Qo’shimcha jinsiy bezlar
Erkak hayvonlarning jinsiy organlarida bir qancha qo’shimcha bezlar bo’lib, ular urug’dondan chiqayotgan urug’ni suyultirish uchun xizmat qiladi. Bu bezlar ishlab chiqaradigan suyuqlik siydik jinsiy kanaliga tushadi. Pufakchasimon, postata va piyozchasimon bezlar ana shunday bezlarga kiradi.
Pufakchasimon bez – glandula vesicularis ning ustki yuzasi bir oz tekis va ikkita xaltacha shaklida bo’lib, u siydik – jinsiy burmasida, qovuqning ustida, urug’ yo’li bezli qismining yon tomonida joylashadi. Bu bezning chiqarish yo’li urug’ yo’li bilan qo’shilib, siydik – jinsiy kanaliga ochiladi.
Prostata bezi - glandula prostata bir juft bo’lib, qovuqning ustida, siydik – jinsiy kanalining boshlanish qismida joylashadi. Bu bezning yon qismlari va tanasi bo’lib, bir qancha yo’llar bilan siydik kanaliga ochiladi. Bezda silliq muskul to’qimalari va biriktiruvchi to’qimalar bo’ladi. bez bo’lakchalardan iborat naychali bo’lib, undan chiqqan suyuqlik spermaning harakatini oshiradi.
Piyozchasimon bez - glandula bulbourethralis bir juft bo’lib, siydik – jinsiy kanali piyozchasimon qismining oldirog’ida joylashadi. Bu bez piyozchasimon kovak muskuli bilan yopilib turadi. Bezlar har xil hayvonlarda turlicha, masalan, buqalarda ellips shaklda, yuzasi g’adir – budur bo’ladi, uzunligi 10 – 12 sm ga, cho’chqalarda esa 15 sm ga yetadi. Otlarda tekis, nok shaklida bo’lib, uzunligi 12 – 15 sm keladi. Prostata bezi kavsh qaytaruvchi hayvonlarda 3,5 – 4 sm bo’ladi. piyozchasimon bez buqalarda 2,8 X 1,8 sm bo’lib, bitta teshik bilan ochiladi. Cho’chqalarda bo’lakchali bo’lib, uzunligi 12 sm keladi, otlarda ellips shaklda, uzunligi 4 sm keladi va 5 – 8 ta yo’l bilan ochiladi.
Qo’shimcha jinsiy bezlar ishlab chiqaradigan sekretlar eyakulyat miqdorini ko’paytiradi. Bu esa urug’ suyuqligini urg’ochi hayvonning oson o’tishiga yordam beradi, spermatozoidlar hayotiyligini oshiradi, uretradagi achchiq muhitni neytrallaydi. Prostata bezi ikki bo’lakli bo’lib, tos bo’shlig’ida yotadi. Itlarda u bevosita qovuq bo’ynida, siydik – jinsiy kanalning boshlanish qismida joylashadi. Mushuklarda u pastroq yotadi.
Prostata bezining gipertrofiyasida u kattalashadi. Bu holat prostata o’smasi bilan bog’liq emas. Kasallik testosteron miqdori bilan bog’liq bo’lib, ko’pincha bichilmagan qari itlarda rivojlanadi. Gipertrofiyaga uchragan bez to’g’ri ichakda fekaliylar erkin o’tishiga to’sqinlik qilib, ich qotish holatiga sabab bo’ladi. Fekaliylar chiqishini osonlashtirish uchun klizma qilinadi, ammo muammoni radikal hal qilish uchun hayvon bichiladi. Bunda bez kichrayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |