Voyaga yetmagan bolalarning mulkiy huquqlari. Voyaga yetmagan bolalarning mulkiy huquqlari ilgari amalda bo‘lgan qonunlarda o‘z ifodasini topmagan edi. Endilikda ular Oila kodeksining 90-moddasida o‘z aksini topdi. Bu holat yana bir bor bolaning huquq subyekti sifatida keng huquqlarga ega bo‘la olishining isbotidir.
Amaldagi qonunchilik voyaga yetmagan bolalarning mulkiy huquqlarini majmua xarakteriga ega ekanligini inobatga olib, ularning har biriga alohida e’tibor beradi.
Oila kodeksining 90-moddasiga binoan, voyaga yetmagan bolalar o‘z ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda ta’minot olish huquqiga egalar. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun olingan mablag‘, pensiya, aliment uning otasi yoki onasi tasarrufida bo‘lib, bolaning ta’minoti, tarbiyasi va ta’lim olishi uchun sarflanishi kerak.
Voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkini tasarruf etishga doir vakolatlar amalga oshirilayotganda, fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi. Bulardan tashqari, bolalar: 1) Sovg‘a (hadya) olish natijasida vujudga keladigan mulkiy huquqlarga ega. Bu an’anaviy va juda ko‘p tarqalgan mol-mulk olish usuli hisoblanadi. Bunday mol-mulk nafaqat qa-rindoshlardan, shuningdek, boshqa jismoniy shaxslar, hatto, yuridik shaxslardan ham olingan mol-mulk bo‘lishi mumkin.
2) Fuqarolik kodeksi tomonidan belgilangan meros tartibida (meros qonun yoki vasiyatnoma tartibida olinishidan qat’i nazar), shuningdek, mol-mulk olishga bo‘lgan huquqlar.
Fuqarolik kodeksining 29-moddasiga binoan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishlari mumkin.
Olti yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan kichik yoshdagi bolalar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar: mayda maishiy bitimlar; tekin manfaat ko‘rishga qaratilgan, notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qilmaydigan bitimlar; qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag‘larni tasarruf etish borasidagi bitimlar.
Kichik yoshdagi bolaning bitimlari bo‘yicha, shu jumladan, o‘zi mustaqil tuzgan bitimlar bo‘yicha uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiysi, agar ular majburiyatning buzilishida o‘zlarining ayblari yo‘qligini isbotlay olmasalar, mulkiy javobgar bo‘ladilar. Ushbu shaxslar qonunga muvofiq kichik yoshdagi bolalar yetkazgan zarar uchun ham javobgar bo‘ladilar.
Voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 45-moddasiga binoan, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
Voyaga yetmagan bolalar o‘zlarining jismoniy, ruhiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘ra hamma vaqt ham u yoki bu boshqa hayotiy vaziyatni to‘g‘ri baholay olmasliklari mumkin.
Shuning uchun Oila kodeksi 67-moddasining 2-qismiga binoan, bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni uning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) amalga oshiradilar.
Bolaning buzilgan huquqlarini himoya etishga doir qonunda nazarda tutilgan choralarni ko‘rish yoki bunday choralarga murojaat qilmaslik to‘g‘risidagi masalani hal etishda ota-ona bolaning manfaatlaridan kelib chiqib ish tutishi, agar bola o‘n yoshga to‘lgan bo‘lsa, albatta, uning fikrini inobatga olgan holda harakat qilishi lozim. Agar bolaning subyektiv huquqlari uning qonuniy vakillari, shu jumladan, ota-onasi tomonidan buzilayotgan bo‘lsa, masalan, ular bolaning tarbiyasi va ta’limi borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan yoki ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotgan bo‘lsa, bola o‘z huquq va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini so‘rab, vasiylik va homiylik organiga, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bo‘lsa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilishi mumkin.
Qonunda oilaviy huquqiy munosabat ishtirokchilarining buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini vasiylik va homiylik organlari himoya qilishi mumkin bo‘lgan hollar ham nazarda tutilgan. Bolalar to‘liq davlat ta’minotida bo‘ladigan muassasalardagi tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ham vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi (Oila kodeksi 148-moddasi). Ota-ona bilan bolalar o‘rtasida yuzaga keluvchi huquqiy munosabatlar tarkibida shaxsiy nomulkiy huquqiy munosabatlar ajralib turadi. Bola tarbiyasi ota-onaning shaxsiy huquqiy munosabatlarining asosiy obyektlaridan biri hisoblanadi. Ota-ona huquqining mohiyatiga va vazifalariga yaxlit majmua sifatida qaraydigan bo‘lsak, unda bola tarbiyasiga bo‘lgan huquq va burch ustuvor o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi ota-onalik huquqlarini voyaga yetmagan ota-onalarga ham berilishini belgilaydi. Ular ham ota-ona huquqiy maqomiga ega bo‘lib o‘z bolalariga nisbatan huquq va majburiyatlarga egadirlar. Har bir ota-ona o‘z farzandlariga ism berish, ularni tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish, shuningdek, ularning shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini himoya qilishda teng huquq va majburiyatlarga egadirlar.
Voyaga yetmagan ota-ona o‘z bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tug‘ilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda, o‘n olti yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi. Voyaga yetmagan ota-ona o‘z otaligi va onaligini umumiy asoslarda e’tirof etish yoki unga e’tiroz bildirish huquqiga ega.
Ota-onaning asosiy vazifalaridan biri farzandini tarbiyalash bo‘lib, bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiysianing 64-moddasida shunday deyiladi: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi”. Shundan kelib chiqib, Oila kodeksining 73-moddasida mazkur Konstitutsiyaviy qoida yanada mustahkamlandi. Unda ota-onalarning o‘z bolalarini tarbiyalash huquqlari, shu bilan birga, ota-onalarning o‘z bolalarini tarbiyalash majburiyati ham belgilangan.
Shunday qilib, ota-onalik huquqlari bir yo‘la bolalarni tarbiyalash majburiyati ham hisoblanadi.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart. Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari lozim.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustunlik huquqiga egadirlar.
Ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |