoitlarini yaratish, o’ziga bo’lgan ishonchni shakllantirish.
Ishtirokchilar doira bo’lib o’tiradilar.
Psixolog: Nima deb o’ylaysiz, qaysi xususiyat insonning muloqotga kirishishiga, shaxslararo munosabatlarda o’z o’rnini topishiga xalaqit beradi? Ushbu xususiyatlardan eng asosiy va jiddiy 3 tasini sanang (masalan, uyatchanlik, agressiya, o’z-o’zini past baholash).
Guruh a’zolari bilan muhokama qilinadi. Aytilgan fikrlar ekranga yozib boriladi. Barcha guruh ishtirokchilari fikrlarini bildirib bo’lgach, birma-bir bu holat tahlil qilinadi. So’ng bir salbiy xususiyat o’qilib, ushbu holatning ma’lum vaziyatlardagi ijobiy jihatini topishga harakat qiladilar. Bunda har bir ishtirokchi bir-birini takrorlamagan holda ushbu holatning biron bir ijobiy tarafini sanaydi.
Uyatchanlik - odob-axloq, madaniyatlilik belgisi, insondagi salbiy jihatlarni berkitishga yordam beradi. Agressiya-o’z- o’zini va o’z fikrini himoya qilish usuli . Bunday insonlarning ko’pincha ehtiyojlari qondiriladi
O’z-o’zini past baholash- ular o’zlaridan qoniqmagan holatda doim olg’a intiladilar, o’zlarining boshqa imkoniyatlarini ishga solishga harakat qiladilar.
“Shaklni aniqla” mashqi
Maqsad: Idrok illuziyasini ko’rsatish orqali insonning vaziyatni ham doimo to’g’ri idrok eta olmasligini, turli noxush kechinmalar vaziyat orqali emas, balki o’sha vaziyatga bo’lgan insonning munosabati orqali kelib chiqishini tushuntirish.
Ishtirokchilarga turli shakllar ko’rsatiladi. O’sha shakllarni qanday idrok qilayotgani so’raladi. Bu mashq idrok illyuziyasiga asoslangan bo’lib, biror tasvir boshqa tasvirlar ta’sirida haqiqatdan o’zgacharoq idrok etiladi. O’quvchilarda ham bu holat kuzatilgach, ularga quyidagi fikr bildiriladi.
Hayotda ko’zingiz bilan ko’rgan har qanday narsa har doim ham haqiqat bo’lavermaydi!!!
Psixolog: Vaziyatni inson har doim ham to’g’ri idrok etmasligi mumkin. Bu holatga yo’l qo’ymaslik uchun vaziyatni har taraflama o’rganib chiqish, tasvirning ikkinchi tomonini ham ko’rishga o’rganish lozim.
“Juftingni top” mashqi
Maqsad: Ishtirokchilarning boshqalarga bo’lgan diqqat-e’tiborini kuchaytirish, o’z holatini namoyon qila olish qobiliyatini rivojlantirish.
Guruh a’zolari ikki guruhga bo’linadilar.
Ko’rsatma: Ishtirokchilarga biror his-tuyg’uning nomi yozilgan qog’ozchalar tarqatilib chiqiladi. Bitta tuyg’uning nomi ikkita qog’ozga yozilgan (masalan, “xursandchilik” deb yozilgan qog’oz tushsa bilingki, ikkinchi guruhdagi qatnashchilardan yana bittasida shunday qog’oz bor).
“Qog’ozingizda yozilgan narsani o’qing. O’qiyotgan narsangiz faqat o’zingizga ma’lum bo’lsin. Endi qog’ozlarni yig’ishtirib qo’yish mumkin. Endi esa har biringiz juftingizni topishingiz kerak. Bunda xohlagan tana xatti-harakatlaridan foydalanishingiz mumkin. Ammo gapirish yoki ovoz chiqarish ta’qiqlanadi. Ya’ni, har bir qilayotgan harakatlarimizni indamasdan, tovushsiz bajarishimiz kerak, ikkinchi guruhdagi o’z juftingizni topgandan so’ng u bilan alohida chiqib turasiz. Sherigini topa olmagan ishtirokchi o’z joyida qoladi”. Shu tariqa guruhlarda ishtirokchilar soni kamaya boradi. Eng ko’p ishtirokchilari qolgan guruh yutqazgan hisoblanadi. Odatda bu mashq juda quvnoq o’tadi. Natijada guruh a’zolarining kayfiyati ko’tariladi, ishchanligi oshadi.
“Men birinchiman” mashqi
Do'stlaringiz bilan baham: |