Muskullarning tuzilishi
Tana muskullari – musculus katta – kichikligi va shakli qanday bo‘lishiga qaramay, muskul to‘qimalari yig‘indisidan hosil bo‘lgan. Muskul to‘qimalari parallel tolalardan tuzilgan bo‘lib, har qaysi tola biriktiruvchi to‘qimalar bilan birikadi. Muskul to‘qimalarining har qaysi to‘plami tashqi tomondan g‘ilof shaklidagi biriktiruvchi to‘qima pardasi bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bu parda tashqi perimiziy deyiladi. Bu perimiziyda ozgina yog‘ tomchilari to‘plami ham bo‘ladi.
Tashqi perimiziy - perimysium externum dan muskul tolalarining ichiga parda o‘tib, u ichki perimiziy - perimysium internum shaklida tarqaladi. Bu pardalar orqali muskul to‘qimalariga qon tomirlari va nervlar tarqaladi. Ichki perimiziydan juda yupqa parda – endomiziy - endomysium tarqalib, u bevosita muskul tolalarining ichiga o‘tadi va bir qancha mayda qismlarga bo‘linadi. SHuning uchun ham biror muskul kesib ko‘rilganda bir qancha mayda nuqtalar ko‘rinadi. Muskul tarkibiga kiruvchi tolalar to‘plami tevarak – atrofdagi qismlarda yumshoq holicha tugamay, balki payga aylanib, suyakka birlashadi. Paylar esa zich biriktiruvchi to‘qimalardan iborat bo‘ladi.
Tana muskullarining rivojlanishi hayvonning yoshi, bajaradigan ishi va yashash sharoitiga qarab har xil bo‘ladi. Har bir muskul tolasi bir qancha uzun tolalardan – miofibrillardan hosil bo‘lgan. Bular nerv tolalari ta’sirida qisqarish xususiyatiga ega. Skelet muskul tolalari uzunasiga 65 – 85 % gacha qisqarishi mumkin. YUrakning muskul tolalari bir – biriga o‘ralgan bo‘lib, ularning har qaysi tolasi o‘z tomoniga qisqaradi. Tana muskullari har xil shaklda bo‘lishiga qaramay, ikki nuqta o‘rtasida joylashadi. Bu nuqtalarning biri harakatlanuvchi nuqta - punctum mobile, ikkinchisi harakatsiz nuqta - punctum fixum deyiladi. Harakatlanuchi nuta hamma vaqt tana tomonda, harakatsiz nuqta - punctum fixum esa doim uchki qismda joylashadi. Muskullarning boshlanish qismi - origo musculi tamom bo‘lish qismi esa - insertio musculi deyiladi.
Har qaysi muskulning boshi, tanasi yoki qorni va dumi bo‘ladi. Muskulning boshlanish qismi – boshi va tamom bo‘lish qismi – dumi paylar yordamida suyakka birikadi. Bu paylar cho‘ziluvchan biriktiruvchi to‘qimalardan iborat. Muskul paylari tez charchamaydigan to‘qima bo‘lib, muskullar harakatida u juda katta ahamiyatga ega, bo‘g‘imlar harakati vaqtida esa amortizatorlik vazifasini bajaradi. Ba’zi muskullar pay pardasi bilan suyakning keng yuzasiga birlashadi.
Muskullar aktiv harakatlanuvchi organ bo‘lib, ularda qon tomirlari juda zich joylashgan. Masalan, 10 g. muskul tinch holatda 1 sekund mobaynida 1,2 mm3 qon o‘tkazadi, ishlangan vaqtda uning hajmi 4 – 5 marta ortadi. YUrakning 1 mm3 muskul tolasida 5200 – 5700 tagacha kapillyar bo‘ladi. SHuning uchun ham bu erda moddalar almashinuvi jadal boradi. Bitta muskulning o‘zi bir nechta qon tomiridan qon oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |