Aim.Uz
O’quvchilar jamoasining shaxs rivojlanishidagi o’rni
R E J A:
1. «Inson», «shaxs», «individ» tushunchalari.
2.Jamoaga qo’yilgan umumiy talablar.
3.Sinf jamoasini jipslashtirish va shakllantirish yo’llari.
4.Jamoaning bolalar tarbiyasiga ta’sir ko’rsatish shakl va usullari.
Ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarning mahsuli, ongli faoliyatning sub’ekti bo’lmish individga shaxs deyiladi. (Mazkur qo’llanmaning « Shaxsning biologik va psixologik rivojlanishi» mavzusida shaxs to’g’risida fikr bildirib o’tgan edik.) Jamiyatda rivojlanuvchi, til yordamida boshqa odamlar bilan munosabatga kirishuvchi odam shaxsga - voqelikni biluvchi hamda faol o’zgartiruvchi sub’ektga aylanadi. Odamning insonlik jinsiga mansubligi individ tushunchasi bilan ifodalanadi. Xo’sh, shaxs va individ bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? degan savolga fikr bildiraylik.
«... Normal odamlarni ham, chaqaloqlarni ham, tilni va oddiy malakalarni o’zlashtira olmaydigan telbalarni ham individ deb atash mumkin. Biroq bulardan faqat birinchisigina shaxs, ijtimoiy mavjudot hisoblanadi, ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchi va ijtimoiy taraqqiyotda faol qatnashuvchi odamgina shaxs deb ataladi»,- deb ta’kidlashadi A.V. Petrovskiy, L.S. Rubinshteyn, A.Ya. Kolomenskiylar.
«Ijtimoiylashuv- bu chaqaloqning boshqa odamlar bilan muloqatga kirishish orqali o’zini anglaydigan, o’zi tug’ilgan madaniyatni tushunadigan aqlli mavjudotga aylanish jarayoni».
Zigmund Freyd o’z asarlarida bayon qilgan nazariyaga ko’ra, bola agar atrof-muhitning talablari va ong ostidagi qudratli mayllarni muvozanatda ushlab tura olsagina, mustaqil mavjudotga aylanadi. Bizning o’zimizni anglashga bo’lgan qobiliyatimiz ongsizlik xurujlarini bosish yo’li bilan rivojlanadi.
J.G. Mid fikriga ko’ra bola boshqalar uning o’ziga nisbatan o’zlarini qanday tutayotganliklarini ko’rib, o’zini alohida mavjudot sifatida anglay boshlaydi. Keyinroq, o’yinlarda qatnashib, o’yin qoidalarini o’rganib bola «umumlashtirilgan o’zga»- umumiy qadriyatlar va madaniy me’yorlarni tushuna boshlaydi.
Jan Piaje bolaning dunyoni ongli idrok etish qobiliyatining rivojlanishida bir nechta asosiy bosqichlarni ajratib ko’rsatadi. Har bir bosqich yangi bilish qobiliyatlarini o’zlashtirish bilan tavsiflanadi va oldingi bosqichning muvaffaqiyatliligiga bog’liq bo’ladi. Piaje fikriga ko’ra, kognitiv rivojlanishning bu bosqichlari ijtimoiylashuvning umumiy xususiyatlari hisoblanadi.
Ijtimoiylashuv agentlari- bu eng muhim ijtimoiylashuv jarayonlari yuz beradigan tuzilmaviy guruhlardir. Barcha madaniyatlarda bola ijtimoiylashuvining asosiy agenti oila hisoblanadi. Bundan tashqari, tengdoshlar guruhlari, maktab, ommaviy axborot vositalari ham ijtimoiylashuv agentlaridir.
Shuni ta’kidlash joizki, ijtimoiylashuvda jamoaning o’rni beqiyosdir. «Jamoa ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyat uchun jipslashgan o’quvchilarning guruhidir»
Quyidagi chizmada mavzuga oid kategoriyalarning tahlilini keltiramiz:
Jamoaga qanday talablar qo’yiladi? degan savol tug’ilishi mumkin.
Sinf faqat o’quv faoliyati birligi bo’libgina qolmasdan, balki o’quvchilarga tarbiya berishni tashkil etishning muhim jamoa shakli hamdir. Z. Qo’ziyevning fikricha «jamoaga qo’yilgan umumiy talablarga ko’ra jamoa a’zolari quyidagilardan qoniqish hosil qilishlari kerak:
o’zaro munosabatlardan;
o’qish va mehnat jarayonidan;
rahbarlikdan;
uyushqoqlikdan;
ongli intizomdan;
oqilona va foydali faoliyatdan;
xotirjamlikdan;
o’z qadr-qimmatini saqlashdan;
jamoa bilan faxrlanishdan;
himoyalanganlikdan.
Jamoa a’zolariga:
ixtiyoriylik;
demokratik faoliyat;
so’z erkinligi;
tashabbuskorlik;
mastaqillik;
faollik;
ijodiy faoliyat ko’rsatishlari uchun imkoniyat yaratilishi kerak»1.
Jamoa va unga qo’yilgan talablar haqida gapirar ekanmiz, turli yoshdagi sinflarda jamoa tashkil etishning farqli tomonlari bormi? Ularning o’ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat? degan savol tug’ilishi tabiiy.
O’quvchilar jamoalarini tuzish guruhlarda, sinflarda turli farqlar bilan amalga oshiriladi. Shuning uchun barcha sinflar uchun bir xildagi yo’l-yo’riqlarni belgilab bo’lmaydi.
Ayniqsa, boshlang’ich, V va IX sinflarda o’quvchilar jamoasini tashkil etish va jipslashtirish katta qiyinchiliklar tug’diradi. Bu sinflarda ko’pincha o’quvchilar tarkibi mutloq yangi yoki qisman o’zgaradi. Shuning uchun o’quvchilar
jamoasini yangidan tuzishga to’g’ri keladi.
VI-VII sinflarda o’quvchilar faollari kengayib boradi. Ular ko’proq jamoatchilik ishlarida qatnashadilar, o’zlarining axloqiy tajribalarini boyitadilar, mehnat qilish malakalari va ko’nikmalarini rivojlantiradilar.
Sinf rahbari quyi va o’rta sinflarda bu ishlarni amalga oshirishda bolalar va o’smirlar uyushmasiga, yuqori sinflarda «Kamolot» tashkiloti yordamiga tayanadi.
Sinf jamoasini qanday yo’llar bilan jipslashtirish, shakllantirish mumkin?
Sinf jamoasini uyushtirish yo’llari quyidagilar:
1. Jamoatchilik topshirig’i berish;
2. Sinf faollarini to’g’ri tanlash;
3. O’quvchilarni istiqbolga chorlash;
4. Sinfda ijobiy an’analarni qaror toptirish;
5. O’quvchilarga yagona talablar qo’yish.
Jamoatchilik topshirig’i. Jamoa bo’lib ishlash, amaliy faoliyat ko’rsatish sinf jamoasini jipslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu faoliyat sinf jamoasi hayotini mazmundor va qiziqarli qiladi. Sinfdagi barcha o’quvchilarga, hatto qoloq, intizomi bo’sh o’quvchilarga ham jamoat topshirig’i berish kerak.Bu bolalarni mehnatsevarlik, tejamkorlik va tartib-intizomga o’rgatadi.
Jamoani uyushtirishga oid quyidagi muammoli pedagogik vaziyatga munosabat bildirsak:
Muammoli pedagogik masala yechish:
Yosh o’qituvchini 1X sinfga sinf rahbari etib tayinladilar. Bu ancha murakkab bo’lgan va yaqinda tashkil topgan sinf edi. Sinf jamoa bo’lib uyushmagan, o’quvchilar tarqoq edi. Sinf rahbari ularni sinf va maktab ishlarini bajarishga chorlash bilan uyushtirishga harakat qildi. Bunga kuzgi ekskursiya ham yordam berdi. Bu o’qituvchiga har bir bolaning qiziqishi va imkoniyatini bilishga sharoit yaratdi. Sinfda tashkil etilgan xar bir tadbir o’zaro sog’lom munosabatlarni o’rnatishga, yuqori sinf o’quvchilarining jamoadan talablarini qondirishga qaratilgan edi. Sinf o’quvchilaridan biri o’z inshosida shunday yozadi: «Men sinfga faqat o’qish uchun bormayman. Bu yerda mening doimo yordamga tayyor bo’lgan do’stlarim bor. Ilgari mening faqat ko’chada do’stlarim bor edi. Ular bilan juda ma’nisiz hayot kechirgan ekanman. Meni unday hayotdan sinfim olib chiqdi. Men go’zallikni qadrlashga, odamlarni sevishga, ularning mehriga ishonishga, o’z hatti-harakatim uchun javob berishga o’rgandim. Men sinfimga biror -bir ziyon yetkazishdan xavotirlanaman».
Yosh o’qituvchi faoliyatini tahlil qiling. Ancha tarbiyasi murakkab bo’lgan sinfda ijobiy natijalarga erishishga nima yordam berdi deb uylaysiz?
Sinfdagi faollarni aniqlash .Sinf rahbari dastlabki kunlardanoq o’quvchilarni jamoat topshiriqlari orqali kuzatib boradi. Ular ichidan faol bolalarni tanlab oladi. Shunday ongli, tashabbuskor, tashkilotchi, a’lochi o’quvchilardan sinf faollarini saylaydi.
Jamoat ishini faqat faollar zimmasiga emas, balki barcha o’quvchilar orasida taqsimlash maqsadga muvofiqdir. Faollarni tanlashga oid muammoli pedagogik vaziyatlarni yechishga harakat qilib ko’raylik:
Muammoli pedagogik masalalar yechish
1-masala.
Sinfda qator yillar davomida saylangan kat’iy «faollar» boshqarib, «passiv»lar unga bo’ysinib keldi. Lekin keyin ular bu holatga qarshi chiqa boshlashdi. Yangi sinf rahbari oldingi o’qituvchining xatosini to’g’rilash maqsadida kat’iy chora ko’rdi. Sinfda qayta saylov o’tkazilib, «faollar» o’rnini «passivlar» egalladi. Lekin bir-ikki haftadan so’ng saylov o’zini oqlamaganligi aniq bo’ldi. Yangi faollarning bir qismi o’z majburiyatini bajarishdan bosh tortsa, ikkinchi qismi kuch bilan tartib o’rnatishga harakat qilishdi. Sinfda yangi guruhlar tashkil topib, «passivlar» ikki barobar ortdi.
O’qituvchi qanday xatoga yo’l qo’ydi? Bu vaziyatda qanday yo’l tutish kerak edi? Qanday hol aktiv jamoani jipslashtirishga yordam berardi? Maktabda o’z-o’zini boshqarishning qanday xususiyatlari bor?
2-masala.
VI B sinf rahbari o’quvchilar o’rtasida norasmiy so’rov o’tkazishi natijasida kamsuqum Anvar sinfdagi eng faol Baxtiyordan ko’ra katta obro’ga ega ekanligini aniqladi. Baxtiyor sinfkom edi.
Shunga asoslanib Baxtiyor noto’g’ri saylangan, uni Anvar bilan almashtirish kerak degan xulosaga kelish mumkinmi? Sinf rahbari qanday yo’l tutishi kerak?
O’quvchilarni istiqbolga chorlash. Istiqbol - bu yorqin qiziqarli va quvonchli voqealar manzilidir. Sinfda yorqin va jozibador istiqbollarning bo’lmasligi, bu jamoada bir xillik va zerikarli holatlarni keltirib chiqaradi.
Istiqbol odatda, oddiy kundalik ishlar: sinf xonasini jihozlash, kutubxona tashkil etish, musobaqalarga tayyorlanishdan boshlanib, sayr-tomoshalarga chiqish, kino, teatrlarga jamoa bo’lib borish orqali davom ettiriladi. So’ngra murakkabroq istiqbolli vazifalar qo’yiladi: kecha tayyorlash, dramatik to’garak tashkil qilish, olimpiadalarda qatnashish, sovrinlarni («Zulfiya», «Nihol»kabi) qo’lga kiritish uchun harakat qilish kabi.
Sinfda ijobiy an’analarni qaror toptirish deganda nimani tushunasiz?
«An’ana» asli arabcha so’z bo’lib, uzoq zamonlardan beri avloddan-avlodga, otalardan bolalarga o’tib davom etib kelayotgan urf-odatlar, axloq mezonlari, qarashlar va shu kabilardir»2. Bu jamoa hayotiga mustahkam o’rnashib qolgan ijobiy tajribalardir. Turli bayramlarni nishonlash, ijodiy ko’riklar tashkil etish, maktabni bitirganlar bilan uchrashuvlar, tug’ilgan kunlarni muborakbod etish kabi an’analar bo’lishi mumkin.
Har qanday an’ana sinf o’qituvchilari va ota-onalar nazaridan chetda qolmasligi kerak. Ular qo’llab-quvvatlagan taqdirdagina bu boqiy an’anaga aylanadi. Yaxshi an’ana sinf jamoasining jipslashuviga ko’maklashadi.
O’quvchilarga yagona talablar qo’yishning jamoani jipslashtirishdagi ahamiyati qanday?
O’quvchilar jamoalarining tarbiyalanganlik darajalari pastligi ko’pincha maktabda o’quvchilarga qo’yiladigan Yagona talablarning yo’qligi bilan izohlanadi. Yagona talablar o’quvchilarda javobgarlik munosabatini, yuksak o’zaro talabchanlikni tarbiyalashga, ularda yuksak axloqiy odatlarni tarkib toptirishga , mustahkam an’analar yaratishga yordam beradi.
Yagona talablarni ishlab chiqishda o’quvchilarning o’zlari, sinf rahbari, ota-onalar qatnashishlari mumkin. Uni tuzishda har bir maktabning o’ziga xos xususiyatlari, mahalliy imkoniyatlari hisobga olinishi zarur. Yagona talablar buyruqbozlikka nisbatan katta afzalliklarga ega. U barcha o’quvchilar tomonidan g’oyat adolatli deb idrok etiladi, tirishqoqlik bilan bajariladi.
XULOSA: Sinf jamoasining shakllanishi va uning rivojlanib, uyushib borishida o’qituvchining roli juda katta. U jamoani tarbiya maqsadiga muvofiq rivojlantirishga yo’naltiradi.
Jamoaning faoliyatida sinf faollarining o’rni ham muhim bo’lib, ishonchli, ishchan faollarni tanlash uchun o’qituvchi o’quvchilarning faoliyatini, sinf ishlariga kim qanday munosabatda bo’lishini kuzatishi, har bir o’quvchi bilan shaxsan suhbatlashib ijtimoiy ish bilan shug’ullanish istagini bilishi, ishning uddasidan chiqadigan bolalarni aniqlashi zarur. Jamoani uyushtirishda jamoatchilik topshirig’idan, o’quvchilarni istiqbolga chorlash, sinfda ijobiy an’analarni qaror toptirish va o’quvchilarga yagona talablar qo’yishdan o’z o’rnida foydalana olishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |