5. Eukariotlarda oqsil biosintezining boshqarilish sxemasi. Eukariotlardagi oqsil sintezining boshqarilishi transkriptsiya va translyatsiya darajasida amalga oshadi. Transkriptsiya darajasida turli xil boshqaruvchilar ayrim genlarga tanlab ta’sir qiladi, bu esa ularga mos oqsillar to’plamini belgilab beradi. Translyatsiya darajasida boshqarilish ularning tarkibi emas, balki ribosomalarda ayrim oqsillarning sintezlanish tezligida namoyon bo’ladi.
Induktorlarning ta’sir etish mexanizmi quyidagicha boradi. Induktorlar, masalan, gormonlar yadroga kiradi va transkriptsiyani boshqaruvchi molekulalar bilan o’zaro ta’sirlashadilar yoki ularning modifikatsiyasini faollaydilar. Shu bilan birga turli xil induktorlar gistonlarning repressor ta’sirini inaktivatsiyalash yoki giston bo’lmagan oqsillarni modifikatsiyalash, vektor RNP bilan o’zaro ta’sirlashish yo’llari bilan xromosomaning turli qismlariga “o’zining” genlarini kiritishi mumkin. Bunday mexanizmlardan istalgan biri RNK-polimerazaning promotor bilan bog’lanishi va transkriptonning RNK li nusxasining hosil bo’lishini yengillashtiradilar.
Oqsil sintezining induktorlari, masalan gormonlar ta’sirida rRNK va tRNK genlarining transkriptsiyasi spetsifik oqsillar strukturasi to’g’risida axborot saqlovchi DNK ning qismlaridan transkriptsiyasiga nisbatan ilgarilab ketadi. Bunda o’ziga xos maqsadga muvofiqlik mavjud: oldin oqsil sintezi uchun kuchli apparat (tRNK, rRNK va ribosomalar) yig’iladi, keyin esa oqsil sintezini amalga oshirish uchun mRNK sintezlanadi.
Induktor ta’siri tugaganidan keyin gistonlardan modifikatsiyalovchi guruhlar ajralishi ro’y beradi va gistonlar yangidan DNK bilan bog’lanib, transkriptsiyani to’xtatadilar.
Prokariotlardan farqli ravishda eukariotlarda transkriptsiyaning blokadasi oqsil sintezining to’xtashini anglatmaydi. Eukariotlarda mRNK molekulalari ancha turg’un bo’lib, prokariotlarda ular tez gidrolizlanadi. Eukariotlardagi mRNKning yangi nusxalarini hosil qilish blokirlangan taqdirda ham undan matritsa sifatida ribosomalarda oqsil sintezi uchun foydalanish imkonini beradi.
Translyatsiya darajasida oqsil sintezini boshqarish ribosomalarda initsiatsiya, elongatsiya va terminatsiyani nazorat qiluvchi oqsil faktorlarga va ribosomaning turli xil funktsional qismlariga ta’sir etish usullari bilan amalga oshishi mumkin.