4. Hayvonlarda buyrakning rivojlanish bosqichlari.
Ayirish organlari filogenez rivojlanish davrida murakkablashib borgan. Bir hujayrali hayvonlarda maxsus ayirish organlari bo‘lmaydi, moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan mahsulotlar (amyobada) butun tana orqali diffuz holda ajraladi. Bunday holatni gidralarda ham uchratish mumkin. Yuqoriroq darajada rivojlangan hayvonlarda (halqali chuvalchanglarda) maxsus ayirish organlari paydo bo‘ladi. Ularning har qaysi segmentida bir juftdan voronka shaklidagi nefridiy paydo bo‘lib, siydik suyuqligi shular yordamida ishlanib chiqadi. Bunday ayirish naychalari ektodermadan paydo bo‘ladi va protonefrid deb ataladi. Bu naychalarning ichki qismida bir qancha tebranuvchi tukchalar bo‘lib, ular ichkaridagi keraksiz suyuqliklarni tashqariga haydaydi. Bular bitta yoki bir qancha teshik bilan tashqariga ochiladi. Hayvon organizmi rivojlana borishi bilan ayirish organlari ham murakkablashadi va teshikchalar qo‘shilib, hazm organining orqa qismida kloaka – cloaca teshigi hosil bo‘ladi. Ayirish voronkalari o‘rniga filtrlash apparati – buyrak tanachalari paydo bo‘ladi. Filtrlash egri kanalchalari uzayadi, ularning soni ortadi. Erkak hayvonlarning egri kanalchalari siydikni olib ketuvchi umumiy kanalchalar bilan qisman qo‘shilib, urug‘ yo‘lini hosil qiladi. Bunday o‘zgarish natijasida yangi siydik ayirish kanalchalarida ham siydik yo‘li hosil bo‘ladi. Lansetniklarning ayirish organlari nefridiylardan tuzilgan bo‘lsa ham mezodermadan kelib chiqqan. Bularda 100 juftga yaqin nefridiy kanalchalari bo‘lib, ular jabra atrofida joylashadi. Nefridiylar yonida qon tomirlari tig‘iz nur shaklida joylashib, birlamchi koptok hosil qiladi. Nefridiy kanalchalari urchish organlaridan ajralgan. Ayirish organlari hayvonot dunyosining rivojlanish bosqichlariga qarab o‘zgarishi natijasida uch generatsiyali buyrakka: oldingi buyrak, oraliq buyrak va doimiy buyrakka bo‘lingan.
Oldingi buyrak - pronephros yoki bosh buyrak juda oddiy bo‘lib, yuqori tuzilgan sut emizuvchilarda paydo bo‘ladi va tez yo‘qolib ketadi. Oldingi buyrak 3 – 4 juft tasmasimon buyrak kanalchalaridan iborat. Kanalcha voronkalari ro‘parasida buyrak koptokchasi va tashqi buyrak tanachalari bo‘ladi.
Oraliq yoki birlamchi buyrak - mesonephros yoki volf tanasining tuzilishi va funksiyasi oldingi buyraknikiga qaraganda birmuncha murakkab bo‘ladi. Bu buyrak baqa va baliqlarda doimo xizmat qiladi. Sut emizuvchilarning homila vaqtida bo‘ladi. Bu xil buyrak selomdan ajralib, qo‘shimcha egri kanalchalarni hosil qiladi. Buyrak tasma holidagi bir nechta metamerini yo‘qotib, ixcham holga o‘tadi.
Doimiy buyrak - metanephros s. ren. nephros sudralib yuruvchilarda, qushlar va sut emizuvchilarda bo‘ladi. Bunday buyrakning boshlang‘ich qismi ikkita har xil manbadan tuzilgan. Buyrakning siydik ayirish zonasi nefrogen to‘qimadan, uni olib ketuvchi zonasi esa volf yo‘lining keyingi qismidan tuzilgan bo‘lib, doimiy siydik yo‘liga aylangan. Siydik yo‘li oldinga tomon o‘sib, siydik to‘plovchi va to‘g‘ri kanallarga bo‘linib ketadi va nefronga qo‘shilib, buyrakning mag‘iz qavatini hosil qiladi. Siydik ayirish organlari ontogenez davrida mezodermadan paydo bo‘lib kalla suyakli hayvonlarda xuddi filogenezdagi o‘xshash uch davrda rivojlanadi.
Bu davrlarda buyraklar oldinma – keyin joylashadi va navbatma – navbat yo‘qlib, oxirida doimiy buyrak qoladi. Bosh buyrak sut emizuvchilarda bir necha soat mobaynida paydo bo‘lib, keyin yo‘qoladi, siydik ajratmaydi. Mezodermaning segmentlashgan qismi somitlar hosil qilib, splanxnotomga qo‘shiladi. Uning ba’zi qismidan nefrogen to‘qimalar, ulardan esa siydik chiqarish kanalchalari hosil bo‘ladi. Kanalchalar selom bilan qo‘shiladi, so‘ngra qon tomirlari koptokchasiga va undan buyrak tanachalariga aylanadi: keyin esa selom bilan aloqasi butunlay uziladi. Bosh buyrakning yo‘li kloakaga ochiladi, keyin bunga mezonefroz kanalchalari qo‘shilib, volf yo‘li nomini oladi. Buyrak yo‘li doim volf yo‘lining keyingi qismi hisobidan paydo bo‘ladi. Doimiy buyrak bel oblastida joylashib, ustki yuzasi tekis bo‘ladi. Siydik yo‘li, siydik yig‘ish kanalchalari rivojlanib, unga qo‘shilishi natijasida egatlar hosil qilib, bo‘lakchalarga bo‘linadi. Bunday bo‘lakchalar qoramolda aniq ko‘rinib turadi, boshqa hayvonlarda birlashib, tekislanib ketadi. Kloakali hayvonlarda uning yuqori qismiga ichak, pastki qismiga esa allantois qo‘shiladi. Kloakaning yuqori qismidan to‘g‘ri ichak va anus, pastki qismidan siydik – jinsiy kovagi hosil bo‘ladi. Bu kovakka jinsiy yo‘l (volf va myuller yo‘llari) hamda siydik yo‘li ochiladi. Siydik – jinsiy kanalining kengayishidan va allantoisning bir qismidan qovuq hosil bo‘ladi. Allantoisning pastki qismi kindik teshigi tomon o‘tib, siydik yo‘li - urachus ni hosil qiladi, bu yo‘l yo‘qolib ketadi. Siydik – jinsiy yo‘li keyinchalik siydik – jinsiy kanaliga aylanadi. Volf yo‘li siydik yo‘liga va qovuqqa ochiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |