Bulbul chamanni sevar,
Odam — Vatanni.
Ona yurting omon bo`lsa,
Rangi ro`ying somon bo`lmas.
Bu kabi maqollarni eshitgan bolada “vatanni sevish kerak ekan, vatan muqaddas ekan” degan tushunchalar payto bo`lishi aniq.
Do`stlik, birodarlik, dushmanga nafrat, ahillik va birdamlik g`oyalari ham maqollarning asosiy mag`zini tashkil etadi:
Ko`kka boqma, ko`pga boq!
Do`st so`zini tashlama,
Tashlab boshing qashlama.
Bola oila davrasida bu kabi maqollarni tinglab, har bir insonda do`st bo`lishi lozimligi, do`stsiz inson uzoqqa bora olmasligini anglab shaxs sifatida shakllanishni boshlaydi.
Maqollarda mehnat insonning ko`rki, ziynati sifatida ifoda etiladi. Shuningdek, hamkorlikda, kengashib qilingan mehnat serunum bo`ladi, degan g`oya ilgari suriladi:
Daryo suvini bahor toshirar,
Odam qadrini mehnat oshirar.
Daraxt yaprog`i bilan ko`rkam,
Odam mehnati bilan ko`rkam.
Oilaviy tarbiya jarayonida bola mehnatning qiymati, zaruratini anglab borsa, bu ham inson sifatida shakllanishning bir bosqichi bo`ladi.
Ko`pgina maqollarda yoshlar ilm-hunarli bo`lishga chaqiriladi:
Bilagi zo`r birni yiqar,
Bilimi zo`r mingni.
Ilm — aql chirog`i.
Olim bo`lsang, olam seniki.
Ilm olishni ilk yoshlardanoq boshlagan oilada farzand ziyoli bo`lib yetishadi. Ilmga chorlash ezgu harakatdir. Ilmli bola shaxs sifatida yetilib boradi.
Tilning e`tirofi, nutq madaniyatining dolzarbligi va donolik haqida ham anchagina maqollar yaratilgan:
Tilga e’tibor — elga e’tibor.
Dono aytsa — el aytgani,
Elning gamini yeb aytgani.
Bola o`zining ilk so`zlarini oilada o`rganadi. Shunday ekan oilada bolaga til haqidagi maqollarni o`rgatib borish uning vatanparvarlik hissini oshirib boradi.
Xalq maqollarida yaxshilik, halollik, to`g`rilik hamda rostgo`ylik ulug`lanib, yomonlik, yolg`onchilik va qalloblik esa qoralanadi:
To`g`ri bo`lsang, o`sib borib gul bo`larsan,
Egri bo`lsang, o`sib borib kul bo`larsan.
Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga,
Yomon bilan yursang, qolarsan uyatga.
Yaxshidan ot qolar,
Yomondan dod qolar.
Ilk bolalik yoshida inson do`st tanlashda xatolarga yo`l qo`yishi va noto`g`ri yo`llarga qo`shilib qolishi mumkin. Yuqoridagi do`st tanlash borasidagi maqollar bolani to`g`ri yo`lga boshlashdan tashqari, ehtiyotkorlik hissini uyg`otishga xizmat qiladi
Axloq-odob haqidagi maqollarda ham ta’lim-tarbiyaviy g`oyalar ilgari suriladi:
Bolani yoshdan asra,
Niholni boshdan asra!
Rahmat olgan omondir,
La’nat olgan yomondir.
Bola, aziz, odobi undan aziz.
Bolalar odobli bo`lish lozimligini, rahmat eshitish yaxshi xislat ekanligini, ilk yoshdanoq yaxshi inson bo`lishga harakat qilish kerakligini o`rganib ulg`aysa, komil inson bo`lib yetishadi.
Haqiqatan ham, xalq maqollari yordamida bolalarning aql-idrokini o‘stirish, ma’rifat ziyosidan bahramand qilish, umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash istiqlol talabidir. Buning uchun avvalo oilada ota-onalarning o‘zi ana shunday buyuk fazilatlarga ega bo‘lishi kerak. Bu ularning zimmasiga juda katta ma’suliyat yuklaydi. Demak, bugungi ota-ona - o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlaridan to‘la xalos etish, ta’lim-tarbiya jarayonini jahon rivojlangan ta’lim darajasiga ko‘tarishda faol ishtirok etishi bilan birga bolalar qalbi va ongida mehnatsevarlikni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |