Oqsillar tirik hujayraning barcha tarkibiy qismlari orasida eng muhim organik birikmalardir. Ular boshqa tuzilishga ega va turli funktsiyalarni bajaradilar. Turli hujayralarda ular massaning 50% dan 80% gacha bo'lishi mumkin.
Oqsil turlari va vazifalari
Oqsillar hujayra va organizmda keng qamrovli ahamiyatga ega. Bu yerda sizlarga yaxshi tanish boʻlgan va koʻp organizmlarning (shu jumladan, insonlarning) biologiyasida muhim ahamiyatga ega, koʻp uchraydigan oqsil turlaridan bir nechta misolni koʻrib chiqamiz.
Fermentlar
Fermentlar biokimyoviy reaksiyalarda katalizator sifatida vazifa bajaradi, yaʼni reaksiyalarni tezlashtiradi. Har bir ferment bir yoki bir nechta substratni aniqlaydi. Substrat reaksiyaning boshlangʻich mahsuloti sifatida reaksiyaga kirishuvchi molekula hisoblanadi. Turli xil fermentlar turli reaksiyalarda ishtirok etadi va ular substratlarni parchalashi, bogʻlashi yoki qayta qurishi mumkin.
Tanamizda uchraydigan fermentga misol tariqasida soʻlak tarkibidagi amilazani olish mumkin, u amilozani (kraxmalning bir turi) kichik shakar molekulalarigacha parchalaydi. Amilozaning taʼmi unchalik ham shirin emas, ammo undan hosil boʻlgan shakar molekulalari shirin taʼmni beradi. Shu sababli tarkibida kraxmal bor mahsulotlarni uzoqroq muddat chaynasangiz, uning taʼmi shirinroq boʻladi, chunki bunda soʻlak tarkibidagi amilaza ishga tushadi.
Gormonlar
Gormonlar endokrin hujayralar (xuddi gipofiz bezi hujayralari kabi) tomonidan ishlab chiqariladigan, masofaviy taʼsir qiluvchi kimyoviy signallar hisoblanadi. Ular oʻsish, rivojlanish, metabolizm va koʻpayish kabi muayyan fiziologik jarayonlarni nazorat qiladi. Ayrim gormonlar steroid tabiatli (lipidlar haqidagi maqolani koʻring), boshqalari esa oqsil tabiatli. Ushbu oqsil tabiatli gormonlar odatda peptid gormonlari deb ataladi.
Masalan, insulin qondagi glyukoza miqdorini tartibga solishga yordam beradigan muhim peptid gormon hisoblanadi. Qondagi glyukoza miqdori koʻtarilganda (masalan, ovqat isteʼmol qilgandan keyin), oshqozon osti bezidagi maxsus hujayralar qonga insulin ajratadi. Insulin jigar va tananing boshqa qismlaridagi hujayralar bilan bogʻlanadi va ular glyukozani oʻzlashtiradi. Bu jarayon qondagi glyukoza miqdorini normal, barqaror koʻrsatkichga qaytarishga yordam beradi.
Boshqa oqsillar va ularning vazifalari quyidagi jadvalda keltirilgan:
Oqsillar turli oʻlchamlarda va shakllarda uchraydi. Ayrimlari dumaloq (sharsimon) shaklda, boshqalari esa uzun, ingichka tolalar koʻrinishida boʻladi. Misol uchun, qondagi kislorodni tashuvchi gemoglobin oqsili dumaloq oqsil deyiladi, teri tarkibidagi kollagen esa tolali oqsil hisoblanadi.
Oqsil shakli uning vazifasi uchun juda muhim va keyingi maqolada biz oqsil shaklini saqlashda turli xil kimyoviy bogʻlar muhim ahamiyatga ega boʻlishini koʻrib chiqamiz. Harorat va pH dagi oʻzgarishlar, shuningdek, ayrim kimyoviy moddalarning mavjudligi oqsil shaklining buzilishi va vazifasini yoʻqotishiga olib kelishi mumkin, bu jarayon denaturatsiya deb ataladi.
Oqsil turlari va vazifalari
Ahamiyati
|
Misollar
|
Vazifasi
|
Hazm fermentlari
|
Amilaza, lipaza, pepsin
|
Ozuqa moddalarni kichik boʻlaklargacha parchalaydi va ularning absorbsiyalanishini osonlashtiradi
|
Tashuvchi oqsillar
|
Gemoglobin
|
Moddalarning qon yoki limfa tarkibida tana boʻylab harakatlanishini taʼminlaydi
|
Tuzilish oqsillari
|
Aktin, tubulin, keratin
|
Sitoskelet kabi turli tuzilmalarning qurilishida qatnashadi
|
Gormon signalizatsiya oqsillari
|
Insulin, glyukagon
|
Organizmning turli sistemalari faoliyatini muvofiqlashtiradi
|
Himoya oqsillari
|
Antitanalar
|
Organizmni begona patogenlardan himoya qiladi
|
Qisqaruvchi oqsillar
|
Miozin
|
Mushaklar qisqarishini taʼminlaydi
|
Zaxira oqsillari
|
Urugʻ zaxira oqsillari, tuxum hujayra tarkibidagi albumin oqsillari
|
Embrionning yoki urugʻning erta rivojlanishini ozuqa bilan taʼminlash uchun kerak
|
Do'stlaringiz bilan baham: |