Korxona xarajatlarini bilish
Korxonaning ishlab chiqarish xarajatlari deb, mahsulotni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlariga yoki davr xarajatlariga aytiladi.
Mahsulot (ish, xizmat)lar ishlab chiqarish tannarxiga bevosita mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishlab
chiqarish texnologiyasi va uni tashkil etish bilan shartlangan xarajatlar kiritiladi. Ularga quyidagilar tegishli bo‘ladi: bevosita va bilvosita moddiy xarajatlar, bevosita va bilvosita mehnat xarajatlari, boshqa bevosita va bilvosita xarajatlar, shu jumladan, ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan ustama xarajatlar.
Bevosita xarajatlar — bu korxonaning faqat mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish yoki qayta sotish uchun tovarlar xarid qilish jarayonida paydo bo‘ladigan xarajatlaridir. Bu xarajatlar ko‘rsatiladigan xizmatlar, ishlab chiqariladigan yoki qayta sotiladigan mahsulotlar hajmiga bevosita bog‘liqdir.
Bevosita xarajatlar ikki kichik guruhga bo‘linadi:
Bevosita moddiy xarajatlar. Mahsulot ishlab chiqarishga ketadigan, xizmatlar ko‘rsatishda ishlatiladigan, qayta sotish uchun sotib olinadigan barcha xarajatlar bevosita moddiy xarajatlarga kiradi.
Bevosita mehnatga haq to‘lash xarajatlari. Mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida ishtirok etuvchi barcha xodimlar va yordamchilar mehnatiga haq to‘lash. Bunga ijtimoiy ta’minot xarajatlari ham kiradi.
Bilvosita xarajatlar — bu korxonaning amaliy faoliyati jarayonida paydo bo‘luvchi bevosita xarajatlarga kirmaydigan barcha qolgan xarajatlardir. Ularni bevosita biron mahsulot yoki xizmatga taalluqli, deb bo‘lmaydi, masalan, idora binolari ijarasi, buxgalterga ish haqi, bank kreditidan foydalanganlik uchun foizlar to‘lash, telefon haqlarini to‘lash, yong‘indan sug‘urtalash va avtomobilni sug‘urtalash va h.k.
Ulgurji va chakana savdo sohasida xodimlarga sarflangan barcha xarajatlar bilvosita xarajatlar hisoblanadi.
Bir birlik mahsulot yoki xizmat qiymatini hisoblash uchun bilvosita xarajatlarni mutanosib taqsimlash kerak. Agar korxona bir turdagi mahsulot ishlab chiqarsa yoki bir xil turdagi xizmat ko‘rsatsa, yoxud agar ishlab chiqariladigan mahsulotlar o‘zaro juda o‘xshash bo‘lsa, masalan, stullar, karavotlar, shimlar yoki ko‘ylaklar, bilvosita xarajatlarni mahsulotlar soniga bo‘lish kerak, bu miqdor bevosita xarajatlarga qo‘shiladi. Shunday qilib, bir birlik mahsulot ishlab chiqarishga ketgan umumiy xarajatlar miqdori aniq bo‘ladi (tannarx).
Xizmat ko‘rsatish sohasida bilvosita xarajatlar, odatda, ish vaqti asosida hisoblanadi va xizmat ko‘rsatishga ketgan vaqtga qo‘shiladi. Bilvosita xarajatlar yo‘ldosh xarajatlar, deb ham ataladi. Bevosita va bilvosita xarajatlar o‘rtasidagi aniq tafovutni belgilash ko‘pincha juda murakkab bo‘ladi. Masalan, mebel sanoatida ishlatiladigan yelimni olaylik: bitta stulni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan uning miqdori shunchalar kamki, pul bilan ifodalaganda qiymatning arzimaydigan foizini tashkil etadi. Shu sababli yelimni qadoqlash xarajatlari bilvosita
xarajatlar hisoblanadi. Yana misol: agar yordamchi bir necha ishchiga yordam bersa, uning ish haqini faqat bitta mahsulot qiymatiga kiritib bo‘lmaydi. Shu sababli bunday yordamchining mehnatiga haq to‘lash xarajatlari ham bilvosita xarajatlar hisoblanadi.
Mahsulot yoki xizmatga xarajatlarning umumiy miqdori:
Bevosita moddiy xarajatlar miqdori + Mehnatga haq to‘lashga bevosita xarajatlar miqdori = Mahsulot ishlab chiqarishga yoki xizmatlarga xarajatlarning umumiy miqdori.
Korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlari va soliqqa tortish hisobini tartibga soluvchi asosiy hujjat—O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan
«Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va realizatsiya xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom» bo‘lib hisoblanadi.
Ishlab chiqarish xarajatlari guruhi iqtisodiy mazmuniga ko‘ra, mahsulot (ish, xizmat)lar tannarxining tarkibini tashkil etuvchi quyidagi elementlarga bo‘linadi:
Ishlab chiqarish moddiy xarajatlari (qaytariladigan chiqindilar qiymati chegirilib tashlangan holda).
Ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan mehnat haqi xarajatlari.
Ishlab chiqarishga taalluqli ijtimoiy sug‘urta ajratmalari.
Ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar eskirishi.
Ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa xarajatlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |