b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi G‘afur G‘ulom 1903-yilning 10-may kuni Toshkentning Qo‘rg‘ontegi mahallasida tug‘ildi. U endigina 9 yoshga kirganda otasi g‘ulom Mirza Orif o‘g‘li vafot etadi. Oradan olti yil o‘tar-o‘tmas bir etak bola mehribon onadan ham ayriladilar. Ukalari va singillari bilan yolg‘iz qolgan G‘afurning «qilmagan xizmati, tutinmagan ishi» qolmaydi. U oilani boqish uchun kosiblik, mixkorlik, aravakashlik qiladi, bosmaxonalarda harf teruvchi bo‘lib ishlaydi. Biroq G‘afur G‘ulom hayotning bu sinovlari qarshisida dovdirab qolmadi. U o‘zidagi iqtidorni faqat ma’rifat orqali ro‘yobga chiqarish mumkin ekanligini juda erta angladi. Avval boshlang‘ich maktabda, keyin o‘sha paytda urf bo‘la boshlagan rus-tuzem maktabida o‘qidi. Muallimlar tayyorlaydigan maktabni ham bitirgach, avval o‘qituvchilik, so‘ng jurnalistlik qildi.
1914-yilda boshlangan Birinchi jahon urushi xalqning shundoq ham og‘ir hayotini butunlay izdan chiqardi. Garchi bu urush bizning yurtimizdan uzoqda - Yevropa maydonlarida kechgan bo‘lsa-da, Rossiya mustamlakachilari urush ortidagi turli qora ishlarni bajarish uchun bizning o‘lkamizdan ham erkaklarni majburan mardikorlikka olardi. Boquvchisiz qolgan xonadonlar, ayollar va bolalar tirikchilik o‘tkazishga nihoyatda qiynalar, o‘lkada yetishtiriladigan aksariyat noz-ne’matlarni chor hukumati turli bahonalar, aldovlar bilan tashib ketardi. Shaharlarda ishsizlik, qimmatchilik va qahatchilik avj olgandi. Ko‘chalarda daydib yurgan tilanchilar va gadoylar safiga urush bo‘layotgan o‘lkalardan non qidirib qochib kelgan yuz minglab och aholi qo‘shilgandi. Bag‘ri keng o‘zbek xalqi ularga boshpana, o‘z bolalari rizqidan qiyib bo‘lsa-da, osh-non berardi. Rejissor Shuhrat Abbosovning «Toshkent — non shahri» filmini tomosha qilsangiz, bu voqealar ko‘lami va dahshatini yanada yaqindan his qilasiz. Ushbu og‘ir kunlarning barchasini yosh G‘afur o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgani, yuragidan o‘tkazgani tufayli ham uning qalbida insonparvarlik, yetimparvarlik hislari juda erta uyg‘ondi. Shoirning o‘zi aytishicha, uning dastlabki she’riy mashqlari ham aynan yetim bolalarga bag‘ishlab yozilgan edi. G‘afur G‘ulom she’rlar bilan birga o‘nlab hikoyalar, «Netay», «Yodgor», «Tirilgan murda» singari qissalar ham yozdi. Ikkinchi jahon urushi paytida esa adibni dunyoga tanitgan mumtoz she’riy asarlari — «Kuzatish», «Sen yetim emassan», «Vaqt», «Sog‘inish», «Onalar» singari she’rlari yaratildi. Uning yana bir mashhur asari — «Shum bola» qissasi 1936-yilda yozilgan bo‘lsa-da, 60-yillarda adib uni qaytadan ishladi, yanada sayqalladi. G‘afur G‘ulom Sharq mumtoz adabiyotining, zamonaviy O‘zbek she’riyatining katta bilimdoni edi. Shu sababli ham u Oybek va Hamid Olimjon bilan birga 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangandi. Adib 1966-yilning 10-iyunida og‘ir xastalik tufayli vafot etgan. G‘afur G‘ulom O‘zbek adabiyoti, fani va madaniyatining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov Farmoni bilan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. 2003-yilning may oyida esa G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. Shoirning o‘zi «Vaqt» she’rida bashorat qilgan ezgu istaklari aynan mustaqillik yillarida ro‘yobga chiqdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |