Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ota-onaning huquq va majburiyatlari. Oila kodeksining 74-moddasi ota-onalar zimmasiga bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish majburiyatini yuklaydi.
Ota-onalar o‘z bolalarining qonuniy vakillaridir. Ularning har biri shunday huquqdan foydalanadi.
Ota-ona o‘z bolalarining vakillari bo‘lganligi uchun har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan bo‘lgan munosabatlarda, shu jumladan, sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar. Voyaga yetmagan bolalarning fuqarolik va boshqa huquqlarini, qolaversa, qonuniy manfaatlarini har qanday suiiste’molliklardan saqlash vazifasi qonun yo‘li bilan bolalarning ota-onasi zimmasiga yuklatilgan, bu majburiyatni bajarish uchun ulardan alohida vakolatnoma talab qilinmaydi. Buning uchun bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki pasportini ko‘rsatishi yetarli, chunki bundan bolaning haqiqiy otasi yoki onasi ekanligi bilinib turadi. Nikohsiz tug‘ilgan bolaning huquqini himoya qilish, qoidaga ko‘ra, ona tomonidan amalga oshiriladi. Bunday bolaning huquqini himoya qilish amaldagi otaga agar ota o‘z otaligini o‘z xohishi bilan tan olsa yoki otalik sud tartibida belgilangan bo‘lsa yuklatiladi.
Bolaning yoshi kattalashib borgan sari fuqarolik muomala layoqati ham kengayib boradi. Masalan, Fuqarolik kodeksining 27-29-moddalarida o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar)ning muomala layoqatini aniq belgilab beradi.
Bularni hisobga olib o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar uchun fuqarolik-huquqiy bitimlarni (Fuqarolik kodeksining 28-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan hollardan tashqari ular nomidan faqat ularning ota-onalari, ya’ni o‘z bolalarining qonuniy vakili sifatida tuzadilar.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning fuqarolik huquq va majburiyatlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlari haqiqiy emas deb topiladi. Biroq agar bitim kichik yoshdagi bolalar manfaatini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiyning talabi bo‘yicha u sud yo‘li bilan haqiqiy deb topiladi. 14 yoshga to‘lgan bolalar uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ota-onalar o‘z bolalarining homiylari sifatida qatnashadilar (Fuqarolik kodeksining 32-moddasiga qarang).
Voyaga yetmagan bolaning o‘n sakkiz yoshga to‘lishi yoki uning nikoh tuzishi va boshqa hollarda voyaga yetganning to‘la muomalaga ega bo‘lishi alohida qarorsiz voyaga yetmagan ustidan bo‘lgan homiylikni tugatadi.
Ota-onalik huquqini amalga oshirish. O‘z bolalariga nisbatan (Oila kodeksining 75-78-moddalariga qarang) ota-onalarga davlat keng huquqlar berib, umumiy qoida bo‘yicha ularni amalga oshirish jarayoniga aralashmaydi. Biroq bunda davlat o‘z shartlarini qo‘yadi. Shunga alohida e’tibor qilish lozimki, ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas (Oila kodeksini 75-moddasining 1-bandi).
Amaldagi qonunchilikka asosan, ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarning jismoniy va ruhiy sog‘ligiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazmasliklari lozim. Bolalarni tarbiyalash usullarini mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik, insoniy qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlardan bolalarni haqoratlash yoki ularga tazyiq o‘tkazishdan holi bo‘lishlari belgilangan.
Agar ota-onalar o‘zlarining ota-onalik huquqlarini bolalarning huquq va manfaatlariga qarshi qaratib amalga oshirsalar, buning uchun ularningjavobgarligi qonun tomonidan belgilangan tartibda vujudga keladi. Javobgarlik fuqarolik-huquqiy, jinoiy, ma’muriy bo‘lishi mumkin. Bunda javobgarlik turini belgilash ota-onaning o‘z bolasiga nisbatan qanday huquqni buzganligiga bog‘liq bo‘ladi.
Ota yoki ona tomonidan voyaga yetmagan bolani tilamchilikka, spirtli ichimliklar iste’mol qilishga, giyohvandlik yoki psixotrop hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy oqibatni keltirib chiqaradi (Jinoyat kodeksi 127-moddasining 1-bandi).
Ota-onalarning javobgarligi oila qonunchiligi normalari asosida ham vujudga kelishi mumkin. Ma’lum shartlarning mavjud bo‘lishi ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum etish uchun asos bo‘lishi mumkin (Oila kodeksini 79-moddasiga qarang).
Oila kodeksining 75-moddasi 4-qismiga muvofiq, bolalarning ta’lim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqadi va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan o‘zaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
Ota-onalik huquqlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun bolalar o‘zlarining ota-onalari yoki ulardan biri bilan yashashlari maqsadga muvofiq hisoblanadi. Agar ota-onalar alohida yashasalar, bolaning yashash joyi ota-onalarning kelishuvi bilan hal qilinadi. Agar ota-onalar o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, u holda nizo bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog‘lanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashg‘ulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |