HIDOYAT YO‘LI
Islomning muqaddas arkonlari bor,
Haj, ro‘za, namozu zakot va jihod.
Ular bog‘liq erur iymonga poydor,
Bajargan har mo‘min topgaydir najot.
Ro‘za va namoz-ku hamrohdir doim,
Zakot ham topilgay ba qadri imkon.
Imoning to mahshar bo‘lsin but, qoim,
Lekin jihod nedur? Nahot jang va qon?
Qay mo‘min hidoyat yo‘lini bilsa,
Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.
Rasululloh demish: — Kimki haj qilsa,
O‘shadir dunyoda eng yaxshi jihod.
19.12.2007 y.
YANGI DAVRA
Bir davrada men o‘zimni begona sezdim,
Go‘yo boshqa sayyoraga kelganday sayyoh.
Turfa nozik buyumlardan qamashib ko‘zim,
Qo‘rqar edim, tegib ketmay deya banogoh.
Ahli davra g‘oyat po‘rim, g‘oyat maftunkor,
Har birining imosida nazokat ayon.
Ular ta’zim qilishardi takror va takror,
Taqib olgan uzuklari yaltirar shoyon.
Men-chi, yolg‘iz o‘ltirardim ko‘rgan kabi tush,
Bo‘yinboqqa mos kelganmi men kiygan ko‘ylak?
Talay sanchqi, qoshiqlarga boqardim xomush,
Qaysi birin qaysi qo‘lga olmog‘im kerak?
Shu on qo‘shiq yangrab qoldi yorug‘ sahnada,
G‘amginmidi, shodmonmidi — bilmasdim, valloh!
May ichmasdan mastday edim o‘sha lahzada,
Mening uchun qadah so‘zi aytilmishdir, voh!
Yangi zamon g‘unchalari, sizlarga salom,
Bitta ko‘hna mo‘miyoni siylamishsiz, bas.
Nabiralar ko‘rsatibdi menga ehtirom,
Demak, ushbu davrada men begona emas.
31.12.2007 y.
YOSHLIGIM
Olis qishlog‘imning ko‘chalarida
Tuproqni changitib yurgan yoshligim.
Janubning yulduzli kechalarida
Uxlamay xayollar surgan yoshligim.
Orzular qaygadir chorladi bir choq,
Ortda qolib ketdi u aziz tuproq.
Kimgadir shogirdu kimgadir o‘rtoq
She’r bilan suhbatlar qurgan yoshligim.
Tanidim yurtimni, qadim elimni,
Alisher so‘zlagan suluv tilimni.
Va lekin yovlarim to‘sib yo‘limni
Ne zabun kunlarni ko‘rgan yoshligim.
Dunyoda birovni kamsitmoq yomon,
Yomondir seniki bo‘lmasa zamon.
Topolmay bir chora, topolmay imkon
Yo‘lin yolg‘izlikka burgan yoshligim.
Shukur, to‘zonlarda qolmadim so‘lib,
Keldi xush davron ham shavqlarga to‘lib.
Endi ro‘paramda nabiram bo‘lib
Mardona qad kerib turgan yoshligim.
25.12.2007 y.
MULK
Sen meni kechirgin gaplarim uchun,
O‘rinsiz so‘zlarim uchun kechirgin.
Sening yuzlaringga boqib tunu kun
To‘ymagan ko‘zlarim uchun kechirgin.
Fikring menikidir, zikring meniki,
Menga taalluqli go‘zalliging ham.
Qolgan barcha mulking, mayli, seniki,
Ayt-chi, nima qoldi o‘zingga, erkam.
10.01.2008 y.
IBRAT
Dunyoning ajoyib ibratlari bor,
O‘sha boshqaradi umr kemasin.
Do‘stiga mehrini etganda izhor,
Hech kim ko‘kragidan tepki yemasin.
Qanchalik balandga chiqmasin odam,
Aslo unutmasin Halloq — egasin.
Mayli gunohiga iqror bo‘lsa ham,
Savob ishin esa qildim demasin.
Do'stlaringiz bilan baham: |