2.3. Milliy ishlab chiqarish ko’lamini belgilashda narxlarning ahamiyati
Ishlab chiqarishning hajmini ifodalash uchun ham natural, ham qiymat ko’rsatkichlari qo’llaniladi. Ammo milliy iqtisodiyot ishlab chiqarish hajmini natural birliklarda amalda o’lchash mumkin emas, chunki bu erda bir – biri bilan solishtirib bo’lmaydigan millionlab nomdagi tovar va xizmatlar ustida gap boradi.
Shuning uchun ham milliy ishlab chiqarish hajmini va tarkibini ifodalashda qiymat ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Bu ko’rsatkichlar ikki miqdor yordamida aniqlanadi:
ishlab chiqarishning natural shaklidagi hajmi;
narxlar darajasi.
Amaliyotda milliy hisobchilik tizimida narxlarning ikki ko’rinishi qo’llaniladi:
-joriy yoki haqiqiy narxlar;
- o’zgarmas yoki solishtirma bazis narxlar.
Shu yildagi joriy yoki amaldagi narxlar yil mobaynida mahsulot ishlab chiqarish va uning iste’moli o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlashda qo’llaniladi hamda takror ishlab chiqarishning moliyaviy qiymat jihatlarini aks ettiradi. Lekin joriy narxlardan ishlab chiqarishni ma’lum bir vaqt davomida tahlil qilish uchun foydalanish maqsadga muvofiq emas. Chunki ularni xar qanday oshishi yoki pasayishi yalpi ichki mahsulot va milliy daromadning hajmiga bevosita ta’sir etib, iqtisodiyotning haqiqiy ahvolini buzib ko’rsatadi. Milliy iqtisodiyotning
rivojlanishiga haqqoniy baho berish uchun o’zgarmas narxlardan foydalaniladi. O’zgarmas yoki solishtirma narxlar asos qilib olingan biror – bir yildagi mahsulotning narxi bo’lib, tahlil qilinayotgan davr uchun ishlab chiqarish hajmini qiymat jihatdan baholashda foydalaniladi. Bu narxlar mahsulotning natural hajmini o’zgarishini ilg’ash imkonini beradi va ishlab chiqarishni ma’lum bir vaqt davomida haqiqiy o’zgarishini aks ettiradi.
Mamlakat iqtisodiy rivojlanishining joriy va solishtirma narxlardagi ifodasi tubdan farqlanadi.
Bazis yilni xar bir mamlakat rivojlanish xususiyatidan kelib chiqqan holda o’zi belgilaydi. Bazis narxlardan foydalanib ham o’tgan yillar, ham kelgusi yillarning qiymat ko’rsatkichlari qayta hisoblab chiqiladi.
Joriy narxlarda o’lchangan ishlab chiqarish hajmini nominal, solishtirma narxlarda o’lchanganini real deb ataladi.
Narxlarning o’sishi bilan yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmini o’zgarishini ko’rsatuvchi miqdorni barcha tayyor mahsulot va xizmatlarning umumiy narx indeksi yoki deflyator deb ataladi. Yalpi ichki mahsulot tarkibiga millionlab nomdagi yaratilgan ne’matlar kiradi va ularni xar birining narxini o’zgarib turishini jismonan kuzatish mumkin emas. Shuning uchun ham deflyator bozor savati yordamida aniqlanadi. Bozor savati yalpi ichki mahsulot tarkibiga kiruvchi, uning asosiy qismini tashkil etuvchi muhim tovar va xizmatlarni o’z ichiga oladi. Statistika idoralari tomonidan bozor savatiga kiritilgan tovar va xizmatlarga bo’lgan narxlarning o’zgarishi doimo kuzatilib turiladi va shu asosda narxlarning umumiy indeksi yoki deflyator hisoblanadi.
Joriy yildagi bozor savatining bahosi
shu yilning narxlarida
Joriy yil deflyatori = -----------------------------------------------------x 100
Joriy yildagi bozor savatining bahosi bazis yili narxlarida
Agarda o’tgan davr ichida yalpi ichki mahsulotning natural hajmi o’zgarmasdan qolgan bo’lsa, uning nominal qiymati shuncha oshadi. Narxlar
darajasi pasayayotgan bo’lsa, unda narxlar indeksi yoki deflyator 100 foizdan kam darajagacha tushib ketadi. YaIM narxlari indeksining joriy yilda bazis yilga qaraganda ko’tarilib borishi inflyatsiyani va aksincha, uni kamayib borishi deflyatsiyani bildiradi. Milliy ishlab chiqarish hajmini o’zgarishiga narxlarning ta’sirini bartaraf etish maqsadida deflyator yordamida real yalpi ichki mahsulot hisoblanadi.
Nominal YaIM
Real YaIM = -------------------------- x 100 %
Deflyator
Iqtisodiy amaliyotda deflyator bilan bir qatorda inflyatsiya darajasini yana bir ko’rsatkichi – iste’mol narxlari indeksi (INI) yoki hayot kechirish qiymati indeksi keng qo’llaniladi. Bu ko’rsatkich ham deflyator kabi bozor savati yordamida aniqlanadi. Ammo, bu erda bozor savatiga faqat aholining iste’mol byudjeti asosini tashkil etuvchi iste’mol mollari va xizmatlar kiritiladi, holbuki, deflyatorni hisoblanayotganda bozor savatining sezilarli qismini ishlab chiqarish uchun mo’ljallangan tovarlar tashkil etadi. Iste’mol narxlari indeksi joriy yilda bazis yilga qaraganda qayd etilgan iste’mol bumlari va xizmatlar turkumining qiymatini qanday o’zgarayotganini aks ettiradi. Boshqacha aytganda, bu indeks yordamida xar bir kishining, oilaning va barcha aholining hayot kechirish qiymati yoki turmush darajasi qanday o’zgarayotganini aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |