Makroiqtisodiyot fani – turli moddiy, moliyaviy, mehnat va boshqa tur boyliklarni bir mamlakatdagi barcha resurslar doiraviy aylanishini, ularni samarali ishlatilishini, iqtisodiy o’sish barqarorligini, ya’ni milliy iqtisodiyotni rivojlanishini umumiy holda o’rganadi.
Makroiqtisodiyot fanining ahamiyati nafaqat davlat boshqaruvida umumiqtisodiy siyosatni olib borishi va yo’nalishlarini ishlab chiqish uchungina, balki alohida tadbirkorlar, korxonalar, uy xo’jaliklari, oddiy fuqarolar faoliyatida ham zarur.
Inson juda turli-tuman ehtiyojlarga: oziq-ovqat, kiyim, boshpana, ta’lim, mehnat, ko’ngil ochish, muloqot va ko’plab boshqa ehtiyojlarga ega. Barcha sanalgan ehtiyojlar cheksiz turli-tuman shakllar, sifatlar, belgilar, xususiyatlarga ega. Bunda har bir inson yakka holda qanday ehtiyojlar u uchun eng muhim, ustivor hisoblanishini aniqlaydi, ya’ni u birinchi navbatda qanday ehtiyojlarni qondirishni zarur deb hisoblaydi.
Inson o’z ehtiyojlarini o’ziga qulay iqtisodiy ne’matlar yordamida qondiradi. Ularga oziq-ovqatlar, kiyim, kitoblar, avtomobillar, san’at buyumlari va boshqa shu kabilar kiradi.
Inson ehtiyojlarini qondirish uchun iqtisodiy ne’matlarning bir qismi inson ishtirokisiz tabiat tomonidan yaratiladi, bir qismi-ishlab chiqarish natijasi hisoblanadi.
Iqtisodiy ne’matlar ishlab chiqarish uchun insonga resurslar zarur.
Ishlab chiqarish resurslari – bu tovar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan resurslardir.
Ishlab chiqarish resurslarini ishlab chiqarish omillari deb atash qabul qilingan va ularni uchga ajratiladi:
«Yer» (tabiiy resurslar) – bu tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan tabiat tomonidan berilgan resurslardir. Tabiiy resurslarga misol bo’lib suv resurslari, tuproq, o’simliklar, foydali qazilmalar hisoblanadi.
Mehnat (inson resurslari) – kishilarning ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan jismoniy va aqliy qobiliyatlari, sog’lig’ining ahvoli, ta’limi va kasbiy ko’nikmalarini o’z ichiga oladi.
Kapital (kapital resurslari) – bu inson tomonidan yaratilgan va tovar hamda xizmatlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalanish uchun mo’ljallangan buyumlardir. Kapital resurslariga misol bo’lib binolar va inshoatlar, asboblar va uskunalar, aloqa vositalari, transport, shuningdek qayta ishlangan hom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar hisoblanadi.
Ba’zan ishlab chiqarish omillarining to’rtinchi ko’rinishi – tadbirkorlik ajratiladi, chunki u kishilarda tadbirkorlik qobiliyati deb ataluvchi noyob xususiyatlarning mavjudligini ko’zda tutadi.
Ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirish uchun ishlab chiqarish resurslarining barcha turlariga: «yer», mehnat, kapitalga ega bo’lishi zarur. Biroq, inson ularning cheklanganlik muammosiga duch keladi. Bu cheklanganlik masalan, foydali qazilmalar zahiralarining cheklanganligi kabi tabiiy ravishda mavjud bo’lsa, shuningdek sub’ektiv ravishda, ya’ni inson psixologiyasi tomonidan tug’ilishi mumkin, chunki uning ehtiyojlari cheksizdir.
Ishlab chiqarish resurslarini cheklanganligi inson, oila, jamiyat oldiga tanlov muammosini qo’yadi:
NIMA va qanday miqdorda ishlab chiqarish?
QANDAY texnika va texnologiyani qo’llash?
KIM tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot iste’mol qilinadi?
Aynan shuning uchun iqtisod fanining e’tibor markazida- ishlab chiqarish uchun zarur resurslarning cheklanganlik muammolarini va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash yo’llarini o’rganish turadi.
Kishilarning cheksiz ehtiyojlarida resurslarning cheklanganlik muammosini har qanday hal etilishi tanlash holatini, ya’ni insonlarning turli ehtiyojlarini qondiruvchi tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun bir resursni ishlatish mumkin emasligini ko’zda tutadi. Bunda inson har doim ham «barchasi yoki hech nima» xilidagi qarorni qabul qilmaydi. Ko’pincha inson bir iqtisodiy ne’matning ma’lum miqdorini olish uchun boshqasining ma’lum miqdoridan voz kechadi. Bunday tanlov murosali deb ataladi. Murosali tanlov asosida muqobil qiymat tamoyili yotadi.
Muqobil qiymat – bu voz kechilgan boshqa iqtisodiy ne’mat qimmati bilan o’lchanadigan iqtisodiy ne’mat qimmatidir.
Shuni esda saqlash lozimki, inson ehtiyojlarining birini qondiruvchi iqtisodiy ne’matlarni tanlash, boshqa ehtiyojni qondiruvchi iqtisodiy ne’matlardan voz kechishga olib keladi. Masalan, sizda mavjud bo’lgan 3 metr mato bo’lagidan yo ko’ylak yoki kostyum tikish mumkin. Matoning cheklangan miqdori ham ko’ylak, ham kostyum tikishga imkon bermaydi. Bu vaziyatda tanlash kerak bo’ladi. Bu tanlov yo ko’ylakdan yoki kostyumdan voz kechishni ko’zda tutadi. Ko’ylakni tanlash qarori kostyumga ega bo’lishdan voz kechishni bildiradi, ya’ni yangi ko’ylakning qimmati kostyumga ega bo’lib, olish mumkin bo’lgan foyda va quvonchlarga teng. Unda ko’ylakning muqobil qiymati borligi aytiladi-kostyum. Agar kostyum tanlansa-uning muqobil qiymati ko’ylak bo’lardi.
Iqtisodiy ne’matlarni ishlab chiqarish va taqsimlash jarayonlarini o’rganib, iqtisod fani oqilona ishlatish tamoyiliga asoslanadi.
Oqilona ishlatish tamoyili bu inson oqilona faoliyatga intilishi, ya’ni eng kam resurslarni sarflab, o’zining eng ko’p ehtiyojlarini qondirishi haqidagi fikrdir.
Bu ko’plab variantlar ichidan inson cheklangan resurslardan yaxshiroq foydalanishga intilib, eng yaxshisini tanlashini bildiradi.
Agar resurslar mutloq cheklangan bo’lganida, tanlov mumkin bo’lmasdi. Agar cheklanganlik bo’lmaganida, unda tanlov kerak bo’lmasdi. Tanlash muammosi cheksiz, chunki biz bitta qaror bilan cheklanmasdan, ularning ko’piga egamiz. Nimalar o’rtasida tanlov boradi? Resurslardan foydalanishning eng yaxshi variantlari o’rtasida. Resurslardan foydalanishning eng yaxshi varianti kam xarajatlarda eng yuqori natijani ta’minlovchi variant bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |