Uilyam Garvey.
Katta va kichik qon aylanish doirasi.
( 1578—1657)
Hozirgi kunda oddiy maktab o’quvchisidan tortib, deyarli barcha savodli kishilar uchun kundek ravshan bo'lgan, juda sodda tushuntiriladigan shunday ilmiy haqiqatlar borki, ularni qachonlardir odamlar umuman bilishmagani, odamlardan ba’zilari, ya’ni olimlar bu haqiqatni ochib, hattoki isbotlab berishganida ham u haqida ko’pchilik doimiy shubhada bo’lganini tasavvur qilish mushkul. Shunday yaqqol ilmiy haqiqatlardan biri – tirik organizmlardagi katta qon aylanish tizimi haqidagi haqiqat ayniqsa qiyinchilik paydo bo'lgan va odamlar tomonidan qabul qilinishi ham g’oyat mushkul kechgan.
Deyarli bir yarim ming yil davomida Galen shaxsi va uning ta’limoti butun tibbiyotda katta hukmronlik qildi. Unga ko’ra, odamlar arterial va venoz qonlari – mohiyatan umuman boshqa-boshqa suyuqliklar bo’lib, ulardan birinchisi tanaga harakat va issiqlik, ikkinchisi esa, ozuqa moddalar yetkazib berish uchun xizmat qiladi degan yanglish tushunchada edilar. Boshqacha fikrlar bo’lishi mumkin emas edi. Chunki bu fikrga qarshi fikrni ilgari surgan yoki, unga nisbatan shubhali va yangicha g’oyalarni o’rtaga tashlagan har qanday kishi, xoh u olim, xoh oddiy tabib bo’lsin – o’ta jiddiy jazolanar edi. Galen ta’limoti ortida butun boshli nasroniy cherkovi turardi va o’rta asrlar sharoitida bu ko’pchilik ilg’or fikrli kishilar uchun hayot-mamot masalasiga aylanardi. Masalan, 1533 yilda Ispaniyalik tabib Migel Servet cherkov ruhoniylari tomonidan dahriy deb e’lon qilindi. Sababi u o’zi yozgan tibbiyotga oid risolasida, o’zi kashf etgan kichik qon aylanish tizimi haqida bir necha sahifalik tafsilotlarni bayon qilgan edi. Oqibatda cherkov uni omma ko’z o’ngida «xudo yuz o’girgan» dahriy sifatida, o’zining «bid’atchi» kitobi bilan birgalikda gulxanda yondirildi. Faqat tasodif tufayligina Servet yozgan risolaning uch nusxasi Jenevada saqlanib qolgan edi. Umuman olganda, qon aylanish tizimini tadqiq qilgan ilk olimlar xuddi Migel Servet singari, tom ma’noda cherkovning xurofot va johiliyat alangasida qovurilib chiqishga majbur bo’lishgan. Ular ko’p emas – Migel Servetdan tashqari, Bolonyalik Karlo Ruini, Pizalik Andrea Chezalpino hamda Angliyalik Vilyam Garveylar tirik organizmlarda qon aylanishi tizimlarini ilmiy tekshirgan ilk olimlar hisoblanishadi. Aynan Uilyam Garvey – bu masalada oxirgi nuqtani qo’ygan bo’lib, uning xizmatlari, tibbiyotning keyingi rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo’ldi.
Uilyam Garvey 1578 yilning 1-aprelida Kent grafligining Folkstoun shahrida savdogar oilasida tug’ilgan. Katta o’g’il va asosiy merosxo’r bo’lishiga qaramay u otasining savdo ishlariga uncha qiziqmagan. Ukalaridan farqli ravishda, Uilyam, kemalar dengiz ortidan olib kelgan mollar, shoyi va ho kazolarning narxidan ko’ra, o’sha kemalarning kapitanlari bilan safar taassurotlari haqida suhbatlashishni afzal ko’rgan ekan.
U avvaliga Kenterberi kollejida, keyinchalik esa Kembrij kollejida ta’lim oldi. 20 yoshida Garvey o’rta asrlar tushunchasida, uncha-muncha «ma’lumotli» bo’lganiga qaramay, kollejlarda olgan bilimlaridan qoniqish hosil qilmaydi. U tabiiy fanlarni yanada chuqurroq o’zlashtirish harakatiga tushadi. U o’sha davr odatlariga ko’ra, Yevropa bo’ylab besh yillik ta’lim sayohatiga chiqadi. Avvaliga Fransiya keyin Germaniyada bir muddat ta’lim oladi. Bu safarda u o’zining tibbiyot borasidagi bilimlarini boyitishni ko’zlagan edi.
1598 yilda u Paduya universitetiga yo’l oldi. U yerda Uilyam Garvey mashhur anatom olim Fabritsio d′Akvapendentening ma’ruzalarini tinglaydi. Bu anatom olim, vena tomirlarida o’ziga xos klapanlar mavjudligini aniqlagan edi. Biroq u mazkur klapanlarning ahamiyatini to’liq tushunmagan va uning uchun klapanlar, venalar tuzilishining tarkibiy detallaridan biri sifatida qaralgan xolos.
Garvey bu klapanlarning ahamiyati haqida o’ylay boshladi. Biroq olim uchun o’ylashning o’zi kamlik qilardi. Unga tajriba – amaliyot kerak. Va... Garvey tajribani o’zining tanasida boshladi. Qo’lini mato bilan qattiq siqib bog’lab, u qo’lining bog’lamdan pastdagi qismida venalar shishib, bo’rtib chiqib qolgani, teri esa qoramtir - qo’ng’ir tusga kirganini ko’rdi. Keyin Garvey tajribani itda takrorladi. U arqon bilan itning har ikkala oyoqlarini bog’lab qo’ydi. Unda ham bog’lamdan quyi qismdagi joylar shishib, venalar bo’rtib chiqib qoldi. Itning bir oyog’idagi bo’rtib chiqib turgan vena kesilganda, kesilgan joydan qo’yiq, to’q rangli qon oqib chiqa boshladi. Keyin u boshqa oyoqdagi venani ham kesib ko’rdi. Bu safar u bog’lamdan yuqoriroqdan kesdi. Kesilgan joydan bir tomchi ham qon chiqmadi. Demak, bog’lamdan quyida vena qon bilan to’lgan, unda yuqorida esa qon yo’q. Bu nimani anglatadi? Javob o’zini-o’zi aytib turibdi, lekin Garvey bu borada shoshilmaslikni ma’qul ko‘rdi. U ehtiyotkor tadqiqotchi edi va o’z amaliy tajribalari hamda kuzatuvlarini qayta-qayta takrorlab, haqiqiy ma’noda yetti o’lchab bir kesish orqali xulosa chiqarishga odatlangan edi.
1602 yilda Uilyam Garvey fan doktori unvoni bilan Londonga qaytdi. 1607 yilda u London hakimlar kasaba jamiyatida oz’ kafedrasiga ega bo’ldi. 1609 yilda esa avliyo Varfolomey shifoxonasida hakim bo’lib ishlay boshladi. Garveyning davolashda erishgan natijalari tezda ovoza bo’lib ketdi. Angliyaning boy va amaldor zodagonlari oilalari, o’z xastaliklarini aynan Garvey davolashini istaydigan bo’lishdi. U uylangan vaqtda, ikkita universitet diplomiga ega ekanligi va ingliz kiborlari orasida katta hurmatga ega bo'lganini, xalq ichida ham obro‘- e’tibori juda yuqori hakim bo'lganligini tarixchilar qayd etishgan.
Garveyning Fransis Bekon bilan ancha yaqin do’stlik aloqalari mavjud edi. Aynan Bekonning tavsiyasiga ko’ra, Garvey qirol Yakov I ning «favqulodda tabibi» lavozimiga tayinlandi. 1623 yilda esa Garvey qirol saroyining bosh tabibi etib tayinlandi. Yakov I ning vafotidan keyin uning taxti vorisi bo'lgan Karl I ham, Garveyga nisbatan iliq munosabatni saqlab qoladi. 1625 yilda Garvey qirol Karl I saroyining «faxriy tabibi» unvoni bilan taqdirlandi.
Qirol tabibi – past bo’yli, uzun va tim qora rangli sochlari bilan, hamda qorachadan kelgan yuzli kishi, ya’ni Uilyam Garvey, saroyda o’z vazifasi yuzasidan ancha muvaffaqiyatli faoliyat yuritar edi. Lekin uni baribir ilm-fanga bo'lgan muhabbat tark etmagan. Garvey jonivorlarning, ko’pincha it va mushuklar, buzoqlarning tanasini yorib ko’rish orqali o’zining anatomik bilimlarini yanada chuqurlashtirishga harakat qilar edi. Garvey davriga kelib, murdani yorishga bo’lgan ta’qiq deyarli yo’q bo’lib, olim asta-sekinlik bilan odam murdalarini ham yorib ko’rishga kirishadi. Uni ayniqsa odam tanasida qon aylanish tizimi, tomirlarning tarmoqlanishi qonuniyatlari qiziqtirgan. U asosiy e’tiborni yurak tuzilishi va ishlash jarayoni, qon tomirlarining tarmoqlanish yo’nalishlarini jiddiy tahlil qilishga qaratdi. Uning uchun endilikda yurak va tomirlarning barcha sir-asrorlari ochilib borar edi.
1616 yilda London hakimlar kasaba jamiyatida anatomiya va xirurgiya kafedrasini boshqarishni taklif qilishdi. Keyingi yili esa Garvey o’zining odam tanasida qon aylanishi tizimi haqidagi qarashlari bayon qilingan ma’ruzasini o’tkazdi. Ma’ruza davomida Garvey barcha tabiblar e’tiborini o’zining quyidagi ta’limotiga qaratdi: odam organizmida qon beto’xtov aylanib turadi – sirkulyatsiyalanadi, qon aylanishining markaziy harakatlantiruvchi nuqtasi esa – yurak bo’ladi. Shunday qilib Garvey, Galenning qon aylanishining markaziy nuqtasi – jigar ekanligi haqidagi ta’limotini ilmiy inkor etdi. Garvey hamkasblariga qon aylanishi tizimining sxemasini chizib ko’rsatdi. Biroq ma’ruzasining yakunida, uning matnini nashr etish haqidagi taklifni rad etdi. Garvey yana o’sha o’zining ehtiyotkorligi tufayli, o’z ilmiy natijalarini keyinroq, yanada kuchli isbotlar orqali chop ettirish niyatida edi. U sinchkov va xotirjam. Shunisi qiziqki, uning natijalarini Angliyada emas, balki 1628 yilda Frankfurtda «Jonivorlarda qon va yurakning anatomik harakatlanishi» nomli yupqagina (72 sahifalik) risolasi abadiylashtirdi. Bu kichikkina kitobchada, Garveyning deyarli 30 yillik tadqiqotlari, yorib ko’rishlari va tafakkur natijalari bayon qilingan edi. Uning mazmun mohiyati, nafaqat qadimgi vaqtlardagi hakim va tabiblar, balki Garveyning o’z zamondoshlari ham qattiq ishongan tushunchalarga mutlaqo zid edi.
Garvey, yurak bu – kuchli mushaklardan tashkil topgan va bir necha kameralarga bo’lingan «qopcha» deb ta’limot berdi. Uning fikriga ko’ra, yurak xuddi nasos singari qonni tomirlarga (arteriyalarga) haydaydi. Yurak urishlari esa, uning bo’lmalarining navbatma-navbat qisqarishidir.
Qon doira bo’ylab harakatlanadi va har doim yurakka qaytib keladi. Bunday qon aylanish doiralari ikkita: katta qon aylanish doirasida qon yurakdan chiqib, boshga, tana yuza qismlariga va tananing boshqa barcha organlariga tomon harakatlanadi. Kichik qon aylanish doirasida esa qon yurak va o’pkalar o’rtasida aylanadi. Tomirlarda havo yo’q. Ular qon bilan to’ladi. Qonning umumiy yo’nalishi: yurakning o’ng qorinchasidan chiqib borib, o’pkalarga, undan qaytib esa chap bo’lmachaga keladi. Kichik qon aylanish doirasi shunday. Uni marhum Servet allaqachon kashf etgan edi. Lekin Garvey bu haqida bilmagan - Servetning kitoblari o’zi bilan yoqib yuborilgan edi...
Chap qorinchadan chiqib qon, katta doira bo’ylab oqa boshlaydi. U avvaliga yirik tomirlardan, keyin esa borgan sari kichik arteriyalardan oqib, tanining butun a’zolariga yetib boradi. Qaytishda esa qon yurakning o’ng bo’lmachasiga venalar orqali yo’l oladi. Tomirlarda ham. Yurakda ham qon faqat bitta yo’nalishda oqadi: yurakning maxsus klapanlari qonning orqaga oqishga yo’l qo’ymaydi. Venalardagi klapanlar ham qonni faqat bir yo’nalishda o‘tkazadi.
Qonning arteriyadan venaga qanday qilib o’tishin Garvey bilmagan. Mikroskopsiz qonning kapilyarlar bo’ylab harakatini aniqlab bo’lmaydi. Kapilyarlarni esa italyan olimi Malpigi 1661 yilda, ya’ni Garvey vafot etganidan 4 yil o’tib aniqladi. Lekin Garvey, qonning arteriyadan venaga o’tish joyini, ularning o’ta kichik tarmoqlanishga uchragan joylaridan qidirish kerakligini ta’kidlardi.
Garvey shuningdek o’pkalarning ahamiyati haqida ham bilmagan. Uning zamonida gaz almashinuvi haqida ham, atmosfera havosi tarkibi haqida ham hech kim bilmas edi. Garvey, qon o’pkalarga borib soviydi va tarkibini o‘zgartirib qaytadi degan mulohazada edi.
Garveyning risolasida keltirilgan mulohazalar va isbotlar o’ta mukammal bo'lgan. Lekin baribir, uning nashr etilishi bilanoq, har tomondan olimga nisbatan tayziqlar va kinoyalar avj oldi. Galen va boshqa qadimgi zamon tabiblari ta’limotlari Garveyning zamondosh hakimlari va faylasuflari orasida shu qadar mustahkam o’rnashib qolgan ediki, ularga nisbatan shubhada bo'lgan har qanday kimsa ayovsiz tanqid qilinardi. Garveyga qarshi chiqqanlar orasida ko’plab ko’zga ko’ringan olimlar, amaliyotchi yetuk tabiblar bo’lib, ular tomonidan Garvey qarashlari dushmanlik kayfiyati bilan qarshi olindi. Unga hattoki «lo’ttiboz» laqabini ham berishdi. Garveyni birinchilardan bo’lib, tahqirlovchi raddiyalar bilan Mariya Medichining shaxsiy tabibi, o’z davrida «Anatomiya qiroli» nomiga erishgan hakim – Riolan bo’ldi. Riolandan keyin Gyui Paten (aytgancha, Molyer «Sohta bemor» asaridagi hajviya orqali undan Garvey uchun o’ziga xos o’ch olgan), Patendan keyin – Goffmann, Cheradini... yangicha ta’limot dushmanlari, risola sahifasidan ham ko’payib ketdi. Ular, «Garveyning haqiqatidan ko’ra Galenning xatolari afzal!» degan shiorni o’zlariga dasturul-amal qilib olishgan edi. Eng yomoni, ba’zilar bemorlarni Garveyga ishonmaslikka, uning sohta muolajalariga ko’nmaslikka targ’ib qila boshlashdi. Ba’zi bemorlar bunga uchib, Garveyning davolashidan voz kechganlar ham bo'lgan. Ish shunga yetib bordiki, ayrim g’oyaviy dushmanlar Garvey ustidan qirol Karl I ga shikoyat xatlari yozishdi. Olimning baxtiga qirol Karl I unning ilmiy salohiyatiga xayrixoh bo’lib, ig’volarga e’tibor qaratmagan. Qirol Garveyga embriologiya sohasida tajribalar o’tkazish uchun Vindzordagi qirollik bog’idan bug’ularni tutib foydalanishga ham ruxsat berdi.
Garvey o’z ta’limotining oyoqqa turgunicha ko’plab noxushliklarga bardosh berishiga majbur bo’ldi. Keyinchalik ko’plab ilg’or fikrli kishilar uning g’oyalari bilan borgan sari hisoblasha boshlashdi. Yangi avlod hakim va fiziologlarining aksariyati Garvey ta’limotiga ergashdilar. Olimning umri oxirlab qolgan vaqtlarda baribir, o’z ta’limotining umumiy tan olinishini ko’rishga muvaffaq bo’ldi. Tibbiyot va fiziologiyada haqiqiy ilmiy mulohazalarga asoslangan yangicha, ilmiy yo’nalish ochildi. Garveyning kashfiyotlari tibbiyot fanlari rivojida tub burilish yasab berdi.
Saroy ichki xizmatlari ko’pincha Garveyni professional mashg’ulotlardan chalg’itar edi. Masalan, 1630 – 1631 yillarda u Levnoks gertsogini (shahzodalardan biri) qit’aga qilgan sayohatida hamrohlik qildi. 1633 yilda u qirol Karl I bilan birgalikda Shotlandiyga safar qildi. 1636 yilda esa Germaniyaga elchilikka yuborilgan graf Arondelning mulozimlari safida bo’lishga to'g'ri keldi.
Inqilob boshlangach, qirol Londonni tashlab chiqib ketishga majbur bo'ladi. Garvey ham unga ergashdi. Bu vaqtda London aholisi ko’plab qirollik binolari qatorida, Vaytxoll va Garveyning uyini ham o’marib, talon-toroj qilib ketishdi. O’sha vaqtda Garveyning taqqosiy va patalogik anatomiya, embriologiya sohalarida olib borgan ko’p yillik izlanishlari va ilmiy mulohazalari qayd etilgan ishlari johil olomon tomonidan yo’q qilib yuborildi. Garvey Ejgil jangida qirol huzurida edi. Keyinchalik u qirolning Oksforddagi vaqtinchalik qarorgohida yashadi. 1646 yilda Oksfordni ham parlament qo’shinlar egallagach, u o’z siyosiy va rahbarlik lavozimlaridan voz kechdi. O’sha yildan boshlab Garvey siyosatni butunlay tark etdi va Londonga qaytib kelib, u yerda Londonlik tabiblar uchun maxsus uy qurdirdi. Bu uyda kattagina kutubxona bo’lib, shaharlik hamkasblarning ilmiy yig’inlari aynan shu yerda o’tar edi. Garvey bu muassasaga shuningdek, ko’plab tibbiy jihoz va asboblar, qo’llanmalar va tabiiy preparatlarni tuhfa qildi.
Garvey umrining so’nggi yillarini embriologiyaga bag’ishladi. 1651 yilda u o’zining «Hayvonlarning tug’ilishi haqida izlanishlar» nomli ajoyib risolasini chop ettirdi. Unda Garvey homilaning paydo bo’lishi jarayonini tekshiradi. Albatta, Garveyning bu boradagi tekshirishlarini mukammal deb bo‘lmaydi, chunki unda mikroskop yo’q edi. Lekin baribir, Garvey muhim bir faktni isbotladi – barcha tirik organizmlar tuxumdan rivojlanar ekan. Nafaqat tuxum qo’yish orqali ko’payadigan jonzotlar, balki tirik tug’ish orqali ko’payadiganlar ham avval boshda tuxumdan rivojlanib kelishini isbotladi. Garvey sut emizuvchilarning tuxum hujayrasini ko’rmagan. U faqat 1826 yildagina Karl Ber tomonidan kashf etilgan. Lekin baribir, sut emizuvchilarning homilasi ham aynan tuxumdan rivojlanib kelishini qat’iy ta’kidlagan.
«Barcha tiriklik tuxumdan!» degan yozuv Garveyning embriologiyaga oid kitobiga ishlangan rasmda markaziy o’rinni egallagan. Bu xitob, fandagi yangi yo’nalishning o’ziga xos shioriga aylanib qoldi va, hayot shakllarining o’z-o’zidan paydo bo’lishi (qurbaqalarning balchiqdan paydo bo’lishi kabi) har xil eski tushunchalarga qattiq zarba berdi.
Hayotining so’nggi yillarida Garvey o’zi yolg’iz yashay boshladi. Endilikda unga o’zi ochgan ilmiy haqiqatlar uchun kurashish shart emas edi. Yangi avlod ingliz tabib va fiziologlari uning timsolida yangi zamon tabobati yo’lboshchisini ko’rdilar. Shoirlar (Dayren va Kouli) uning sharafiga she’rlar bitishdi. London tibbiyot kasaba jamiyati uning sharafiga, markaziy majlislar zalida haykal o’rnatishdi. 1654 yilda esa uni jamiyat prezidenti lavozimiga saylashdi. Lekin doimgidek kamtarin Uilyam Garvey bu lavozimni qabul qilmadi. «...bu lavozim men kabi qari cholga juda og’irlik qiladi... Men hamkasblarimning barcha muhokamalarini yuragimga juda yaqin olaman va bu narsa (ya’ni hamkasabalarning ahilligi) mening raisligim vaqtida yo’qqa chiqishini istamayman» degan edi o’shanda Garvey.
Garvey olimlarga xos kamtarlik bilan, har xil unvonlarni yoqtiravermagan va ularga erishishga intilmagan. U doimiy ishlashda. Ba’zan g’ichirlaydigan ko’p o’rindiqli ulovda Richmond yaqinidagi qishloqda istiqomat qiluvchi ukasi Eliab oldiga mehmonga keladi. U bilan bolaligini, ota-onasini yodga oladi, qahva ichib suhbatlashadi. Olim qahvani juda yaxshi ko’rgan. Hatto yozgan vasiyatnomasida ham, qahva damlovchi idishi haqida alohida to’xtalib, uni ukasi Eliabga asrash uchun vasiyat qiladi: «Biz birgalikda o’tkazgan baxtiyor lahzalarimizdan esdalik bo’lsin...»
1657 yilning 3 iyun kuni tongda Garvey uyg’onib, gapirolamay qolganligini his etdi. U darhol tushundi: bu hayotining intihosi edi. Qarindosh urug’lari, yaqinlari bilan vidolashdi, ularning har biri uchun kichik bo’lsada sovg’a ulashdi va... jimgina abadiy uyquga ketdi...
Do'stlaringiz bilan baham: |