Kurs ishining ilmiy va amaliy ahamiyati. Kurs ishining ilmiy ahamiyati ta’lim bosqichlari ona tili ta’imida til bo‘limlarini o‘rganish holatini aniqlashda hamda ularni o‘qitishning nisbatan qulayroq va samaraliroq shakl va usullarini tavsiya etishda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, tadqiqotning xulosalari va tahlil materiallari til sathlarini didaktik o‘yinlar asosida tashkil etish masalalariga oydinlik kiritadi, uni o‘rganishda va ta’lim bosqichlarida qo‘llashda manba bo‘la oladi va ishlab chiqilgan mashqlar tizimi amaliy material bo‘lib xizmat qiladi.
Kurs ishining tuzilishi va hajmi. Kurs ishi 2 ta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I.bob. Ona tili darslarida taqqoslash metodidan foydalanish
1.1. Taqqoslash usulini tilning barcha sathlarini o’qitishda qo’llash mumkin
Til hodisalarini tahlil qilish jarayonida taqqoslash muhim o’rin tutadi. O’quvchilar berilgan hodisalarni, til materiallarini bir-biriga qiyoslaydilar. Qiyoslash asosida bir-biriga yaqin yoki o’xshash hodisalarning umumiy hamda farqli tomonlarini aniqlaydilar. Bu esa o’rganilayotgan hodisa haqida to’g’ri, chuqur va asosli xulosa chiqarishga yordam beradi. Taqqoslash usulidan tilning barcha sathlarini o’qitishda foydalanish mumkin. Fonetika bo’limida nutq tovushlarini, so’z tarkibini o’rgatishda so’zning ma’noli qismlarini, leksikologiya bo’limida so’zlarni, morfologiya bo’limida so’z turkumlarini va grammatik shakllarni, sintaksisda esa so’z birikmalarini, gaplarni va matnlarni qiyoslab o’rgatish imkoniyatlari mavjud. Asosiy masala o’qituvchining dars jarayoniga shu usulni qaytarzda olib kira olishiga bog’liq.
Tildagi ko’plab hodisalar taqqoslashga asoslangan ijodiy amaliy topshiriqlar orqali o’quvchining shaxsiy faoliyat mahsuliga aylanadi. Jumladan, 8-sinfda “So’z birikmasi” mavzusiga oid tushunchalarni shu asosda o’rgatish maqsadga muvofiqdir. Darslikda shu mavzuga oid “So’z birikmasi va so’zlar qo’shilmasi”, “So’z birikmasi va so’z”, “So’z birikmasi va ibora”, “Tasviriy ifoda”, “So’z birikmasi va qo’shma so’zlar”, “So’z birikmasi va gap” kabi mavzular berilganki, o’quvchi ularni faqat qiyoslab o’rganish asosidagina so’z birikmasi haqida mukammal xulosa chiqara oladi. Shulardan “So’z birikmasi va so’zlar qo’shilmasi” mavzusining o’rganilishini ko’rib chiqaylik. Mavzuga oid quyidagicha ijodiy amaliy topshiriqlar berilgan: 29-mashq. 1-topshiriq. Berilgan juftliklarni qiyoslab, ular orasidagi farqni izohlang.
1) Karimjonning akasi – Karim va akasi; 2) Mening otam – men bilan otam; 3) Gazetadagi maqola – gazeta va maqola; 4) Opasining qizi – opasi va qizi.
O’quvchilar berilgan juftliklar bilan tanishadilar, ularni kuzatadilar. Shundan so’ng o’qituvchi ular bilan quyidagicha suhbat o’tkazadi:
O’qituvchi. Berilgan juftliklarning o’xshash tomoni nimada ko’rinadi?
O’quvchi. Juftlikning har ikki qismidagi birliklar ikki so’zdan tashkil topgan.
O’qituvchi. Juftliklardagi birliklarning farqli tomonlari qaysilar?
O’quvchi. Juftliklarning chap tomonida berilgan birliklarda so’zlar o’zaro kelishik qo’shimchalari va ohang yordamida bog’langan. O’ng tomondagi birliklar tarkibidagi so’zlar esa teng bog’lovchilar va sanash ohangi yordamida bog’langan.
O’qituvchi. Qaysi tomondagi birliklar o’rni almashtirilsa, ularda o’zgarish yuz beradi?
O’quvchi. Chap tomondagi birliklar o’rni almashtirilsa, mazmunda ham, ularning tuzilishida ham o’zgarish yuz beradi. Masalan, gazetadagi maqola – maqola gazetada.
Ana shu savol-javoblar asosida o’quvchilar so’zlar o’zaro teng bog’lanishi va tobe bog’lanishi mumkin degan xulosaga keladilar. Tobe bog’lanishda so’zlar kelishik qo’shimchalari va ohang yordamida, teng bog’lanishda esa so’zlar teng bog’lovchilar hamda sanash ohangi yordamida bog’lanishini bilib oladilar. Tobe bog’lanish so’z birikmasini, teng bog’lanish esa so’z qo’shilmalarini hosil qiladi degan yakuniy xulosa chiqaradilar. Agar so’z qo’shilmalari va so’z birikmalari shunday tarzda yonma-yon qo’yilib, o’zaro qiyoslanmasa, o’quvchilar so’z birikmasini so’z qo’shilmalaridan aniq farqlay olmaydilar. Bulardan ko’rinadiki, taqqoslash usulini ona tili ta’limida qo’llash maqsadga muvofiqdir. Bu usul orqali o’quvchilar til hodisalari haqida aniq va puxta tushuncha hosil qiladilar, ularni bir-biriga qorishtirmaydilar.
Ona tili ta’limida taqqoslash usulining muhim o’rin tutishi haqida ko’p bora aytilgan. Til fanining barcha sathlarida bu usuldan foydalanish mumkin. Bundan ko’rinadiki eng kichik va eng yirik nutqiy hodisalarni o’rgatishda ham shu usuldan foydalanish imkoniyati bor. Tilning morfologiya sathida ko’plab so’z turkumlari, so’z shakllari haqida ma’lumot beriladi. So’z yasovchi qo’shimchalarni va so’z shakli yasovchi qo’shimchalarni o’rgatish jarayonida ulardagi omonimlik xususiyatiga duch kelinadi. Qo’shimchalardagi omonimlik xususiyati taqqoslsh orqali o’rgatilsa, o’quvchi uni ongli tarzda idrok qiladi, bu hodisa uning xotirasida uzoq vaqt saqlanadi. Ayrim qo’shimchalardagi omonimlik bir so’z turkumi doirasida yoki turli so’z turkumi doirasida, shuningdek, bir turkumdagi turli qo’shimchalar doirasida yuz beradi. Bunday hollarda taqqoslash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 7-sinfda “Fe’l so’z turkumi” o’rganilganda shu holatni kuzatish mumkin. O’quvchilar dastlab “Tub va yasama, sodda va qo’shma fe’llar” mavzusi bilan tanishadilar. Shu mavzu bilan tanishish jarayonida o’quvchilar bir necha fe’l yasovchi qo’shimchalarni bilib oladilar. Darslikdagi 37-38-mashqlar ishlanib, -r, -ar, -y, -ay qo’shimchalari to’g’risida ma’lumot beriladi. Shu qo’shimchalar sirasiga kiruvchi -a, -y, -ay qo’shimchalari ishtirokida ko’pay, kengay, qoray, sog’ay, ozay, toray, yasha, o’yna, qiyna kabi fe’llar yasaladi. Mashq orqali o’quvchilar bu qo’shimchalarning fe’l yasovchi qo’shimchalar ekanligini bilib oladilar. Mazkur qo’shimchalar omonim qo’shimchalar bo’lib, ular fe’lning turli shakllarini yasashda ham ishtirok etadi. Fe’lning ravishdosh shakli o’rganilganda, bu shaklni hosil qiluvchi qo’shimchalar qatorida -a, -y qo’shimchalari ham aytib o’tiladi. O’quvchilar 116-117-mashqlarni ishlash orqali ravishdosh shaklining shu qo’shimchalar yordamida ham yasalishini bilib oladilar. Keyingi mashg’ulotda 119-mashq ishlanadi va bunda asosiy e’tibor -a, -y qo’shimchalari yordamida yasaluvchi ravishdoshlarga qaratiladi. Shu o’rinda o’qituvchi fe’l yasovchi va ravishdosh shaklini yasovchi -a, -y qo’shimchalarini o’zaro taqqoslab o’tishi zarur. Buning uchun quyidagicha misollar yonma-yon qo’yiladi va o’zaro qiyoslanadi:
1. Nasim ukasi bilan o’ynadi. Toma-toma ko’l bo’lur.
2. Devor tutundan qoraydi. U ishlay-ishlay charchadi.
Misollar o’qitiladi va quyidagicha suhbat o’tkaziladi:
O’qituvchi. Birinchi gap juftligida berilgan o’ynadi, toma-toma so’zlariga e’tibor bering va ularning o’zagini toping, so’zlar tarkibidagi -a qo’shimchasining vazifasini aniqlang.
O’quvchi. O’ynadi so’zining o’zagi o’yin bo’lib, bu so’z ot turkumiga mansub. –a qo’shimchasi shu so’zga qo’shilib, o’yna fe’lini hosil qilgan. Demak, bu qo’shimcha fe’l yasovchi qo’shimchadir. Toma-toma so’zlarining o’zagi tom fe’li bo’lib, bu so’zlarga qo’shilib kelgan –a qo’shimchasi ravishdosh shaklini yasovchi qo’shimcha hisoblanadi.
O’qituvchi. Ikkinchi gap juftligida berilgan qoraydi va ishlay-ishlay so’zlarining o’zagini topib, bu so’zlarga qo’shilib kelgan –y qo’shimchasining vazifasini aniqlang.
O’quvchi. Qoraydi so’zining o’zagi qora sifati bo’lib, unga qo’shilib kelgan –y qo’shimchasi fe’l yasovchi qo’shimcha hisoblanadi. Yig’lay-yig’lay so’zlarining o’zagi yig’la fe’li bo’lib, uning tarkibidagi –y qo’shimchasi ravishdosh shaklini hosil qiluvchi qo’shimchadir.
O’quvchilar misollarni qiyoslash asosida –a, -y qo’shimchalarining omonimlik xususiyatini yaxshi bilib oladilar va quyidagicha xulosa chiqaradilar: -a, -y qo’shimchalari ot, sifat turkumidagi so’zlarga qo’shilganda fe’l yasovchi qo’shimcha hisoblanadi. Fe’llarga qo’shilib kelganda ravishdosh shaklini hosil qiladi. Bu taqqoslashning birinchi bosqichidir. Taqqoslashning keyingi bosqichi 7-sinfda “Xabar mayli” mavzusi o’tilganda o’tkaziladi. Xabar mayli tushunchasi orqali fe’lning zamon shakllari haqida ham ma’lumot beriladi. O’quvchilar 16-jadval bilan ishlash, 176-mashqda berilgan topshiriqni bajarish orqali fe’lning hozirgi-kelasi zamon shakllari -a, -y qo’shimchalarini qo’shish orqali hosil bo’lishini bilib oladilar. Masalan, boraman, o’qiyman kabi fe’llar hozirgi-kelasi zamon shaklidadir. Shu o’rinda yana taqqoslash usulini qo’llash zarur bo’ladi. Bu galgi taqqoslash murakkab ko’rinishga ega bo’lib, fe’l turkumiga oid uch xil hodisa o’zaro qiyoslanadi. Buning uchun o’quvchilar e’tiboriga quyidagi misollar havola qilinadi:
Gulnora qalamlarni sanadi. Nasiba yugura-yugura charchadi. Nodir ertaga uylariga boradi.
Borgan sari osmon qorayib borar edi. U ishlay-ishlay toliqdi. Bu kitobni ertaga o’qiyman.
O’quvchilar birinchi guruhda berilgan gaplarni o’qiydilar. O’qituvchi ularning e’tiborini gap tarkibida berilgan sanadi, yugura-yugura, o’qiyman fe’llari tarkibidagi –a qo’shimchasiga qaratadi. Bu ishni o’tkazishdan oldin fe’l turkumiga oid kirish suhbati o’tkazilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi. O’quvchilar o’qituvchi yordamida sanadi fe’lidagi –a qo’shimchasi fe’l yasovchi qo’shimcha, yugura-yugura so’zi tarkibidagi –a qo’shimchasi ravishdosh shaklini yasovchi qo’shimcha, boradi fe’li tarkibidagi –a qo’shimchasi fe’lning hozirgi-kelasi zamon shaklini yasovchi qo’shimcha ekanligini aniqlaydilar. Ikkinchi guruhdagi gaplar tarkibida ishtirok etgan qorayib, ishlay-ishlay, o’qiyman kabi fe’llaridagi –y qo’shimchasi ham shu tartibda tahlil qilinadi. Mashg’ulot davomida o’quvchilar -a, -y qo’shimchalarining har uchala ko’rinishiga misollar topadilar va izohlaydilar. Bu orqali ularning -a, -y qo’shimchalarining omonimlik xususiyati haqidagi bilimlari mustahkamlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |