X U L O S A
Shunday qilib, ushbu magistrlik dissertatsiyasida lazerlarning ishlash prinsiplari, turlari va turli sohalarda qo‘llanilishi atroflicha tahlil etildi. Lazerlarning turiga mos ravishda qo‘llanilishiga batafsil e’tibor berildi. Bunda lazer nurlarining to‘lqin xususiyatini e’tiborga olgan xolda turli moddalarga, ularning sirtiga ta’sirining mohiyati ochib berildi. An’anaviy tarzda issiqlik manbai hosil qiladigan lazer nuri ta’siri bilan bir qatorda uning fizik moxiyatan yangi molekulyar bog‘lanishni buzishga olib keluvchi energetik ta’siri ham o‘rganildi.
Lazer nurlarining texnologik jarayonlarda qo‘llanilishiga kengroq to‘xtalgan xolda, metall listlarga ishlov berish, buning uchun lazerning to‘lqin uzunligi, manbai, energiyasi, vaqtli xarakteristikalarini oldindan to‘g‘ri tanlash muhimligi mohiyatan ochib berildi. Misol tariqasida universal tarzda qo‘llaniladigan kamquvvatli LIS-25 texnologik lazerining xususiyatlari, texnik xarakteristikalari va uni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganildi. Shuningdek texnologik lazerlarni samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Boshqa materiallar kabi lazer nurlarining yarimo‘tkazgich materiallarga, xususan kremniyga, uning sirtiga ta’siri batafsil o‘rganildi.
Natijada bir qator foydali hulosalarga kelindi:
Eksperimental tarzda lazer nurining ta’sirida yupqa kremniy qatlami elektr o‘tkazuvchanligining o‘zgarishi o‘rganildi. Lazer nuri quvvatining 60-70 Vt diapazonda o‘zgarishi orqali yupqa kremniy qatlamining elektrofizik parametrlarini anchagina yaxshilash mumkin. Lazer nuri yordamida toblash texnologiyasini yupqa kremniy qatlamli asboblar yaratishda qo‘llash mumkin.
Monokristal kremniy sirtining modifikatsiyalanishi olingan eksperimental natijalarga qaraganda lazer nuri bilan qizdirilganda va izotermik ishlov berilganga nisbatan anchagina farqlanadi. Sirt modifikatsiyasi izotermik qizdirilganda kremniy kristalida mavjud termik zo‘riqishlar tufayli dislokatsiyalarning paydo bo‘lishi va harakatlanishi bilan aniqlanadi. Biroq bunday termik zo‘riqish lazer nuri bilan ishlov berilgandagiga nisbatan katta emas.
Kuchli lazer nurining ta’siri ostida material qisman bug‘lanadi va sirtda mexanik kuchlanishlar paydo bo‘ladi. Bunday kuchlanishlar chiziqli defektlar shakllanishi va ko‘chishi hisobiga relaksatsiyalanadi. Lazer nuri ta’sirida kremniy plastinasi sirtidagi kraterlar xududida dislokatsiyalarning taqsimlanish tasviri, issiqlik uzatilishi jarayoni va temperatura kuchlanishi modellashtirish orqali o‘rganildi. Eksperimental natijalarni va qurilgan model bilan taqqoslash orqali lazer nurining turli quvvatlari uchun issiqlik oqimining qiymatlari olindi.
Lazer nuri quvvatlarining ikki xil tipdagi kremniy uchun mosligiga asosan, kremniydagi fosfor va bor kabi kirishmalar o‘rganilayotgan materialning issiqlik xususiyatlariga ta’sir etmasligi to‘g‘risida hulosa qilindi.
Eksperimental natijalarni matematik model bilan taqqoslash orqali lazer nuri ta’sirida paydo bo‘lgan krater xududida termoelastik kuchlanishlar taqsimoti aniqlandi. Lazer nuri energiyasining 666,7 mJ/cm2 gacha ortishi bilan dislokatsiyalar yugurish yo‘lining ma’lum qiymatlargacha oshib borishi aniqlandi. Keyinchalik namunaning teshilishi bilan bog‘liq tarzda dislokatsiyalar yugurish yo‘lining kamayishi kuzatiladi. Bunday xolatda plastinani qizdirishga ketadigan issiqlik taglikka ketadi. Lazer nuri impulslari sonining ortishi bilan dislokatsiyalarni buzilgan uchastkadan ko‘chish masofalarining bog‘liqligi aniqlandi. Keyingi izotermik toblash davomida dislokatsiyalarning ko‘chish masofalarining ortishi aniqlandi va bu lazer nuri ta’siridan keyingi qoldiq kuchlanishlar mavjudligi to‘g‘risida guvohlik beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |