Cho’kish.
Nafas yo’llari suvga to’lib qolishi natijasida nafas va yurak faoliyatini buzilishiga cho’kish deyiladi. Cho’kish uchun yuzni ko’lmak suvga, tog’oradagi suvga, chelakdagi suvga tushirish kifoya. Lekin, odatda cho’kish katta suv havzalarida cho’milish oqibatida bo’ladi. Charchash, uzoq masofalarga suzib ketish, shikastlanish-shung’iganda tosh yoki qattiq jismlarga urilish cho’kishga olib kelishi mumkin. Mast holatda cho’milish ham cho’kishga olib keladi. Cho’kishda gipoksiya (kislorod etishmovchiligi) natijasida ro’y beradigan og’ir patologik o’zgarishlar o’limga olib keladi.
Cho’kkan odamning yuragini to’xtab qolishi yurak qorinchalarining fibrillyatsiyasi (titrashi) natijasida bo’ladi. Chunki suvda cho’kkanda o’pka orqali qonga ko’p suyuqlik o’tadi, qonni suyultiradi, gemolizlaydi, ionlar muvozanatini buzadi (natriy ionlarning kontsentratsiyasi kamayadi). Bunday hol gipoksiya sharoitida yurakning qorinchalari fibrillyatsiyasiga olib keladi. Natijada yurak, keyin nafas to’xtaydi.
Dengiz suvida cho’kkanda suvning gipertonikligi (sho’rligi)tufayli suv o’pkadan qonga o’tmaydi, balki undagi tuzlar qonga o’tib, qondagi plazmaning
oqsili o’pkaga o’tadi. Bunda yurakqorinchalari fibrillyatsiyasi bo’lmaydi. Avval nafas to’xtaydi, keyin yurak.
Cho’kkandan keyin 3 minutdan 30 minutgacha bo’lgan vaqt ichida tiriltirish mumkin. Bu vaqt suvning haroratiga, markaziy nerv sis-temasining cho’kishdan oldingi holatiga (qo’zg’algan yoki tormozlangan) bog’liq.
Cho’kishning taxminan quyidagi asosiy turlari farqlanadi:
Haqiqiy (nam) cho’kish: odamning nafas yo’llari va o’pkasi suv bilan to’ladi, terisi ko’karib ketadi, og’iz va burnidan ko’piksimon suyuqlik ajralib chiqadi. Tezlik bilan 3-6 daqiqa ichida yordam ko’rsatilsa, cho’kkan odamni hayotga qaytarish mumkin.
Yolg’on (quruq) cho’kish: ovoz boylamlarining qisqarishi (spazm) natijasida suv o’pkaga o’tmaydi, teri ko’karishi deyarli sezilmaydi. Bunday cho’kishlarda hushdan ketish kuzatilib, cho’kkan kishi birdan suv havzasining tubiga tushib ketadi.
Sinkopal (oq) cho’kish: yurak va nafasning birdan to’xtashi oqibatida o’lim yuz beradi. Bunday cho’kkan odamlarning terisi oppoq oqarib ketadi.
Quruq va oq cho’kishlarda reanimatsiya chora-tadbirlari 10-20 daqiqa ichida tez va to’g’ri ko’rsatilsa, ijobiy natija berishi mumkin. Sovuq suvga cho’kkanda organizmni himoya reflekslari hisobiga suv ichida 20 daqiqa qolib ketgan jabrlanuvchini ham hayotga qaytarish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |