To‘garak faoliyati.Maktabgacha ta’lim muassasasida teatrlashtirilgan faoliyatni olib borishning yana bir shakli – bu to‘garak faoliyati hisoblanadi. To‘ygarak faoliyati bir qator yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga yordam beradi. Jumladan, bolalar fantaziyasini, ong va ijodiyotning barcha turlarini (badiiy nutq, musiqa, raqs) rivojlantirish va boshqalar.
Maktabgacha ta’lim muassasaslarida bolalar teatri pedagog-rahbari faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u nafaqat tomosha va tadbirlash tashkillashtiradi, balki pedagog-tarbiyachilarning amalga oshirayotgan ishlari, o‘tayotgan mashg‘ulotlari, tayyorlayotgan tomoshlari bo‘yicha maslahatlar berib boradi, ularni jamoaviy teatrlashtirilgan o‘yinlar tashkil etish ishlariga jalb etadi.
Teatrlashtirilgan faoliyat rahbari bolalar bilan to‘garak doirasida reja asosida ish olib boradi. Teatrlashtirilgan faoliyat rahbari faqatgina ssenariy ustida ishlash, rejisserlik ishi, bolalar-akterlar bilan turli tomoshalar tayyorlash bilan chegaralanmaslikni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lishi, har bir bolaning maktabgacha ta’lim muassasasidagi hayoti, uning teatrlashtirilgan faoliyatga bo‘lgan munosabati butun kelajagini belgilab berishi mumkinligini unutmaslii lozim.
Kursning asosiy maqsadi tomosha ustida ish olib borishga qaratilgan bo‘lib, bunga sahnalashtiriladigan asarni tahlil qilish, rollarni taqsimlash, o‘yinli mashqlar, etyudni yaxshi o‘zlashtirishlari uchun amaliy va hissiy syujetlar kiradi, yaxlit tomoshani tayyorlash bo‘yicha ishlar haftada bir marotaba kunning birinchi yeki ikkinchi yarmida 30-40 daqiqa mobaynida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar davomida bajariladi. Lekin bu vazifalar maktabgacha ta’lim muassasasi dasturi, ta’lim-tarbiyaviy ishlari negiziga singdirilgan holda tarbiyachi, musiqa rahbari, tasviriy san’at pedagogi tomonidan amalga oshiriladi.
Masalan, bolalar musiqa darslarida musiqa ohangidan turli hisiy holatlarni harakat, mimika va jestlar orqali ifoda etishni o‘rganadilar, navbatdagi tomosha musiqasini tinglaydilar va h.k. Nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida bolalarda aniq diksiya rivojlanadi, tez aytish, topishmoq, maqollar yordamida artikulyatsiya ustida ish olib boriladi, bolalar sahnalashtirilmoqchi bo‘lingan badiiy asar bilan tanishadilar. Tasviriy san’at darslarida turli rasmlar, illyustratsiyalar, ertak syujeti asosida turli rasmlar, personajlarning ko‘rinishini chizishni o‘rganadilar. Mashg‘ulotlardan tashqari vaqtlarda bolalar tarbiyachi va guruhdagi o‘rtoqlari bilan erkin tarzda o‘ynashlari mumkin. Bolalar «teatr» o‘ynashadi. Ular goh asar qahramoni, goh tomoshabin, goh nazoratchi, goh tekshiruvchi, gox ekskursavod timsolida namoyon bo‘lishadi. Bolalar o‘z ishlari bo‘yicha ko‘rgazma, tomosha uchun afisha va taklifnomalar tayyorlaydilar.
Teatr studiyasida mutaxassis rahbarligida nutq mashqlarini, turli his-tuyg‘ularni ko‘rsatib berish maqsadida turli etyudlar mashq qilinadi. Bu erkin tarzda tayyorlangan asar, kichik sahna ko‘rinishi, tomosha ustidagi repetitsiya jarayoni bo‘lishi mumkin. Bunda bir ko‘rinishni turli teatrlashtirilgan o‘yinlar yordamida (stol o‘yinlari, parda orti o‘yinlari, bi-ba-bo va h.q.) yaxlit holatda namoyish etish (yoki kichik epizodlar holatida) maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, «Mushukning uyi (Koshkin dom)» musiqiy asari ustida ish olib borilmoqda (V.Zolotarev musiqasi), guruhning bir qismi navbatdagi sahna ko‘rinishini parda ortida bi-ba-bo qo‘g‘irchoqlari bilan, boshqa bolalar – stol teatri yordamida, yana bir guruh tarbiyalanuvchilar dramatizatsiya usulida amalga oshirmoqdalar.
Tomosha taqdim etiladigan kuni vazifalar guruhning barcha bolalari orasida teng taqsimlanadi: kim taklifnomalarni kichik tomoshabinlar (taklif etiladigan guruh) va kattalar (MTM xodimlari)ga yetkazadi; kim ko‘rgazmani, foyeni bezatadi, afishalarni ilishga yordam beradi, kim artistlar xonasini tayyorlashga yordam beradi (kiyimlar, atributlar va h.q.) – bu kunning birinchi yarmida bajariladi. Kunduzgi uyqudan so‘ng tomoshaga tayyorgarlik ishlari davom ettiriladi – nazoratchi, ekskursavod, tomoshagoh va sahnat navbatchisi kabi vazifalar taqsimlanadi, ishtirokchilar maxsus xonada tomoshaga tayyorlanadilar, libolarni alishtiradilar. Belgilangan vaqtda mehmonlar tashrif buyurishadi (taklif etilgan guruh bolalari va MTM hodimlari). Tomosha boshlanadi. Bu faoliyatga imkoni boricha ko‘proq bolalarni jalb etish lozim. Bunga tomosha davomida jajji ijrochilarni alishtirish va tomoshaga kattalarni jalb etish orqali erishish mumkin.
Teatrlashtirilgan faoliyat davomida bolalarda ijodiy qobiliyat yuzaga chiqadi va rivojlanadi. Bu faoliyat bolaning shaxs sifatida kamol topishiga yordam berib, adabiyot, musiqa, teatr, erkin fikrlash, yangi obrazlar yaratish kabi qiziqishlarni singdiradi. Lekin shu bilan bir qatorda ota-onalar, psixolog va pedagoglarni o‘ylantirgan bir muammo borki, u har bir bolada turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi, ya’ni kimdadir qo‘rquv, jizzakilik, o‘zini yo‘qotib qo‘yish bo‘lsa yana kimdadir buning aksi yuzaga keladi. Ko‘p hollarda bolalarda o‘zboshimchalik holatlarini, xotira, nutq va diqqatning yaxshi rivojlanmaganligini kuzatish mumkin. Bularning barchasini asta sekinlik bilan teatrlashtirilgan o‘yinlar orqali erishish mumkin. Teatrlashtirilgan faoliyat bolalar ijodiyotining juda keng tarqalgan turi sifatida bolalar hisiy dunyoqarashiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Aynan dramatizatsiya badiiy ijodni shaxsiy tajriba bilan uzviy bog‘laydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |