50-rasm. Butun chanoq.
1.distantia cristarum;
2.distantia spinarum;
3.distantia trochanterica;
4,5.diameter oblique;
6.conjugata vera.
Bolalikning birinchi davrida chanoq shakli o’zgarmay, o’lchamlari tekis o’sadi. Bolalikning ikkinchi davrida yonbosh chuqurchasi chuqurlashadi. Bu davrda qizlarning chanog’i o’g’il bolalarga nisbatan tez o’sadi. Kichik chanoqqa kirish teshigini to’g’ri o’lchami ko’ndalang o’lchamidan kichrayadi. Qizlar chanog’i tsilindrsimon shaklni oladi. Bu davrda chanoq o’lchamlari quyidagicha:
1.Ikkita oldingi yuqorigi yonbosh o’simtalari o’rtasidagi masofa-18,7 sm.
2.Yonbosh suyagi qanotlarining eng chekka nuqtalari o’rtasidagi masofa-20,7 sm.
3.Ikkita katta ko’st o’rtasidagi masofa- 23,8 sm.
4.Kichik chanoqqa kirishning to’g’ri o’lchami-8,7 sm.
5.Kichik chanoqqa kirishning ko’ndalang o’lchami-10,0 sm.
Balog’at davrida chanoq katta odamnikiga o’xshash xususiyatlarga ega bo’ladi
Oyoqning erkin qismi suyaklarining birlashuvi
Oyoqning erkin qismi bo’g’imlari o’zining vazifasiga mos ravishda ayrim xususiyatlarga ega.
Chanoq-son bo’g’imi
Chanoq-son bo’g’imi (articulatio coxae) chanoq suyagining sirka kosachasi bilan son suyagi boshining birlashishidan hosil bo’ladi. Bo’g’imni hosil qilishda son suyagi boshchasining bo’g’im yuzasi to’liq ishtirok etsa, sirka kosachasining yarimoysimon yuzasi ishtirok etadi. Tuzilishi jihatidan chanoq-son bo’g’imi oddiy, shakli jihatidan sharsimon bo’g’imlarning bir turi kosasimon bo’g’im (articulatio cotylica). Sirka kosachasining chekkasiga birikkan tolali tog’aydan tuzilgan tog’ay halqa lab (labrum acetabularae) uning bo’g’im yuzasini oshirib turadi. Uning bir qismi sirka kosachasining pastki chetidagi o’ymani ustidan o’tib, sirka kosachasining ko’ndalang boylamini (lig. transversum acetabuli) hosil qiladi. Chanoq-son bo’g’imining o’ziga xos xususiyatlaridan biri sirka kosachasi o’rtasidagi chuqurchadan boshlanib, son suyagi boshidagi chuqurchaga birikkan son suyagi boshi boylamidir (lig. capitis femoris). Bu boylam orqali chanoq suyagidan son suyagi boshiga arteriya o’tadi va uni oziqlantiradi. Chanoq-son bo’g’imining xaltasi chanoq suyagini sirka kosachasi chekkasi bo’ylab biriksa, son suyagining old tomonida ko’stlararo chiziqni bo’ylab, orqa tomonda esa ko’stlararo qirradan ichkariroqqa birikadi. Bo’g’im xaltasini tashqi tomondan uchta boylam mustahkamlab turadi. Ularning eng kuchlisi yonbosh-son boylami (lig. iliofemorale) bo’lib, qalinligi 1 sm ga yaqin. U oldingi pastki yonbosh o’simtasining oldingi chekkasidan boshlanib pastga yo’naladi va ko’stlararo chiziqqa birikadi. Qov-son boylami (lig. pubofemorale) uchburchak shaklida. Uning keng asosi qov suyagining yuqori shoxidan boshlanib, uchi ko’stlararo chiziqning ichki chekkasiga birikadi. O’tirg’ich-son boylami (lig. ischiofemorale) nisbatan yupqa bo’lib bo’g’imni orqa yuzasida joylashgan. U o’tirg’ich suyagi tanasidan boshlanib, katta ko’stning chuqurchasiga birikadi. Bundan tashqari son suyagining bo’ynini sirtmoq kabi o’rab yonbosh suyagining oldingi pastki o’simtasiga birikuvchi aylanma zona (zona orbicularis) ham bor. Chanoq-son bo’g’imida harakat uch o’q atrofida sodir bo’lsada, sharsimon bo’g’imga nisbatan biroz chegaralangan. Frontal o’q atrofida chanoq-son bo’g’imida son bukiladi va yoziladi. Sagital o’q atrofida son bir-biridan uzoqlashadi va yaqinlashadi. Vertikal o’q atrofida son ichkariga va tashqariga buriladi va aylanma harakat sodir bo’ladi. Chanoq-son bo’g’imida harakatni chegaralashda, uning atrofida joylashgan kuchli mushak guruhlarining ahamiyati katta.
Rentgenoanatomiyasi. To’g’ri rentgenogrammada sirka kosachasi o’lchami 3x5 bo’lgan kosa shaklida. Uning tomi, chuqurchasi, oldingi, orqa va pastki chekkalari tafovut qilinadi. Tog’ay bilan qoplangan yarimoysimon yuzaga to’g’ri keladigan sirka kosachasining tomi nisbatan quyuq soya beradi. Bo’g’im chuqurchasi zich qatlami, bo’g’im boshchasi zich moddasiga nisbatan qalinlashgan. Sirka kosachasining tomi asta-sekin zich moddasi eng yupqa bo’lgan unging tubiga o’tadi. Chuqurchaning tubi asta-sekin yumaloqlanib, sirka kosachasining pastki chekkasiga o’tadi. Uning oldingi chekkasi aniq bilinadi. U tomdan pastga va ichki tomonga yo’nalib, sirka kosachasining oldingi tashqi chekkasida joylashgan ko’z yoshi shaklini tashqi chegarasini hosil qiladi. U sirka kosachasi tubini soyasini o’tirg’ich suyagiga qavatlanishi natijasida hosil bo’lgan tushayotgan tomchi shaklidagi chiziqli soyadan iborat. Sirka kosachasining orqa chekkasi son suyagi boshini kesib o’tgan qiyshiq chiziqdan iborat bo’lib, uning pastki qismida oldingi pastki ko’rinishga o’tib ketadi. Chanoq-son bo’g’imining bo’g’im yorig’i kengligi 4-5 mm.
Yangi tug’ilgan bolada chanoq-son bo’g’imini hosil qiluvchi suyaklar yaxshi taraqqiy etmagan, sirka kosachasi yuza va ovalsimon shaklga ega. Shuning uchun son suyagi boshchasini ko’p qismi undan tashqarida joylashadi. Ularda bo’g’im xaltasi juda yupqa va tarang. O’tirg’ich-son boylami yaxshi taraqqiy etmagani uchun bo’g’imning yuqori-orqa qismi boylamlar bilan yaxshi mustahkamlanmagan. Shu sababli ularda bu bo’g’im tez chiqishi mumkin. Bola o’sishi va vertikal holatda tik yurishi munosabati bilan chanoq-son bo’g’imi xaltasi va uning boylamlari o’sadi. O’tirg’ich-son boylami yaxshi rivojlanib bo’g’im xaltasini orqasini qoplaydi va bolalikning ikkinchi davrida qalinlashib, tuzilishi jihatidan kattalarnikiga o’xshaydi.
Tizza bo’g’imi
Tizza bo’g’imi (articulatio genus) (51-rasm) odam gavdasidagi eng katta bo’g’imdir. U tuzilishi jihatidan murakkab, shakl jihatidan do’ngsimon bo’g’im turiga kiradi. Uning hosil bo’lishida uchta: son, katta boldir suyagi va tizza qopqog’i ishtirok etadi. Son suyagi do’ngsimon o’simtalarining ellipssimon bo’g’im yuzasi katta boldir suyagining yuqori bo’g’im yuzasini hosil qiluvchi cho’zinchoq botiqlikka mos kelmaydi. Shuning uchun bo’g’im yuzalari o’rtasidagi yetishmovchilik bo’g’im ichida joylashgan lateral va medial menisklar hisobiga bartaraf qilinadi. Tizza qopqog’ini orqa yuzasida joylashgan bo’g’im yuzasi faqat son suyagi bilan birlashadi. Har bir menisk yarim oy shaklidagi tog’ay plastinkadan iborat. Uning qalin chekkasi tashqariga qaragan bo’lib, bo’g’im xaltasiga birikkan. Yupqalashgan ichki chekkasi esa bo’g’im ichiga qaragan. Ularning ustki yuzasi son suyagi do’ngsimon o’simtasiga mos ravishda bukilgan, pastki yuzasi yassi bo’lib katta boldir suyagining ustki bo’g’im yuzasida yotadi. Medial menisk (meniscus medialis) ingichka yarimoysimon shaklda. Lateral menisk (meniscus lateralis) nisbatan keng. Ularning uchlari do’ngsimon o’simtalararo tepalikka boylamlar vositasida birikib turadi. Old tomondan ikkala menisk o’zaro tizzaning ko’ndalang boylami (lig. transversus genus) bilan birikib turadi. Tizza bo’g’imning xaltasi son suyagi bo’g’im yuzasidan 1 sm yuqoriroqqa biriksa, katta boldir suyagi va tizza qopqog’ida ularning bo’g’im yuzalari chekkalari bo’ylab birikadi. Bo’g’im xaltasi yupqa, erkin va juda keng. Bo’g’im xaltasining sinovial pardasi bo’g’im bo’shlig’ida ko’p sonli burmalar hosil qilib, bo’g’im bo’shlig’ini bo’sh qismlarini to’ldiradi.
Tizza bo’g’imi boylamlari bo’g’im sirti va bo’g’im ichi boylamlariga bo’linadi. Bo’g’im ichi boylamlari: Oldingi xochsimon boylam (lig. cruciatum anterior) son suyagi lateral do’ngsimon o’simtasini medial yuzasidan boshlanib, oldingi chuqurchaga birikadi. Orqa xochsimon boylam (lig. cruciatum posterior) son suyagi medial do’ngsimon o’simtasini lateral yuzasidan boshlanib, orqa chuqurchaga birikadi. Tizza bo’g’imining bo’g’im sirti boylamlari uning yon, old va orqa tomonlarida joylashib o’ziga xos xususiyatga ega bo’ladi. Bo’g’imning lateral tomonida son suyagi epicondulus lateralis idan boshlanib, kichik boldir suyagi boshchasiga birikuvchi kichik boldir yonlama boylami (lig.collaterale fibulare) joylashgan. U yumaloq shakldagi fibroz tizimchadan iborat bo’lib, bo’g’im xaltasidan yumshoq to’qima qatlami bilan ajragan. Bo’g’imning medial tomonida son suyagining epicondulus medialis idan boshlanib, katta boldir suyagining medial chekkasiga birikkan katta boldir yonlama boylami (lig. collaterale tibiale) joylashgan. Bu kengligi 10-12 mm li fibroz plastinka shaklida
Do'stlaringiz bilan baham: |