Tekshirilish tarixi
Shimoliy Muz okeaning tekshirilish tarixi bir necha mamlakat fuqarolari - rossiyalik norvegiyalik, shvesiyalik dengizchi, sayyoh va olimlarning kahramonona jasoratlari tarixidir.
Eramizdan oldin 325 yillar atrofida Marsellik Pifey Shimoliy Muz okeanning janubiy qismi-qutbyoni kengliklarigacha suzib borgan, Islandiyada bo‘lgan va u yerni Tule deb atagan. X asrda normanlik dengizchi Otar Barens dengizining janubiy qismidan - Nordkap burni yaqinidan suzib o‘tib, Oq dengizning Kandalaksha qo‘ltig‘igacha borgan va kuzatishlar o‘tkazgan. Inglizlar o‘z sayyohlarini faqat g‘arbga emas, balki sharqqa qarab jo‘natishni ham o‘z oldilariga vazifa qilib qo‘yishdi. 1553 yilda Uillobi, Chensler va Barrou boshchiligidaga ingliz kemalari okeanning sharqiy regioniga yo‘l olib, 700 sharqiy uzoqlikkacha suzib borishdi.
Gollandiyalik dengizchi Villem Barens rahbarlik qilgan ekspeditsiya ishtirokchilari 1594-1597 yillarda Yugorskiy Shar bo‘g‘ozidan suzib o‘tib, Yamay yarim oroligacha yetib bordilar. Ular Medvejiy va Shpitsbergen orollarini kashf etib, Novaya Zemlyaning shimoli-sharqiy qirg‘oqlarida qishladilar va shu yerda V.Barens vafot etdi. V.Barensning okeanshunoslik faniga qo‘shgan hissasidan biri XVI asrning oxirida Shimolliy Muz okeanining g‘arbiy qismini haritasini tuzdi va ayrim geografik tafsilotlarini berdi. G.Gudzon Grenlandiyaning sharqiy sohillari bo‘ylab suzib 73° sh.k. gacha bordi.
XVII asrning boshlaridan Shimoliy muz okeanining umumiy qiyofasi yaxshi o‘rganila boshladi. S.I.Dejnev Shimoliy Osiyo qirg‘oqlarini tadqiq etish bilan shug‘ullanib, u Kolima daryosining quyi qismidan materikning eng sharqiy chekkasigacha bordi va 1648 yilda Osiyo bilan Amerika o‘rtasida bo‘g‘oz borligini hamda Shimoliy Muz okeani Atlantika okeani bilan tutash ekanini kashf etdi. Keyinchalik bu bo‘g‘oz ikkinchi marta Vitus Bering tomonidan kashf etilib uning nomiga kuyildi.
Buyuk Shimol ekspeditsiyasi 1733-1743 yillar davomida Shimoliy Muz okeani qirg‘oqlarini rejali ravishda o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi Oq dengizdan Bering dengiziga suzib boradigan qisqa masofali suv yo‘lini topish edi. Ekpeditsiya qatnashchilari ilmiy jasorat ko‘rsatib, Pechora daryosining quyilish joyidan Bering bo‘g‘ozigacha qirg‘oq bo‘ylab borishdi va u joylarni haritasini tuzishdi. Qatnashchilardan S.I.Chelyuskin, D.Ya.Laptev, X.P.Laptev va boshqalar haritadagi geografik nomlardan faxrli o‘rinlarni olgan. M.V.Lomonosov ekspeditsiya to‘plagan materiallarni o‘rganib, Shimoliy Muz okeani to‘g‘risidagi birinchi ilmiy tasavvurni hosil qilib, qutb atrofidagi dengizlar tagida ko‘tarilmalar borligi haqidagi fikrni bayon etdi, oqimlar va muzlarning harakati to‘g‘risida taxmin qildi.
1827 yilda U.Parri Shpitsbergen atrofidagi dengizlarda suzib 82°45* shimoliy kenglikkacha bordi. T.J.Franklin (1827 yil) va J.Ross (1829 yil) Kanada-Arktika arxipelagining dengiz qirg‘oqlarini qiyofasini aniqladilar. 1850-1853 yillarda Mak-Klur va Mak-Klintoklar Shimoli-G‘arbiy dengiz yo‘li mavjudligini isbotladilar. A.Nordensheld rahbarligidagi rus-shved ekspeditsiyasi 1878-1879 yillarda "Vega" yelkanli kemasida okeanning g‘arban sharqqa yo‘lida bir qishlab kesib o‘tib Shimoli-Sharqiy dengiz yo‘lini muvaffaqiyatli zabt etdi. Arktika havzasining ilmiy tadqiq qilishning yangi davrini boshlanishida F.Nansenning xizmati katta. 1893-1896 yillarda u boshchiliq qilgan ekspeditsiya a’zolari "Fram" kemasida suzib, okean to‘g‘risida ko‘plab materiallar to‘pladi va buyuk kashfiyotlar uchun imkon yaratdi.
XX asrga kelib Shimoliy Muz okeanini ilmiy tadqiq qilish keng ko‘lamda boshlandi. R.Amundsen 1903-1906 yillarda Shimoli-G‘arbiy suv yo‘lini yana bir bor zabt etib, Shimoliy Amerika materigi qirg‘oqlari bo‘ylab suzib o‘tdi. R.Piri 1909 yilda birinchi bo‘lib Shimoliy qutga qadam qo‘ydi. S.O.Makarov loyihasi asosida qurilgan "Yermak" muzyorar kemasi 1899-1901 yillarda Arktika havzasida suzib okeanografik kuzatishlar olib bordi, muzlarning holatini va harakatini o‘rgandi, okean suvida haroratni va sho‘rlikni taqsimlanishi to‘g‘risida materiallar to‘pladi. 1932 yilda O.Yu.Shmidt rahbarligidagi ekspeditsiya muzyorar kemada okeanni g‘arbdan sharqda bir kema qatnovi faslida suzib o‘tdi. Ular suzish davomida chuqurliklarni, muz qalinligini o‘lchadilar, ob-havoni kuzatib bordilar.
1937 yilda suzib yuruvchi muz ustida birinchi qutb stansiyasi "Severniy polyus-1 (SP-1)" tashkil etildi. I.D.Papanin rahbarligidagi to‘rt qutbchi Shimoliy qutbdan Grenlandiya dengizigacha bo‘lgan masofani suzib yuruvchi muz ustida o‘tib, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirdi. Keyinchalik Arktika havzasini tadqiq etishda "SP-2", "SP-3", "SP-4", "SP-5" va boshqa dreyf stansiyalarning roli katta bo‘ldi. Bu uslubdan hozirgi kunda Rossiya, Amerika, Kanada qutb tadqiqotchilari keng foydalanishmoqda.
Hozirgi kunda okeanni tadkiq qilishda samolyotlardan va kosmosdan olingan rasmlardan keng foydalanib, okean ustidagi atmosfera holatining o‘zgarishi, muzliklarning harakati, oqimlar to‘g‘risida ma’lumotlar olinmoqda va xalq xo‘jaligaga yetkazilmoqda. Uzoq yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar natijasida Shimoliy Muz okeanining tabiatining iqlimi, organik dunyosi, oqimlari o‘rganildi, okean tagi rel’efi va geologik tuzilishi aniqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |