4-MA`RUZA: ONA TILI DARSLARIDA O`QITUVCHINING FAOLIYATI
(2 soat)
Reja:
O`qituvchining darsga tayyorgarligi.
Dars mazmunnomasidan namuna
.Dars metodlari haqida umumiy tushuncha.
Ona tili ta`limida o`qituvchi faoliyati bilan bog`liq metodlar.
Ona tili ta`limida o`quvchi faoliyati bilan bog`liq metodlar.
Ona tilidan ta`lim metodini tanlash muammosi.
O`qituvchining darsga tayyorlanishi. Dars samardorligi o`qituvchining unga tayyorgarlik ko`rishiga bog`liq. Puxta tayyorgarlik asosida o`tkaziladigan dars qiziqarli o`tadi va ko`zlangan maqsadga erishadi. O`qituvchi darsga tayyorlanar ekan, avvalo darsning maqsadini puxta o`ylab ko`rmog`i lozim. Mashg`ulotning ta`limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlari aniq, ularni o`zaro uyg`un holda qanday qilib amalga oshirish yo`llari belgilanmasa, samardorlikka erishib bo`lmaydi.
Darsning metodini to`g`ri tanlash o`qituvchidan puxta nazariy bilim va pedagogik mahorat talab etiladi. Yangi bilim berish darslarida ko`proq muammoli o`qitish metodiga asoslanilsa, egallangan bilimlarni ko`nikma va malakaga aylantirish maqsadlarida qisman qayta xotirlash xarakteridagi topshiriqlardan ham, ijodiy xarakterdagi topshiriqlardan ham foydalaniladi. Dars metodini tanlashda o`qituvchi o`quvchilarning real o`quv imkoniyatini, o`rganiladigan mavzuning talabi kabilarni ham hisobga oladi.
Darsga tayyorgarlik jarayonida o`qituvchi jarayonida o`qituvchi o`rganiladigan mavzuga bog`liq ilmiy va metodik adabiyotlar bilan puxta tanishib chiqishi lozim. O`zbek tilshunosligi fanining so`nggi yillarda qo`lga kiritgan yutuqlardan xabardor o`qituvchigina darslikdagi topshiriqlar talabini tushunadi va har bir topshiriqdan maqsadni ilg`aydi.
Ijodkor o`qituvchi darsni darslik qolipi asosida ko`rmaydi, balki uni yaratadi. Darsga tayyorgarlik ko`rishda o`qituvchi darslikdagi qaysi mashqlardan foydalanishini, mashq shartlariga qanday qo`shimchalar yoki o`zgartirishlar kiritishi mumkinligini, mahalliy o`lka materiallari bilan dars materialini bog`lash imkoniyatlarini o`ylab ko`rishi va rejalashtirishi lozim.
O`qituvchi o`quvchilarga beriladigan savollarni puxta o`ylab ko`rishi, javobda chiqariladigan o`quvchilarni oldindan belgilashi, uyga beriladigan vazifani belgilashi lozim.
O`qituvchi yangi yo`nalishdagi “Ona tili” dasturi va darsliklari bilan ishlashga ham o`zini tayyorlashi kerak. Darslikdagi har bir mashq, topshiriq, matn, rivoyat va latifa ma`lum bir maqsadni ko`zlaydi va bu ko`p hollarda yashiringan bo`ladi. ko`pincha ko`zlangan maqsad 2-3 mashqni bajargandan keyin ravshan bo`ladi. chunki maqsadni birinchi qadamdayoq ma`lum qilish o`quvchining fikrlashiga, ijodiy mushohada yuritishiga to`sqinlik qilishini nazarda tutib mualliflar ularni bosqichma-bosqich berishgan. O`qituvchi har bir mashqdan ko`zlangan yuzaki (zoxiriy), ilk bosqich maqsadni va asosiy (botiniy) tugal maqsadni to`liq bilmasa, puxta bilim berishga erisha olmaydi. Yuzaki maqsad yordamchi vosita bo`lib, tub maqsadga erishish uchun bir bosqichdir. Ayrim hollarda tub maqsadni topish o`quvchining o`ziga havola etiladi. Chunonchi, “Ona tili”dan 5-sinflar uchun yaratilgan sinov darsligida “Fanni bilish uning atamalarini tushunish demakdir” (315-mashq) matni berilgan. Bundagi tub maqsad esa har bir fan, kasb-kor, soha lug`atlaridan foydalanish, shunday lug`at daftarchalari tuzishga undashdir.
O`qituvchi darsdagi ayrim matnlarning serqirraligi, ular asosida turli-tuman hukmlar chiqarish mumkinligini ham unutmaslik kerak. Masalan, 20-mashq (5-sinf)ni o`qib quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Bir ishni boshlab, uni uzluksiz davom ettirsa, ma`lum bir yutuqqa erishish mumkin.
Oldingi bilim esdan chiqmagan bo`lsa, yangi olingan bilim uni oshiradi.
Tanlangan yo`ldan burilmasdan borish muvaffaqiyat (yuksalish) garovidir.
Darslikda talaygina rivoyatlar berilgan bo`lib, ular o`quvchidan ijodiy fikrlashni va o`z nuqtai nazarini bayon qilishni talab etadi. O`qituvchi oldindan bu rivoyatlarni o`qib, buning asosida qanday xulosaga kelish mumkinligini o`ylab ko`rishi lozim.
Yangi “Ona tili” darsliklarida mashqlar bosqichli ketma-ketlik tamoyili asosida berilgan bo`lib, ular bir necha topshiriqlardir. Shuning uchun o`qituvchi mashq va undagi har bir topshiriqlarning maqsadini tushunishi lozim. Bu o`rinda yana shuni ham ham alohida qayd qilish lozimki, ko`p topshiriqli mashqlarda bir topshiriqni bajarib, ikkinchisini chetlab o`tish o`quvchini asl maqsadidan uzoqlashtiradi. Demak, o`qituvchi darsga tayyorlanar ekan, har bir topshiriqning maqsadi, uni bajarish usuli, sarflanadigan vaqtni aniq hisobga olishi lozim.
Dars mazmunnomasini (konspektini) tuzish ham o`qituvchidan juda katta ma`suliyat talab etadi. Chunki mazmunnoma darsni ilmiy-metodik jihatdan to`g`ri tashkil etishga ko`maklashadi; 45 daqiqalik vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Dars mazmunnomasida darsning mavzusi, maqsadi metodi, jihozlanishi, uy topshirig`ining tekshirilish usuli, o`quv topshiriqlaridan foydalanish tartibi, o`quvchilarining mumlashmalar hosil qilishga undash yo`llari, hosil qilingan bilim va malaka va ko`nikmalarnitekshirish maqsadida o`rtaga tashlanadigan savollar, uyga beriladigan vazifa kabilar o`z ifodasini topadi. Quyidagi dars mazmunnomasidan namuna keltiramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |