O’LKADAGI KATTA SHAHARLAR
Hindistonning yetakchi nashrlaridan biri - “Times of India” gazetasining elektron sahifasida “Oʻzbekistondagi eng mashhur sayohat manzillari” (“Travel-worthy destinations in Uzbekistan”) sarlavhali maqola nashr etildi
Jurnalist Panchali Dey tomonidan yozilgan mazkur maqola oʻquvchilarni Oʻzbekistonning boy tarixi, xususan, qadimiy shaharlar va meʼmoriy yodgorliklar bilan tanishtirgan.
Unda qadimiy Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Buxoro, Xiva va Samarqand shaharlari bilan mashhur boʻlgan Oʻzbekiston, shubhasiz, xorijiy sayyohlar tashrifi uchun eng sevimli joylardan biri ekani qayd etilgan.
“Oʻzbekiston maydoni jihatidan Buyuk Britaniyadan ikki baravar katta boʻlib, oʻzining qadimiy tarixi va boy madaniy merosi bilan diqqatga sazovor. Hozirda mazkur mamlakatdagi 4 ta tarixiy majmua YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa, 6 ta nomoddiy meros YUNESKO Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan joy olgan”, deb yozadi mualllif.
P.Dey Oʻzbekistonga sayohat qilganda, uning nazarida, albatta koʻrish shart boʻlgan koʻplab manzillar haqida maʼlumot keltirgan.
Materialda Sharq gavhari - Samarqand shahriga oid maʼlumotlarga keng oʻrin ajratilgan.
Muallifning fikricha, Samarqand - madaniyatlar chorrahasidir. Garchi bu nom ushbu manzilga sayohat rejalashtirayotganingizda tasavvuringizda qadimiy davrlar obrazini uygʻotsada, Samarqand qadimiy anʼanalarni saqlab kelayotgan zamonaviy gavjum shahar hisoblanadi.
“Bu yerda boʻlgan vaqtingizda shaharning eng mashhur sayyohlik markazlari: Registon maydoni, Shohi-Zinda majmuasi, Amir Temur, Bibixonim maqbaralarini koʻrmay keta olmaysiz”, deb qayd etadi muallif.
Maqolada Oʻzbekiston poytaxti Toshkentning tarixiy ahamiyati bilan bir qatorda bugungi zamonaviy rivojlanishiga eʼtibor qaratilgan.
“Toshkent – Oʻzbekistonning poytaxti va shu bilan birgalikda Markaziy Osiyodagi eng yirik shahardir,- deb yozadi P.Dey. - Mazkur shahar oʻzida koʻpmillatli aholisi va madaniy rang-baranglikni saqlab qola olgan, uzoq tarixi davomida siyosiy, ijtimoiy, diniy oʻzgarishlarning guvohi boʻlgan”.
Muallif shahar oʻzining uzoq tarixi davomida turli sabablarga koʻra bir necha marotaba qayta qurilgani, jumladan, 1966-yilda roʻy bergan zilzila shaharga jiddiy talofot yetkazgani haqida maʼlumotlar keltirgan.
Mamlakatimiz tarixiy shaharlari va turizm salohiyatiga bagʻishlangan mazkur maqoladan oʻquvchilar Buxoro, Xiva va Termiz shaharlari tarixi, ziyorat manzillari haqida ham bilib olishi mumkin.
“Termiz shahri bugungi roʻyxatimizdan joy olishga har tomonlama haqlidir. Mazkur shaharga kelgach, Termiz arxeologik muzeyiga albatta tashrif buyuring. Undan soʻng «Kampirtepa” va “Fayoztepa” kabi mashhur tarixiy obidalarga sayohat rejalashtiring», deb qayd etgan “Times of India”.
“Times of India” gazetasi mamlakatdagi ingliz tilida chop etiladigan ommabop nashrlardan biri hisoblanadi. Gazetaning kunlik adadi 3 milliondan oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |