ONA TILIMIZDA MA’NODOSHLIKNING AHAMIYATI
Ona tilimizning o‘ziga xoslikliklari juda ko‘p. Shuning uchun ham, u ko‘zimizga juda boy va jozibali bo‘lib ko‘rinadi. Hayotimizda biz e’tibor beradigan va bermaydigan nozik jihatlar shunchalar ko‘pki, uni qanchalik tadqiq qilgan sari shuncha ma’no-mazmun chiqib kelaveradi. Birgina qiziqchi va askiyachilarning kinoya hamda qochirimlari bunga yaqqol dalildir.
Ona tilimizning ana shunday diqqatnitortadigan tomonlaridan biri-ma’nodoshlikdir.
Ona tilimizda sinonimlar ko‘p qo‘llanadi. Lug‘aviy sinonimlar ma’nosiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. To‘liq sinonimlar.
2. Ma’noviy sinonimlar.
To‘liq sinonimlar ma’nosida va ishlatilishida bir-biridan farq qilmaydi, masalan: tilshunoslik va lingvistika atamalari aynan bir tushunchani anglatadi, ularning biri o‘rnida ikkinchisini ishlatish mumkin.
To‘liq sinonimlar boshqa tillardan so‘z olinishi natijasida hosil bo‘ladi: respublika, jumhuriyat; doston, poema; kosmos, fazo.
Ma’noviy sinonimlarda sinonimik qatordagi so‘zlar bir-biridan nozik ma’nosi bilan farq qiladi. Masalan, nam, ho‘l, shalabbo sinonimlarida ho‘llik darajasi; tiqillatdi, taqillatdi, dukillatdi, gursillatdi sinonimlari taqillatish darajasi har xilligini ifodalaydi.
Sinonimlarning qo‘llanishiga ko‘ra ayrim ko‘rinishlari bor.
Uslubiy sinonimlar ma’lum bir uslubda qo‘llanib, boshqa uslubda qo‘llanmasligi bilan bir-biridan farq qiladi, masalan: keldi, tashrif buyurdi uslubiy sinonimlaridan tashrif buyurdi so‘zi kitobiy uslubdagina ishlatiladi. Ko‘klam, bahor; oftob, quyosh sinonimlaridan ko‘klam, oftob so‘zlari o‘rnida ilmiy uslubda ko‘proq bahor, quyosh so‘zlari ishlatiladi.
Uslublarni yaratishda, belgilashda o‘rinli qo‘llangan uslubiy
sinonimlarning ma’lum ahamiyati bor.
Nutqda frazeologik sinonimlar ham qo‘llaniladi bunda bir frazeologik birlik boshqa bir frazeologik birlikka sinonim bo‘ladi. Masalan: qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish-hafsalasi pir bo‘lish; kayfi uchib ketdi-yuragi yorilayozdi va boshqalar.
Frazeologik birliklar bilan so‘zlar sinonim bo‘ladi: esi chiqib ketdi-qo‘rqdi; yog‘ tomsa yalaguday-top-toza; lom-mim demadi-gapirmadi, indamadi.
Frazeologik sinonimlar ko‘proq so‘zlashuv uslubida va badiiy uslubda ishlatiladi.
Lug‘aviy va frazeologik sinonimlardan tashqari, grammatik sinonimlar ham bor. Grammatik sinonimlar morfologik sinonimlar va sintaktik sinonimlardan iborat. Hozirgi zamon davom fe’lini hosil qiluvchi -yapti, -(a)tir, -moqda (kelyapti, o‘qiyotir, ishlamoqda) qo‘shimchalari morfologik sinonimladir. Kuz shamoli, kuzgi shamol; ishni boshlash, ishga kirishish; inshoni o‘qish, inshodan o‘qish kabi so‘z birikmalari; xat yozdim, xat yozildi kabi gaplar sintaktik sinonimlar hisoblanadi.
Lug‘aviy, frazeologik va grammatik sinonimlarning hammasi birgalikda ma’nodoshlik deb yuritiladi. Ma’nodoshlik uslubiyatning asosi hisoblanadi.
Darhaqiqat, ona tilimida bu nozik tushunchalarning o‘rni shunchalar ahamiyatliki, hatto biz ulardan beixtiyor foydalansak ham. Bu qoidalardan xabari yo‘q kishi ham ulardan deyarli har kuni foydalanadi. Masalan, biz hech qachon nafratga loyiq deb hisoblagan kishilar hususida: “U menga qarab chiroyli iljaydi”,-deb aytmaymiz. Bu yerda chiroyli so‘zi ortiqcha hisoblanadi, yoki kinoya ma’nosida qo‘llanishi mumkin. Va aksincha: “Uning chehrasi juda xunuk ekan”,-degan mulohaza ham tushunarsiz vaziyatni yaratadi.
Nima bo‘lganda ham, har bir vaziyatga aniq baho berib,
so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llay bilishimiz lozim. Buning uchun qoidalarni aynan yodlab olish shart emas, balki ko‘proq badiiy asar namunalarini o‘qish foydaliroqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |