5-§.
Huquqni qo‘llash hujjatlari
Huquqni qo‘llash hujjatlari davlat or- ganlari, jamoat tashkilotlari va mansabdor shaxslarning huquqni qo‘llash faoliyatining
natijasi bo‘lib, hisoblanadi. Huquqni qo‘llash hujjati – davlatning hokimiyatini
amalga oshirish yuzasidan chiqariladigan yakka tartibdagi muayyan hujjat bo‘lib, vakolatli subyekt tomonidan aniq huquqiy masalani mazmunan hal etish yuzasidan chiqariladi. Huquqni qo‘llash hujjatlari ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir ko‘rsatish mexanizmida tutgan o‘rni, zaruriyati hamda foydaliligi nuqtayi nazaridan mustaqil qiymatga ega. Huquqni qo‘llash hujjatlari qadr-qim- matining yuqoriligi yana shu bilan belgilanadiki, ular orqali normativ-huquqiy hujjatlar bilan bir qatorda ijtimoiy maqsadlarni amalga oshirishga erishiladi.
Huquqni qo‘llash hujjatlari quyidagi bir qator xususiyatlarga ega:
ular vakolatli organlar va mansabdor shaxslar tomonidan chiqariladi. Bundan esa, huquqni qo‘llash hujjatlarining davlat-hokimiyat xususiyatiga ega ekanligi kelib chiqadi;
bu hujjatlar qat’iy individuallashgan bo‘lib, ular aniq shaxslar va hodisalarga qaratilgan bo‘ladi;
bu hujjatlarning bajarilishi davlatning majburlov kuchi bilan ta’minlanadi;
huquqni qo‘llash hujjatlari bir marta qo‘llaniladi, shu bilan u o‘z kuchi- ni yo‘qotadi.
Huquqni qo‘llash hujjatlarida, ular sudlov, ma’muriy yoki boshqa davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinishidan qat’i nazar, har doim davlatning obro‘si va kuchi namoyon bo‘ladi. Shuning uchun mazkur hujjatlarda nazarda tutilgan ko‘rsatmalarni bajarishdan bosh tortish, ularni buzish tegishli tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Huquqni qo‘llash hujjatlari quyidagi talablarga javob berishi lozim: a) maz- kur hujjatlar qaysi normativ-huquqiy hujjatlar asosida qabul qilingan bo‘lsa, ularga aniq mos kelishi; b) huquqni qo‘llovchi organ yoki mansabdor shaxsning vakolati doirasida qabul qilinishi; d) chuqur va har tomonlama asoslantirilgan bo‘lishi; e) huquqni qo‘llash hujjatlariga rasmiy tus beruvchi barcha zarur rekvizitlarga (hujjatning nomi, qabul qilinish joyi va vaqti, mazkur hujjatni qabul qilgan organ nomi, tegishli muhr, imzoning mavjudligi va hokazo) ega bo‘lishi.
Huquqiy adabiyotlarda huquqni qo‘llash hujjatlari huquqning manbayi bo‘la olmasligi qayd etiladi. Sababi, mazkur hujjatlar o‘zlarida umumiy yurish-turish qoidalarini emas, balki alohida hayotiy holatga taalluqli ko‘rsatmani mujassam- lantiradi. Huquq nazariyasida huquqni qo‘llash hujjatlarini tasniflash masalasi alohida ahamiyatga ega. Huquqni qo‘llash hujjatlarini bir necha mezonlar aso-
sida tasniflash mumkin. Ular ijtimoiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatish shakli; ularni qabul qilgan subyektlari; ahamiyati va hokazolarga asosan guruhlarga bo‘linadi.
Huquqni qo‘llash hujjatlari ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir etish shakliga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: ijro etuvchi va huquqni muhofaza etuvchi.
Ijro etuvchi hujjatlar huquq normasida mustahkamlangan ko‘rsatmalarni alohida shaxs yoki vaziyatga nisbatan ijro etishni tashkillashtirishga qaratil- gan. Masalan, mutaxassisligi va malakasi talabga javob beradigan shaxsni ishga qabul qilish to‘g‘risidagi, o‘z vazifasini sidqidildan ijro etgan xodimni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruq va hokazo.
Huquqni muhofaza etuvchi hujjatlar amaldagi huquq normalarini turli xil tajovuzlar yoki buzilishlardan saqlashga xizmat qiladi. Ular, odatda, huquq buzilishining oldini olish yoki sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan chiqarila- di. Bunday hujjatlarga sudlov, tergov, prokuratura, soliq, bojxona organlarining hujjatlari misol bo‘la oladi.
Huquqni qo‘llash hujjatlarini qabul qiluvchi subyektlarga ko‘ra, mazkur hujjatlar: qonunchilik hokimiyati organlari hujjatlari; ijro hokimiyati organlari hujjatlari; sudlov organlari hujjatlari; o‘zini o‘zi boshqarish organlari hujjatlari; jamoat tashkilotlari hujjatlari; korxona, muassasa va tashkilotlar ma’muriyati tomonidan chiqariladigan hujjatlarga bo‘linadi. Huquqni qo‘llash hujjatlarining ifoda etilishi shakliga ko‘ra: rasmiy talab, tavsiya xarakteridagi va ko‘rsatma (rezolyutsiya) hujjatlari kabi turlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |