O‘qitish shakl va uslublari
Reja:
1. ‘Informatika va AT’ fanini o’qitishning shakl, usul va vositalari.
2. ‘Informatika’ fanini o’qitish usullari - indukstiya, dedukstiya, analogiya; birinchi va aniqlangan tushuncha; aniqlangan ko’rinish; kirish tushunchasi va usuli.
Tayanch tushunchalar: dars, darsni tashkil qilish, guruhli, ma’ruza, amaliy, laboratoriya.
Umum o’rta va o’rta maxsus ta’lim muassasalarida ‘Informatika’ fanini o’qitishning zamonaviy shakl, usul va vositalari.
O’qitish shakllari.O’qitish shakllari pedagogik jarayonni tashkil etishning tarixan mavjud bo’lgan, barqaror va mantiqan tugallangan ko’rinishi bo’lib, unga muntazamlik va yaxlitlik, o’z-o’zini rivojlantirish, shaxsiylik va faoliyatli xarakter, ishtirokchilar tarkibining doimiyligi, o’tkazishning muayyan tartibi mavjudligi xosdir.
Insoniyatning tarixining dastlabki davrlarida ta’lim berish odamlarning mehnat faoliyati, kundalik turmushi bilan uzviy bog’langan hamda bilim berish va o’rgatish yakka tartibda olib borilgan. Davr o’tishi bilan ko’pchilikka bilim berish ehtiyoji paydo bo’la boshlagan. Ta’limning mazmuni, bilimlarning murakkablashuvi, bolalarni guruh-guruh qilib o’qitishni taqozo etgani holda, ta’lim-tarbiya bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar, ya’ni o’qituvchilarni tayyorlash zaruriyati kelib chiqdi.
O’rta Osiyo tarixiga nazar solar ekanmiz, eramizdan ilgari mingginchi yillarda Zardo’shtiylik otashxona ibodatxonalarida qohinlar yoshlarni to’plab, ularga zaruriy bilim berish bilan shug’ullanganligi ‘Avesto’ va boshqa tarixiy manbalardan bizga ma’lum bo’ladi. Taxminan shu vaqtning o’zida bolalarni bir joyga yig’ib o’qitish Misrda ham tashkil qilinganligi tarix sahifalaridan bizga etib kelgan. Misrliklardan o’rganib, bolalarni to’plab o’qitish odati qadimgi Yunonistonda ham olib borilganligi, ularda Sparta va Afina maktablari bo’lganligi hammaga ma’lum. Ammo qadimga ta’lim-tarbiyani qat’iy chegaralangan vaqtda, bir xil yoshdagi bolalar bilan olib borish, ta’lim mazmunini bosqichma-bosqich berish masalasiga aniqlik kiritilmagan edi.
Ta’limning tashkiliy masalalari Al-Farobiyning ‘Fan va aql-zakovat’ asarida o’quv fanlarini guruhlarga bo’lib o’qitish, ularning tarbiyaviy mohiyatini ochish masalalariga e’tibor berilgan. Bu masalalar Ulug’bek davrida ham ko’tarilib, ma’lum darajada amalga oshirilgan.
Pedagogika tarixida, ta’lim-tarbiyani tashkil etishning asosiy shakli dars hisoblangan sinf-dars tizimini birinchi bor chex faylasuf olimi va pedagogi Yan Amos Komenskiy (1592-1670) ishlab chiqqan va amaliyotda joriy etgan.
Dars – ta’limning asosiy shakli bo’lib, u ilmiy, tizimli, tushunarli, ongli va faol bo’lishi, bilimlar mustahkam o’zlashtirilishi, o’quvchi-talabalarning shaxsiy xususiyatlari e’tiborga olingan holda tashkil etilishi shart. Bu-didaktikaning asosiy prinstiplaridir.
Ta’lim berishda eng asosiysi talabalarga dars berish hisoblanadi. Dars, o’z navbatida, bir butunlik bo’lib, quyidagi qismlardan tashkil topgan:
o ta’lim-tarbiya oluvchi;
o o’quv dasturlari;
o darslik, o’quv qo’llanma, o’quv-uslubiy qo’llanma hamda didaktik materiallar;
o pedagogik usul va uslublar;
o o’qitishning texnik vositalari.
Darsning bu besh qismi o’zaro funkstional bog’liklikda bo’lib, bir butunlik, ya’ni dars degan majmuani tashkil qiladi. Birining mavjudligi boshqasining mavjudligini taqozo etib, birining yo’q bo’lishi boshqa barcha qismlarining faoliyatini yo’qqa chiqaradi. Bu qismlarning har biri, o’z navbatida, bir butunlik (majmua) bo’lib, bir necha qismlardan tashkil topgan.
Dars-aniq maqsadni ko’zlab, berilgan vaqtda bir xil yoshdagi o’quvchi-yoshlar bilan o’qituvchi rahbarligida olib boriladigan mashg’ulot.
Darsning maqsadi, mazmuni, hajmi ta’lim standartlari (o’quv dasturi, reja, darslik) asosida belgilanadi. O’qituvchi uchun dars o’quv ishlarining asosiy tashkiliy shakli ekan, u bu jarayonda:
1. har bir sinfda o’quvchilarning yoshi va bilim darajasi bir xil bo’lishiga;
2. dars qat’iy jadval bo’yicha belgilangan aniq muddatda olib borilishiga;
3. dars o’qituvchi rahbarligida butun sinf bilan va alohida o’quvchilar bilan ishlash shaklida olib borilishiga;
4. dars o’quv fanining xarakteri, o’tilayotgan materialning mazmuniga qarab turli usullar va vositalar yordamida olib borilishiga va uzluksiz ta’lim tizimining bir qismi sifatida tugallangan bilim berilishiga va navbatdagi bilimlarni o’zlashtirish uchun zamin yaratilishiga qattiq rioya qilinishi shart.
Dars-ta’limning asosiy shakli ekan, u ilmiy, tizimli, tushunarli, ongli va faol bo’lishi, bilimlar mustahkam o’zlashtirilishi, o’quvchi-talabaning shaxsiy xususiyatlari e’tiborga olingan holda tashkil etilishi shart.
Pedagogika fani dars oldiga bir qator didaktik talablarni qo’yadi. Jumladan:
1. har bir dars aniq maqsadni ko’zlagan holda puxta rejalashtirilmog’i yoki loyihasi tuzilmog’i lozim. Bu jarayonda o’qituvchi darsning ta’limiy va tarbiyaviy maqsadini belgilaydi. Dars bosqichlarini, ya’ni qanday boshlash, yangi materialni qanday o’tish, qanday tomomlash, ko’rgazmali va didaktik materiallardan qanday foydalanish kabilarni oldindan hal qilib oladi.
2. Har bir dars aniq g’oyaviy izlanishga ega bo’lishi lozim.
3. Har bir dars maktabning ijtimoiy muhit imkoniyatini hisobga olgan holda amaliyot bilan bog’lanmogi, ko’rgazmali vositalar bilan jihozlanmog’i lozim.
4. Har bir dars, dars xarakteriga mos usul va uslublardan samarali foydalanilgan holda tashkil etilishi lozim.
5. Dars uchun ajratilgan vaqt va uning daqiqalaridan tejamkorlik va unumli foydalanish lozim.
6. Dars jarayonida o’qituvchi va o’quvchi o’zaro faol munosobatda bo’lishi shart, o’quvchi talaba passiv tinglovchiga aylanmasligi kerak.
7. Mashg’ulotlar butun sinf bilan va har bir o’quvchi bilan, ularning shaxsiy xususiyatlarini e’tiborga olgan holda olib borilishi yuqori samara beradi.
8. Darsning mazmuni va xarakteriga qarab xalqimizning boy ma’naviy merosidan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
9. O’tilayotgan mavzuning mazmuniga bog’liq holda mustaqil O’zbekistondagi o’zgarishlardan o’quvchi va talabalarni xabardor etish lozim.
Dars bolalarga bilim berish va berilgan bilimni ularning ko’nikmasiga aylantirishda asosiy rol o’ynaydi. Shu sababli o’quv mashg’ulotlarida ajratilgan vaqtning asosiy qismi dars o’tish uchun sarflanadi.
Ta’lim tizimida tajribadan o’tgan dars turlari quyidagilardan iborat.
1. Yangi bilimlarni bayon qilish darsi.
2. O’quv materialini mustahkamlash darsi.
3. Takrorlash va bilimlarni umumlashtirish darsi.
4. O’quvchilarning o’zlashtirishini nazorat qilish va baholash.
5. Uyg’unlashgan darslar.
Ta’lim jarayonida eng ko’p qo’llaniladigan yangi bilimlarni bayon qilish darsidir. Bu darsning tuzilishi quyidagicha:
- Darsni tashkil etish;
- Yangi bilimlarni bayon qilish;
- Yangi bilimlarni mustahkamlash;
- Yangi bilimlar ustida mashq o’tkazish;
- Yangi bilimlarga bog’liq uy mashg’ulotlarini berish.
Do'stlaringiz bilan baham: |