B.Chaqaloqning o’ng chanoq suyagi (tashqi yuzasi ).
1-crista iliaca; 2-ala ossis ilii; 3-spina iliaca anterior superior; 4-corpus ossis ilii; 5-spina iliaca anterior inferior; 6-limbus acetabuli; 7-r. superior ossis pubis; 8-corpus ossis pubis; 9-r. inferior ossis pubis; 10-incisura acetabuli; 11-for.obturatum; 12-os ischii; 13-tuber ischiadicum; 14-incisura ischiadica minor; 15-spina ischiadica; 16-fossa acetabuli; 17-facies lunata; 18-incisura ischiadica major; 19-spina iliaca posterior inferior; 20-spina iliaca posterior superior.
Eng uzun oldingi dumba chizig’i (linea glutea anterior) yaxshi bilingan. U oldingi yuqorigi yonbosh o’simtasidan boshlanib, katta o’tirg’ich o’ymasiga tomon ravoq shaklida yo’naladi. Nisbatan qisqa orqa dumba chizig’i (linea glutea posterior) oldingi chiziqning orqa qismiga paralel joylashgan. Boshqalardan qisqa pastki dumba chizig’i (linea glutea inferior) yuqorigi va ostki oldingi yonbosh o’simtalarining o’rtasidan boshlanib, ravoq shaklida sirka kosachasi ustidan o’tib katta o’tirg’ich o’ymasigacha boradi. Qanotning ichki botiq yuzasida yonbosh chuqurchasi (fossa iliaca) bor. Uni pastki tomondan ravoqsimon chiziq (linea arcuata) chegaralab turadi. Bu chiziq quloqsimon yuzaning (facies auricularis) oldingi chekkasidan boshlanib, yonbosh-qov tepaligiga o’tib ketadi. Bu yuza dumg’aza suyagining shu nomli yuzasi bilan bo’g’im hosil qiladi. Quloqsimon yuzaning ustida bo’g’imlararo boylamlar birikadigan yonbosh bo’rtig’i (tuberositas iliaca) joylashgan.
Qov suyagi (os pubis) sirka kosachasini oldingi qismini hosil qiluvchi kengaygan tanasi (corpus ossis pubis) va ikki: qov suyagining yuqorigi shoxi (ramus superior ossis pubis) va pastki shoxidan (ramus inferior ossis pubis) iborat. Yuqorigi shox suyak tanasidan oldinga qarab yo’nalgan bo’lib, unda yonbosh va qov suyaklarining birikkan chiziqda joylashgan yonbosh-qov tepaligi (eminentia iliopubica) bor. Yuqori shoxning medial uchiga yaqin joyda qov bo’rtig’i (tuberculum pubicum) bor. Yuqori shoxning orqa chekkasi bo’ylab qov qirrasi (crista pubica) joylashgan. Yuqori shoxning oldingi qismi bukilib pastki shoxga o’tadi. Bu sohada qarama-qarshi suyak bilan birikadigan oval shakldagi simfiz yuzasi (facies symphysialis) bor.
O’tirg’ich suyagi (os ischii) sirka kosachasini pastki qismini hosil qiluvchi kengaygan tanasi (corpus ossis ischii) va shoxidan (ramus ossis ischii) iborat. Tanasi shoxga o’tgan yerda burchak hosil qiladi. Burchak sohasida o’tirg’ich bo’rtig’i (tuber ischiadicum) bor. Undan yuqoriroqda suyak tanasining orqa chekkasidan chiqqan o’tirg’ich o’simtasi (spina ischiadica) katta o’tirg’ich o’ymasini (incisura ischiadica major) kichik o’tirg’ich o’ymasidan (incisura ischiadica minor) ajratib turadi. O’tirg’ich suyagi shoxi qov suyagining pastki shoxi bilan birikib yopqich teshikni (foramen obturatum) hosil qiladi.
Rentgenoanatomiyasi. Chanoq va chanoq-son bo’g’imi sohasini old to’g’ri rentgenogrammasida yonbosh suyagining tanasi, qanoti, qirrasi va dumg’aza suyagi bilan birikkan quloqsimon yuzasi tafovut qilinadi. Shuningdek pastki bel umurtqalari, dumg’aza va dum suyaklari va simfiz aniqlanadi. Yonbosh suyagi qanoti bir xil tarkibli g’ovak moddasi bo’lgan keng qatlamli suyak soyasini beradi. Yonbosh suyagi qirrasi oldinda oldingi o’simta bilan tugaydigan bukilgan g’adir-budur chiziq shaklida.
Qov suyagi uning burchak ostida joylashgan ustki va pastki shoxlarini aniq ko’rinishi shaklidagi qorong’ilashgan hoshiya kabi kuzatiladi.
O’tirg’ich bo’rtig’i notekis ko’rinishli soya beradi. Yopqich teshik odatda cho’zinchoq yoki uchburchak shaklida. Qov suyaklari o’rtasida kengligi chekkalarida 5-6 mm, o’rtasida 4 mm bo’lgan notekis ko’rinishli rentgen yorig’i aniqlanadi.
Chanoq suyagi uchta asosiy va bir nechta qo’shimcha suyak nuqtalardan suyaklanadi. Birinchi asosiy suyak nuqtasi homila hayotining 4-oyida o’tirg’ich suyagi tanasida, 5-oyda qov suyagi tanasida ikkinchi va 6-oyda yonbosh suyagi tanasida uchinchi suyak nuqtasi paydo bo’ladi. Bola tug’ilish davrida suyak tanalari sirka kosachasi sohasida o’zaro Y shaklidagi tog’ay qatlam bilan ajragan holda bo’ladi.
Yangi tug’ilgan bolaning yonbosh suyagi tog’ay va suyak qismlardan iborat bo’lib, uning qanoti relefi yaxshi bilinmaydi va qirrasi tog’aydan iborat. Suyak tanasi noto’g’ri shaklga ega bo’lib, sirka kosachasining yuqori qismini hosil qiladi. O’tirg’ich suyagining tanasi va shoxi suyaklangan. Uning tanasi sirka kosachasining pastki orqa qismini hosil qiladi. Qov suyagining tanasi va yuqorigi shohi suyaklangan, pastki shoxiga suyaklanish jarayoni tarqayotgan bo’ladi. Qov suyagi tanasi sirka kosachasining pastki oldingi qismini hosil qiladi. Sirka kosachasi tashqi tomondan tog’ay bilan qoplangan. Uning qirrasiga tog’ay bo’g’im labi birikkan bo’ladi. Kosacha tubida suyaklarning birikkan joyda Y shaklidagi tog’ay bo’lib, uning qalinligi turlicha.
Erta bolalik davrida chanoq suyagini o’sishi va suyaklanishi tezlashadi. Bu davrda yonbosh suyagi qanoti S shaklini oladi va yonbosh chuqurchasi paydo bo’la boshlaydi (24-rasm). Qov suyagining pastki shohi suyaklanib, o’zaro 1-2 mm qalinlikdagi tog’ay qatlam bilan ajralib turadi. Bolalikning birinchi davrida chanoq suyagi 1,5-2 marta kattalashadi. Bolalikning ikkinchi davrida chanoq suyagi o’sishi sekinlashadi. Uning relefi shakllanib, o’tirg’ich va qov suyaklarining shohlari o’zaro qo’shiladi. Yonbosh suyagi qirrasida, o’simtalarida, quloqsimon yuzasida, o’tirg’ich va qov bo’rtiqlarida ikkilamchi suyak
Do'stlaringiz bilan baham: |