DUNYONI QIZG'ANMA
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor.
Mening bu olamda o'z aytar so'zim
Va o'zim sig'inar mozorlarim bor.
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.
Sen yurgan tog'larda qolmagay izim,
Sen kechgan daryodan kechmasman aslo.
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq,
Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim,
U sening kulbangdan juda ham yiroq.
* * *
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Sho‘xchan she’rlar aytdi sevgi nomidan.
Hammani kuldirdi, qiz esa faqat
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Yig‘lab, faryod chekdi sevgi nomidan.
Hammani yig‘latdi, qiz esa faqat
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Na kuldi, na qatra to‘kdi yoshini.
U kuyladi mag‘rur, qiz bo‘lsa shu vaqt
Huzuriga keldi egib boshini.
«MUNOJOT»NI TINGLAB
Qani ayt, maqsading nimadir sening,
Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang,
Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim,
Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am!
Eshilib, to‘lg‘anib infanadi kuy,
Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod.
Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin,
Va yo may kuychisi Hayyommikin, dod!
Bas, yetar, cholg‘uchi, bas qil sozingni,
Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar,
Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir...
Agar shu «Munojot» rost bo‘lsa agar.
Agar aldamasa shu sovuq simlar,
Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo.
Sen beshik emassan, dorsan, tabiat,
Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!
Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot».
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod!
DORBOZ
Bulutlarga yondosh, osmon ostida,
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida,
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar, uni olqishlang,
Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam,
Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiklar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham.
* * *
Bahor kunlarida kuzning havosi,
Tanimni junjitar oqshom shamoli.
Nega buncha g‘amgin nayning navosi,
Nega qalbim to‘la o‘kinch va malol?
Barglar orasiga tinmasdan sira
Oshno yulduzlardan to‘kiladi nur.
Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.
Mag‘lub bahodirning nayzasi misol
Ma’yus egiladi terak uchlari,
Barglar soyasida o‘ynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari.
Atrofimda yotar garib bir viqor,
Bilmam, nega uchdi qalbim safosi.
Nima ham qilardim, na ilojim bor.
Bahor kunlarida kuzning havosi.
UMR
Qalbimda goh g‘urur, gohida farah,
Shu uchqur dunyoni turfa ko‘ribman.
Yurtma-yurt, elma-el, farsax-bafarsax
Umrim dovonlarin o‘lchab yuribman.
Umr-ku o‘tadi gulduros solib,
Uning o‘tganini kim ham ko‘ribdi?
Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib,
Mening qadamimni o‘lchab yuribdi...
Do'stlaringiz bilan baham: |