Korporativ moliyaviy siyosat asosiy yo‘nalishlari
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalar faoliyati davomida moliyaviy munosabatlarning to‘g‘ri tashkil etilishi qo‘yilgan maqsadga erishishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda asosiy e’tiborni korxonalar moliyasini samarali tashkil etishga, korxonalar moliyasini boshqarishni to‘g‘ri tashkil etishga qaratish maqsadga muvofiq. Korporativ moliyani boshqarishni to‘g‘ri tashkil etish esa bevosita korporativ moliyaviy siyosatga bog‘liq. Rivojlangan mamlakatlar amaliyotida korporativ siyosatning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar56:
marketing siyosati;
operatsion siyosat;
moliyaviy siyosat;
mehnat munosabatlari va kadrlar siyosati;
axborot texnologiyalari siyosati;
birlashishlar va qo‘shib olishlar siyosati;
56 Bob Tricker. Corporate governance: principles, policies and practices. – UK.: Oxford university press, 2012. – P. 181-183.
Korporativ moliyaviy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish korxonalarning barcha moliyaviy munosabatlarini qamrab olishi lozim. Bunda moliyaviy siyosat – korxonaning ta’sis hujjati (ustavi)da aks etgan strategik va taktik maqsadlarga erishish uchun moliyadan maqsadga yo‘naltirilgan holda foydalanishni o‘zida aks ettiradi. Masalan, tovar bozoridagi pozitsiyasini kuchaytirish; mos ravishda aktivlar hamda xususiy kapital rentabelligiga erishish; to‘lovga layoqatlilik va balans likvidliligini ta’minlash; aksiyadorlar mulkiy imkoniyatlarini oshirish va boshqalar.
Umuman, korporativ moliyaviy siyosatda quyidagilar nazarda tutiladi:
foydani maksimallashtirib borish;
kapital tarkibi va qiymatini optimallashtirish;
korporativ tuzilmaning moliyaviy barqarorligi, amaliy va bozor aktivligini ta’minlash;
aksiyadorlar, investorlar va kreditorlar uchun korporativ tuzilmaning moliyaviy ochiqligiga erishish;
qimmatli qog‘ozlar emissiyasi, moliyaviy lizing, loyihaviy moliyalashtirish yordamida kapital jalb qilishning bozor mexanizmlaridan foydalanish;
korxona moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining strategik maqsadlarini hisobga olgan holda moliyaviy holat diagnostikasi asosida korporativ moliyani boshqarish mexanizmini ishlab chiqish;
ustavda keltirilgan faoliyatni amalga oshirish va korporatsiyaning qarz majburiyatlarini qoplash uchun zarur moliyaviy resurslarni shakllantirish, pul oqimlari va moddiy zaxiralar balansliligini ta’minlash.
Korporativ tuzilma pul oqimlari va moddiy zaxiralar o‘rtasida balanslilikka erishish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
ustav kapitalini shakllantirish (pul ko‘rinishida yoki moddiy ko‘rinishda) va faoliyat uchun qo‘shimcha mablag‘larni (resurslarni) jalb qilishning eng ratsional usullari aniqlanadi;
pul oqimlarini optimallashtirish imkonini beruvchi moliyaviy boshqaruv tashkiliy tuzilmasi shakllantiriladi;
soliqlar va majburiy ajratmalarni optimallashtirish maqsadida hisob siyosati ishlab chiqiladi;
kontragentlar bilan hisob-kitoblar usullari va muddati, jarimalar qo‘llanilishi bilan bog‘liq xo‘jalik shartnomalari shart-sharoitlari aniqlanadi;
xarajatlar, daromadlar, foyda va investitsiyalar javobgarlik markazlarini yaratish asosida byudjet boshqaruvi tizimi joriy qilinadi;
bosh kompaniya va uning filiallari o‘rtasida pul oqimlari harakati hisobi va nazorati tashkil qilinadi.
Korporativ moliyani boshqarish tizimini ishlab chiqish jarayonida etarlicha pul mablag‘lari va to‘lovga layoqatlilikning yuqori darajasi sharoitida
korporatsiyani rivojlantirish va mulkdorlar (aksiyadorlar) manfaatlarini uyg‘unlashtirish muammosi paydo bo‘ladi. Bunday sharoitda korxona faoliyat davomiyligi va qo‘yilgan maqsadlar tavsifidan kelib chiqqan holda strategik va taktik moliyaviy vazifalar qo‘yiladi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda korporativ moliyaviy siyosatni quyidagicha tasvirlashimiz mumkin (12.6-rasm).
Joriy vazifalar
12.6-rasm. Korxonalar moliyaviy siyosati
Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, korxonalarning davlat bilan o‘zaro moliyaviy bog‘liqlik mexanizmini samarali tashkil etish korporativ moliyaviy siyosatda alohida e’tibor talab qiladigan masalalardan biri sanaladi.
Umuman umumdavlat moliyasining korporativ moliya bilan o‘zaro bog‘liqligini quyidagilarda ko‘rish mumkin (12.7-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |