Aksiyadorlik jamiyatlarining joriy moliyaviy-xo‘jalik faoliyati jamiyat ijroiya organi tomonidan boshqarib borilsada, faoliyatga doir ma’lum bir bitimlar bo‘yicha qarorlar qabul qilish ijroiya organi vakolatiga kirmaydi. Bunday amaliyot boshqaruvchilarning aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilishining oldini olishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda aksiyadorlik jamiyatlarida yirik bitimlar tuzish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan mol-mulkni olish yoki uni boshqa shaxsga berish yoxud mol-mulkni boshqa shaxsga berish ehtimoli bilan bog‘liq bitim (shu jumladan qarz, kredit, garov, kafillik) yoki o‘zaro bog‘langan bir nechta bitim, agar boshqa shaxsga berilayotgan mol-mulkning yoki olinayotgan mol-mulkning balans qiymati bunday bitimlarni tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining o‘n besh foizidan ortig‘ini tashkil etsa, yirik bitim deb hisoblanadi. Jamiyat sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo‘yicha, jamiyat aktivlari va majburiyatlarining umumiy summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Kundalik xo‘jalik faoliyatini yuritish jarayonida tuziladigan bitimlar hamda aksiyalarni va boshqa qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan bitimlar yirik bitimlar hisoblanadi.
Yirik bitim predmeti bo‘lgan mol-mulkning bozor qiymati deganda mol- mulkning eng ehtimol tutilgan narxi tushunilib, ushbu qiymat bo‘yicha mazkur mol-mulk ochiq bozorda bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega bo‘lgan holda o‘z manfaatlari yo‘lida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladigan raqobat sharoitida boshqa shaxsga berilishi mumkin, bitim narxining baland- pastligida esa biror-bir favqulodda holatlar, shu jumladan taraflardan birining ushbu bitimga qo‘shilish majburiyati aks etmaydi. Jamiyat mol-mulkining bozor qiymatini aniqlash uchun bitim ishtirokchilari tomonidan baholovchi tashkilot jalb etilishi mumkin.
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining o‘n besh foizidan ellik foizigachasini tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror kuzatuv kengashining a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Yirik bitim tuzish masalasi bo‘yicha kuzatuv kengashining yakdilligiga erishilmagan taqdirda yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi masala kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi hal qilishi uchun olib chiqilishi mumkin.
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining ellik foizidan ortig‘ini tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Yirik bitim jamiyat
aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi ushbu bitim bo‘yicha qaror qabul qilganidan keyin jamiyatning ijroiya organi tomonidan amalga oshiriladi.
Yuqorida keltirilgan talablari buzilgan holda tuzilgan yirik bitim sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan yirik bitim tuzilganda, bu haqda 20-muhim fakt e’lon qilinishi shart hisoblanadi. Bunga misol sifatida “Turonbank” ATB tomonidan 2017 yil 30 noyabrda e’lon qilingan muhimfaktni keltiramiz (17.1- jadval).