II bob. YOshlarni oilaDA TARBIYALASHDA METODLARNING O’RNI VA shart-sharoitlari 2.1. O’zbek oilalarida yoshlarning oilaviy tarbiya haqidagi tasavvurlarini shakllantirish
O’zbekiston mustaqil taraqqiyot yo’liga o’tgandan keyin ta`lim islohotlarida yoshlarni milliy qadriyatlar, ajdodlarimizning boy tajribasi asosida tarbiyalashga keng imkoniyat yaratildi. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da: «Xalqning boy, intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O’zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir», -deb ko’rsatilgan.
Xalq pedagogikasi ana shunday boy, intellektual meros hamda tarbiya manbai bo’lib, har tomonlama kamol topgan jamiyat va oilada o’z mavqeiga ega bo’lgan shaxsni shakllantirishda asosiy bilimlar majmui bo’lib xizmat qiladi. SHuning uchun ham tadqiqotchilar xalq pedagogikasi, uning tarbiyaviy ta`siriga katta e`tibor berganlar.
Turli manbalarda «Xalq pedagogikasi»ga turlicha ta`riflar berilgan. Masalan, «Pedagogicheskaya entsiklopediya»da unga: «Xalq pedagogikasi-tarbiyaning maqsad va vazifalari haqida xalqda ustunlik qiluvchi qarashlarni ifodalovchi, xalqning ta`lim-tarbiya vositalari, ko’nikma va malakalari majmuidan iborat bo’lgan xalq ommasining empirik pedagogik bilimlari va tajriba sohasidir», - deb ta`rif berilgan.
Xalq pedagogikasini tarbiya jarayoni ob`ekti sifatida qaralsa, xalq pedagogikasining ob`ekti nafaqat tarbiya, balki ta`lim jarayonini qamrab olganligini ham ta`kidlagan holda uni yosh avlodga bilim, ko’nikma, ijodiy ish metodlarini o’rgatib kelganligi, bolalarning dunyoqarashini shakllantirishda o’ziga xos usul va vositalarni ham qo’llaydi.
Xalq pedagogikasi o’z manbalariga ega. Bu manbalarga: xalq og`zaki ijodi, milliy urf-odatlar, an`analar, diniy ta`limotlar, xalq o’yinlari, o’yinchoqlar, milliy musiqa, qo’shiqchilik, xalq amaliy san`ati, hunarmandchilik, tasviriy san`at, me`morchilik, raqs san`ati kiradi.
Mustaqillik yillarida xalq pedagogikasini o’rganish va uni ta`lim jarayoniga tatbiq qilish uchun katta ishlar qilinmoqda. Lekin bu borada qator ishlar yaratilib, ularning ko’pchiligi milliy qadriyatlar, milliy xalq an`analari, urf-odatlari va udumlaridan foydalanishga qaratilganligining guvohi bo’ldik.
Xalq pedagogikasida, asosan, oila, bolalar tarbiyasi, ota-onalar burchi haqidagi tasavvurlar mujassamlashgan.
Xalqning oila va nikoh, sevgi va muhabbat, ota-ona va farzand haqidagi tasavvurlari uzoq-uzoqlarga borib taqaladi. Mazkur tasavvurlar o’zbek xalqining uzoq yillar davomida avloddan-avlodga o’tib, sinalgan, tajribada qo’llangan qoidalarida va xulq me`yorlarida o’z ifodasini topgan.
Ma`lumki, oila va oilaviy munosabatlar o’ta murakkab jarayon. Bunda oilaning bolalarga ta`sir etish yo’llari, metod va usullari, an`ana va urf-odatlari ifodalanganligi bilan asosiy vazifani bajargan. SHuningdek, oila bo’sh vaqtni tashkil etish, bolalarning o’qish va mehnatini amalga oshirishga doir tashkiliy vazifani, oila a`zolari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarda axloqiy me`yorlarni belgilovchi vazifalarni ham bajaradi. Bularning barchasi asta-sekin oila tarbiyasining bir butun tizimini yaratgan. Bu munosabatlar oilada uning ichki aloqalarini amalga oshirgan, ota-onaning tarbiyaviy vazifalarini aniqlagan, bolalarga ta`sir etish shart-sharoitlari yaratilgan.
Ana shu vazifalar xalq nazarida bo’lib, xalq pedagogikasida o’z ifodasini topgan va uning tasavvurida inson uchun eng muqaddas hisoblangan oilaning tarkib topishiga sabab bo’lgan.
Ma`lumki, eng qadimgi davrlardan boshlab, mustahkam oila sevgi asosida qurilgan. SHuning uchun ham xalq sevgi-muhabbatni doim ulug`lab kelgan.
YOshlarni nikohga tayyorlash muhim davr hisoblanadi. SHuning uchun xalq bo’lg`usi oila boshlig`i – yigitlarga bu muhim davrni orqaga surmasligi, qiz tanlashda o’ta talabchanlik ba`zilarni xato yo’lga boshlashi ham mumkinligini anglatganlar.
SHuningdek, ota-onalar uchun qizlarni vaqtida turmushga uzatish, yigitlarni vaqti etganda uylantirish ham qarz, ham farz hisoblangan. Buni biz «CHiroying borida, chinoringni top», «Bosh ikkov bo’lmay, mol ikkov bo’lmas» kabi maqollardan ham bilsak bo’ladi. Buni xalqning uzoq yillik tajribasida sovchilik udumlari ulug`langanida ko’rish mumkin. Sovchilar ham ikki yoshning baxtli hayot qurishiga sababchi bo’lgan.
Xalq oilada er-xotinning janjallari haqida ham juda ko’p hikmatli so’zlar aytgan va oilaviy janjallarning oldini olishga harakat qilgan. Masalan, xalq yoshlarga o’z sevgi-muhabbatini saqlashni nasihat qilgan. CHunki, oila qurgan yosh kelin-kuyovlar bir umr birga bo’ladilar. Ularning kundalik turmushida turli sabablarga ko’ra kelishmovchiliklar chiqishi mumkin. SHunga ko’ra xalq donishmandligida bu ziddiyatlarga o’ta jiddiy ahamiyat berilmagan. CHunki er-xotin o’rtasidagi janjallarning umri qisqa bo’lgan. Ular har bir oilada u yoki bu tarzda bo’lib, o’z-o’zidan oldi olingan. «Er-xotinning urushi, doka ro’molning qurishi», «Er-xotinning orasiga esini egan tushadi», «Oshsiz uy bor-u, urushsiz uy yo’q», «Er-xotin urushar, nodon o’rtaga tushar», kabilar oilada er-xotinning totuvligini saqlash, ularning janjaliga e`tibor bermaslik, uni o’zlariga qo’yib berish, ozgina hazil aralash ifodalangan.
Xalq o’z donishmandligi bilan er-xotinlar o’rtasidagi janjalning oldini olishga harakat qilgan. Bunda er-xotin urushishlari tufayli boshqalar oldida kulgili holatga tushishlari; bu janjallarga arzimagan holatlarning sabab bo’lishi, ularni aql bilan ish tutishga yo’llashi, bir-biriga kechirimli bo’lishi va nihoyat, er-xotindan birining past kelib, janjalning oldini olishga erishishiga e`tibor berilgan.
Ma`lumki, oilada er-xotin o’rtasidagi janjallarga sabab ko’pincha ulardan birining etakchi bo’lishga intilishi bo’ladi.
Lekin ko’p oilalarda o’z-o’zidan etakchi paydo bo’ladi: kimda ko’proq ro’zg`or yuritish qobiliyati kuchli bo’lsa, o’sha etakchi bo’ladi. Ammo xalq donishmandligida oilaviy-maishiy ishlarda ayol etakchi bo’lsa, erkakning qo’li kerak bo’lgan taqdirda erkak etakchilik qiladi. Bunday oilalarda o’zaro yordam, hamjihatlik mavjud bo’ladi. SHuning uchun ham xalq «Er-xotin - qo’sh ho’kiz» deb, hazilga moyil iborani bekorga aytmagan.
Xalq ayolning oiladagi o’rnini doimo ulug`lashi bilan birga erkakni ham uning tayanchi sifatida ta`riflagan.
«Xotin - erning vaziri», «Xotin - uy bezagi», «Ota-bilak, ona-yurak», «Onalik uyning ori bor, otalik uyning zari», degan maqol va iboralarda oilada ayol va erkakning o’rni to’g`ri baholangan. Zero, xalq pedagogikasida ayol oila baxti sifatida baholansa, erkak oila tayanchi, poydevori deb qaralgan. SHuning uchun ham «YAxshi xotin- yarim baxt» deb ta`rif berilgan.
Xalq yomon xotinlar haqida ham juda ko’p hikmatlarni aytgan. Dangasa, urushqoq, g`iybatchi ayollar qoralangan. «YAxshi xotin yo’q narsangni bor etar, yomon xotin keng uyingni tor etar», «Eshik ko’rgan yurt buzar, beshik ko’rgan yurt tuzar», «Eshik ko’rganni emas, beshik ko’rganni ol» kabi maqollar va iboralar shular jumlasidandir.
Lekin oila baxti, oilaning eng muhim xususiyati farzand tarbiyasidir. Farzand tarbiyasiga esa ota-ona mas`ul hisoblanadi.
O’zbeklarga xos xususiyatlardan biri bir necha oilaning bir xonadonda yashashidir. YA`ni, bu oilalarda bobo, buvi, ota-ona, o’g`il va kelin, nevara, evaralarning yashashidir. Bunday oilalarda bobo va buvilardan o’g`il va kelin, nevaralar har tomonlama tarbiya oladilar, oilaviy-milliy urf-odatlar, an`analarni o’rganadilar. Bolalar nazoratsiz qolmay, mehr-muruvvat og`ushida o’sadilar. CHunki ko’pincha mustaqil yashaydigan oilalarning farzandlari ba`zida shaxsiyatparast, mehnatni sevmaydigan, ota-onalarning hurmatini bilmaydigan, milliy, oilaviy urf-odatlar, an`analardan begona bo’lmoqdalar. Xalq donishmandligida «Qaynonali kelin qarqara kelin, qaynonasiz kelin masxara kelin», «Ona bo’lmay, ona qadrini bilmas», «Ota bo’lmay, ota qadrini bilmas», «Ota-onang davlating, farzandlaring savlating» kabi hikmatlar bekorga aytilmagan.
Qadimdan o’zbek oilalarida hisob-kitob, kirim-chiqim, iqtisodiy-xo’jalik ishlariga bir kishi rahbarlik qilgan. Keyingi yillarda har bir oila a`zosining o’zicha mustaqil harakat qilishi oilaning yirik tadbirlariga mablag` yig`ish, kundalik harajatlarga oqilona sarf qilishdan oila daromadining to’planishiga yo’l qo’ymaydi. Ayniqa, yosh oilalar sarf-harajatda «sahiy» bo’lib, ertangi kun uchun mablag` to’plashda tajribasiz bo’lib qoladi.
SHuning uchun ham ota-onalar ko’pincha oila qurgan o’g`il-qizlarini 2-3 farzandlik bo’lib, past-balandni bilib, oqu qoraning farqiga eta boshlagandan so’ng unga uy-joy qurib, mustaqil oila sifatida ajratib chiqaradi. SHunda yosh oilalar, albatta, ota-ona tajribasiga tayanib, qoqilmay hayot kechiradilar. Ammo shunda ham yosh oilaning mustahkam bo’lishi, er-xotinning tinch-totuv yashashi uchun juda ko’p talablar borki, bularga rioya etish muhimdir. Oilada er-xotin, ya`ni ota-onaning muhim vazifalari borki, bu avloddan-avlodga o’tib, boyib, yanada sayqallashib kelmoqda.
Birinchi navbatda, er-xotinning totuvligi, oila yuritish ko’nikma va malakasiga ega bo’lishidir. Bu borada onaning zimmasiga ko’proq mas`uliyat tushadi. Bu mas`uliyat kelinning yangi oilaga kirib kelgan kunidan boshlanadi. Uning kirishishi, shu oilada murosa qilib ketishiga olib keladi. Bunda, ayniqsa, kelinning barcha oila a`zolariga hurmat bilan muomalada bo’lishi, birortasining kayfiyati buzilganda sukut saqlab, janjalga aralashmasligi, sabr-qanoati oila a`zolarining hurmatini qozonishga olib keladi. CHunki turli xulq-atvor, xatti-harakatlar, har xil turmush tarziga ega bo’lgan ikki oila farzandlari qovushgan bo’ladi. Agar kelin-kuyov o’zlaridagi barcha yaxshi xislatlarni birlashtirsa, oilada yaxshi ruhiyat vujudga keladi. Bunda ancha-muncha kamchiliklar ham yopilib ketadi. Ayniqsa, o’zbekning to’yidan keyin oilada yuz bergan ba`zi qiyinchiliklarni sezmaganga olishi, yo’qdan bor qilishiga, tejab-tergab, qaynonadan maslahat olib ish yuritishga harakat qilmog`i zarur.
Oilada turli kelishmovchiliklar, qiyinchiliklar sir sifatida saqlanishi muhim. Zero, oila tashvishi o’z-o’zidan kelin zimmasiga o’ta boshlaydi va bu «yuk» ba`zida ayol sifatida unga og`irlik qiladi. Lekin ayol oila mulkini saqlashi, yig`ishi, keragida uni eriga taqdim etib, xursand qilishi zarur. SHuning uchun ayolni oilada ustunga o’xshatadilar. CHunki u o’z sabr-bardoshi bilan oilani saqlaydi.
Demak, ayol oila degan kichik bir mamlakatni boshqaradi. Oila a`zolariga tarbiya berish, kirim-chiqimni tartibga solish, oila a`zolarining har biriga topshiriq berib, uning bajarilishini nazorat etish, ixtiloflarni shirinsuxanlik bilan bartaraf qilish, qo’ni-qo’shnilar orasiga sovuqlik tushganda ularni yarashtirish ayol zimmasidadir. Ayol ro’zg`or yuritishda me`yorga rioya etishi, tejamkor bo’lishi, isrofgarchilikka yo’l qo’ymasligi muhim. Qarindosh-urug`larni hurmat qilishi, eri keltirganlarni tejab-tergab, oz-ozdan mulk yig`ishi, bu mulkni farzandlari ulg`ayganda ularga kerak bo’lishi, to’y-hashamlarda sarf etishi uning obro’yini yanada oshirib yuboradi.
Ayol ma`lum me`yorda eriga itoatli bo’ladi. Bu itoat zamonaviy ayollarga g`aliz tuyulishi mumkin. Ammo bu umr yo’ldoshiga hurmat sifatida qaralsa, ayol xulqi mukammalligining mezoni hisoblanadi. Ayol xususiyatlaridan yana biri erga yolg`on so’zlamaslikdir. YOlg`on oilada ishonchni yo’qotadi va totuvlikka ziyon etadi.
Demak, ayol borki tinch, totuv, xotirjam, to’kis oilaga ega bo’lmoqchi bo’lsa, u ilmli, o’z zimmasiga yuklanadigan xizmatlar, ya`ni axloq me`yorlariga rioya qilish, farovon turmush kechirish, uy-ro’zg`or yuritish, oilani boshqarish tajribasini o’zlashtirishi zarur, shuningdek, ma`lum ma`lumotga ega bo’lishi ham muhim. CHunki oila ishlarini yuritish tajribasiga ega bo’lgan ayol oila ko’rki hisoblanadi, bilimli ayol salbiy fikr va bekorchi vaqtdan xoli bo’ladi. Hunarli ayolning oilasi farovon bo’ladi, tibbiyot ilmidan xabardor bo’lish, oila a`zolari, xususan farzandlarining sihat-salomat bo’lishi, eyish-ichish, kiyinish qoidalariga rioya etish vositasida oila barkamol hayot kechiradi.
Oilaning barkamolligi ayol bilan birga erkakka ham o’ta bog`liqdir. Bunda erkaklarning vazifasi beqiyos keng. Bulardan eng muhimi ayolga, ya`ni umr yo’ldoshiga yaxshi muomala qilishdir. CHunki ayol oilada ro’zg`or yumushlari bilan birga tun uyqusini buzib bolalarni parvarish etadi, hatto erkak zimmasidagi ishlarni ham bajarib qo’yadi. SHuning uchun ham ayolga muomalada adolat nuqtai nazaridan munosabatda bo’lish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |