Mezodermaning hosil bo‘lishi.
Gastrulyasiya jarayonida embrionning uchinchi qavati yoki varaq mezoderma ham hosil qiladi (mesos - o‘rta). Umuman, ko‘p hujayrali hayvonlar embrion varag’ining soniga qarab, ikki guruhga bo‘linadi:
1. Ikki qavatli hayvonlar, bularga bulutlar, kovakichlilar, taroqlilar kiradi.
2. Uch qavatli hayvonlar, bularga yassi, yumaloq chuvalchanglar va ulardan keyingi hamma tip vakillari kiradi.
Yuksak tuzilgan ba’zi hayvonlarda mezoderma boshqa qavatlar bilan bir vatda hosil bo‘ladi. Ba’zilarida esa ekto va entodermadan keyin hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham oldin paydo bo‘ladigan ektoderma va entoderma embrionning birlamchi varaqlari deb ataladi. Keyinroq hosil bo‘ladigan mezoderma esa embrionning ikkilamchi varag’i deb ataladi.
A B V G
3-rasm. Mezodermaning hosil bo‘lish usullari
A-teloblastik; B-enterosel; V-delyaminasiya; G-selomik mezoderma.
Mezoderma quyidagi ikki usul bilan hosil bo‘ladi:
1. Enterosel usul. Bunda mezoderma cho‘ntaksimon o‘simta shaklida birlamchi ichakning ikki yon tomonida hosil bo‘ladi. Agar mezoderma ektoderma va entoderma bilan bir vaqtda taraqqiy etsa, unda mezoderma bu varaqlarning chegarasida, ularning biri ikkinchisiga o‘tadigan joydan hosil bo‘ladi. Agar mezoderma ekto va entodermadan keyin hosil bo‘lsa, bunda entodermadan rivojlanadi. Mezoderma o‘simtasining ichi bo‘sh bo‘lib, bu bo‘shliq ikkilamchi tana bo‘shlig’i - selomning boshlang’ichi hisoblanadi. Mezodermani hosil qiladigan material entoderma bilan birgalikda ichiga botib kiradi va u birlamchi ichak yoki arxenteron deb ataladi. Mezoderma arxenterondan uning devorining ichiga botib kirishi natijasida hosil bo‘ladi. Mezoderma va xorda ajralgandan keyin faqat entoderma oladi va arxenteron ikkilamchi (definitiv) ichak bo‘shlig’iga aylanadi.
2. Teloblastik usul. Bunda ikkita blastomer ektoderma entodermaning o‘rtasiga tushib oladi va undan mezoderma taraqqiy etadi. Birlamchi og’izli hayvonlarda mezoderma teloblastik usul bilan, ikkilamchi og’izli hayvonlarda esa enterosel usul bilan hosil bo‘ladi. Mezodermadan parenxima to‘qimasi hosil bo‘ladi. Bu to‘qima postembrional taraqqiyot davrida biriktiruvchi to‘qimaga aylanadi. Yassi chuvalchanglarda, nemertinlarda, zuluklarda parenxima hujayralari organlar o‘rtasidagi bo‘shliqlarni to‘ldiradi. Shuning uchun ularni parenximatoz hayvonlar ham deyiladi. Parenxima hujayralarida oziq moddalar to‘planadi va bu oziq moddalardan regenerasiya va boshqa anatomik, fiziologik o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Ba’zi organlar (jigar, o‘pka, bezlar) parenxima hujayralaridan tuzilgan bo‘lib, ular muhim vazifalarni bajaradi. Parenxima grekcha para-yonida, yenxima-nimadir to‘kilgan, yoyilgan, ya’ni organlar o‘rtasida nimadir to‘kilgan, degan ma’noni bildiradi. Mezoderma hosil bo‘lish jarayonida embrion to‘qimalari-mezenxima hosil bo‘ladi. Mezenxima grekcha mezos-o‘rta, enxima-to‘kilgan, uyilgan degan ma’noni bildiradi. Bu to‘qima mezodermadan hosil bo‘ladigan organlar qurilishida ishtirok etadi, embrionda tayanch vazifani bajaradi va embrion hujayralarini oziqlantiradi. Keyinchak mezenximadan qonning shaklli elementlari, biriktiruvchi to‘qimalar – tog’ay, suyak, silliq tolali muskul, qon tomirlari va teri hosil bo‘ladi.Mezenxima embrionning ekto, ento va mezoderma qavatlaridan chiqib ketgan blastomerlardan hosil bo‘ladi. Postembrional taraqqiyot davridagi ham differensiallashgan biktiruvchi to‘qimalar (fibroblastlar, retikulyar hujayralar) ham mezodermadan hosil bo‘ladi. Parenxima faqat mezodermadan, mezenxima esa embrionning har uchala qavatidan hosil bo‘ladi.
Entoderma hujayralari ektoderma hujayralariga nisbatan yirikroq bo‘ladi. Embrion varaqlarining shakllanishi va ulardan turli organlarni paydo bo‘lishi differensiallanish yoki takomillashish deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |