Beshik to‘yi. Qadim zamonlardan har bir oilada o‘tkazib kelingani tufayli, bu marosim xalq madaniy hayotining ajralmas qismiga aylanib qolgan. Beshik to‘yi haqida ma’lumot berishdan oldin beshikni o‘ziga ta’rif bersak o‘rinli bo‘lardi. Beshik insoniyat tarixida yaratilgan buyuk kashfiyotlardan biridir. Beshik bolaning 2-3 yoshgacha ulg‘ayishi uchun juda foydalidir. U kichik, ixcham bo‘lgani uchun istalgan joyga ko‘chirib olib brish mumkin. Beshik go‘dakni ovutish, erkalash, uxlatish uchun o‘taqulay tuzilishga ega.
Beshik bolani tashqi ta’sirlardan himoya qiladi (sovuqdan, issiqdan, zaxdan). Beshik bolaning qo‘l-oyoq harakatlaridan bexos cho‘chimay, biror narsaga urilmay, yotgan joyida ag‘darilib ketmay, quruq, osoyishta uxlashiga imkon beradi.
Chaqaloq tug‘ilgandan keyingi muhim tadbirlardan biri – bolani beshikka solish marosimi va beshik to‘yidir. Toshkentda farzand tug‘ilganiga 7 yoki 9 kun to‘lganda bolani beshikka solish marosimi o‘tkaziladi. Go‘dakning chillasi chiqgach, qudalarning kelishuvi asosida beshik to‘yini o‘tkazish odat tusiga
kirgan. Beshik to‘yidan oldin kelinning onasi o‘z nabirasi uchun sarpolar tayyorlaydi. Qarindosh-urug‘lar ham beshik to‘yida chaqaloqqa atab sovg‘alar keltirishadi.
Bolaning ilk tishi chiqishi ham oilada quvonchli voqeaga aylanadi. Bolaning ota-onasi, qarindoshlari buni katta xursandchilik bilan nishonlaganlar: bug‘doy qovurmoch tayyorlab, bolalarga tarqatishgan, kampirlarni chaqirishib guruchli taomlar bilan siylashgan.
O‘zbeklarda soch to‘yi bolanig sochini ilk bor olish ham ma’lum tartib asosida amalga oshirilgan. Bolaning sochini ilk bor buvisi yoki bobosi yaxshi niyatlar bildirib olganlar.
Birinchi qadam bayrami. O‘zbek xalqining farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berishi bolaning ilk bor mustaqil qadam qo‘yishiga bag‘ishlangan marosimda ham o‘z aksini topgan. Ota - bobolarimiz bu marosimda “bolaning beli baquvvat bo‘lsin deb, beliga belbog‘ bog‘lashgan”, “to‘qlik bo‘lsin, bola ocharchilikni bilmasin!” deb mazali kulchalarni kichkintoylarga tarqatishgan, “suvdek serob bo‘lsin!” deb marosim o‘tkazilgan vaqtda bolaning qadam bosgan erlariga suv sepishgan, “bolaning hayoti shirin bo‘lsin!” deb bolaning boshidan shirinliklar sochishgan, “chiroyli bo‘lsin!” deb bola yura boshlaganda yo‘llariga gullar sochilgan, “boy bo‘lsin!” deb bolaning ustidan pullar sochilgan, “kasalga chalinmasin!” deb isiriq tutatishgan, “omon bo‘lsin!” deb duolar o‘qishgan.
Bolaning birinchi qadam qo‘yishini marosim sifatida nishonlashning o‘ziga xos ramziy ma’nosi ham bor. Birinchi qadam bolaning shunchaki oddiy harakati bo‘lib qolmay, kelajakda qilinadigan ko‘plab ishlarning debochasi deb ham qaralgan. O‘zbekistonning turli hududlarida “birinchi qadam” marosimi turlicha o‘tkazib kelingan. Ayrim joylarda bu tadbir faqat ayollar va bolalar ishtirok etadigan kichik oilaviy marosim sifatida uyushtirilgan, unda erkaklar qatnashmagan. Tog‘li qishloqlarda esa “Birinchi qadam” katta anjumanga aylanib ketgan.
“Birinchi qadam” marosimi madaniyat uylari, bolalar bog‘chalari va oilalar bilan hamkorlikda keng doirada o‘tkazilsa, yanada qiziqarli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |