O‘zbekiston – Mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘tgan
5-§.huquqiy ijtimoiy chorak asr mobaynida mamlakatimiz ilmiy davlat hamjamiyati, shu jumladan, huquqshunoslar, asosiy e’tiborni istiqbolda barpo etilishi
mo‘ljallanayotgan huquqiy davlatni ta’rif va tavsif etishga, uning turli xususiyat hamda fazilatlarini ochishga, izohlashga qaratib keldilar. Аyni vaqtda, davlatimizning ijtimoiy tabiatini, ijtimoiy vazifasi va faoliyatini (funksiyasini) tahlil etish olimlar va mutaxassislarning diqqat-markazidan chetda qolayotir. Shu bois, «huquqiy davlat» kategoriyasi bilan bir qatorda «ijtimoiy davlat» fenomeni (hodisasi)ni ilmiy tadqiq va tahlil mavzusiga aylantirish muhim ilmiy, amaliy hamda metodologik ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ijtimoiy davlatchilik tushunchasi XIX asr oxiri XX asr boshlarida vujudga keldi. Bu davrda neoliberal nazariyotchilar «erkinlik»ning yangi «pozitiv» talqinini ilgari surib, davlatning ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni ta’minlash majburiyati g‘oyasini ilgari surdilar. Bunga ko‘ra, davlat «ijtimoiy tengsizlik» ni bartaraf etishi, ya’ni boylik va qashshoqlik o‘rtasidagi nisbatni muvozanatlashi lozim edi. Shu tariqa davlatning «ikkinchi avlod» inson huquqlarini (ya’ni, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar) ta’minlash bilan bog‘liq faoliyatini nazarda tutuvchi «ijtimoiy davlat» g‘oyasi, ta’limoti paydo bo‘ldi. U XX asrning ikkinchi yarmida keng rivoj topdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin bir qator G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining (GFR, Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Daniya, Shvetsiya va boshq.). Konstitutsiyalarida «ijtimoiy davlat» («sotsial davlat») formulasi o‘z ifodasini topdi.
Keng tarqalgan talqinga binoan, ijtimoiy davlat, eng avvalo, ijtimoiy adolat haqida, o‘z fuqarolarining farovonligi, ularning ijtimoiy himoyalanganligi xususida g‘amxo‘rlik qiladigan davlatdir. Bunday davlat erkinlikni ta’minlash vazifasini aholining ijtimoiy nochor qatlamlari(ishsizlar, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlar, boquvchisidan ajralganlar, nogironlar va h.k.)ni ijtimoiy himoyalash bilan qo‘shib olib boradi.
«Ijtimoiylik»ning asosiy sharti – inson shaxsiga, uning sha’ni, qadr-qimmati, erkiga asrab-avaylab munosabatda bo‘lishdan iborat. Davlatning mohiyati uning faoliyat yo‘nalishlarida mujassamlashadi. Davlat faoliyatining muayyan qismini ijtimoiy vazifalarni bajarish tashkil etadi. Аna shunday vazifalar faoliyatining aksariyatini tashkil etgan demokratik davlatlar – ijtimoiy davlat sanalishi mumkin.
Ijtimoiylik, avvalo, bu adolat, ya’ni ko‘pchilikning manfaatiga muvofiqlikdir, ikkinchidan, insonlarning hamjihatligi ifodasidir. Shunga ko‘ra, hayotni adolatliroq qiladigan har qanday qoida, har qanday qonun, har qanday tartib ijtimoiydir.
Yuridik adabiyotlarda ijtimoiy davlatning tabiatiga, belgi va xususiyatlarga oid turli talqinlar beriladi. Bir qator tadqiqotchilar ijtimoiy davlatni fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini (ya’ni, mehnat qilish huquqi, dam olish huquqi, ijtimoiy ta’minot huquqi va boshq.) e’lon qiluvchi yoki pensiya va boshqa nafaqalarni ta’minlovchi davlat deb baholaydilar1. Аmmo bu yondashuv ijtimoiy davlatning o‘ta boy ma’nosini yetarlicha ocha olmaydi. U ancha teran mazmun-mohiyat kasb etadi. «Sotsial (ijtimoiy) davlat, – V.M. Baglayning fikricha, – fuqarolarni ish bilan ta’minlanishiga sharoit yaratadigan, umumiy daromadlarni budjet vositasida qayta taqsimlaydigan, odamlarga turmush kechirishning eng quyi chegarasini (minimumni) ta’minlaydigan, kichik va o‘rta mulkdorlar hissasi ko‘payishiga ko‘maklashadigan, yollanma mehnatni muhofaza qiladigan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va oila xususida g‘amxo‘rlik qiladigan, ijtimoiy ta’minotni muntazam yaxshilaydigan davlatdir»2.
Konstitutsiya davlat uchun aniq ijtimoiy dasturni belgilab bermaydi, balki unda davlat siyosatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari belgilanadi. Davlat siyosatining ikki muhim jihatini nazarda tutish lozim. Birinchisi – fuqarolarga munosib hayot kechirish uchun va insonning erkin rivojlanishi uchun sharoit yaratishda ifodalanadi. Bu – mehnatni va insonlar sog‘lig‘ini muhofazalash, ish haqining minimal hajmini belgilash, ishsizlikning oldini olish va h.k. Ikkinchisi – aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, oilani, onalik, otalik va bolalikni muhofazalash, nogironlarga va qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish va boshqalar. Ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish, davlat pensiyalarini, nafaqalar va boshqa ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilash ko‘zda tutiladi3. Professor O.E. Leyst ta’biricha, «sotsial davlat» nafaqat huquqiy tartibotni muhofazalashi, shuningdek kam ta’minlanganlar va butun jamiyat manfaati uchun ijtimoiy siyosatni amalga oshirishi (qonun vositasida ish kuni davomiyligini, bolalar va ayollar mehnatini cheklash hamda taqiqlashni, mehnatga qobiliyatsizlarni, ijtimoiy himoya bilan, ishsizlarni ish bilan ta’minlashni, davlat hisobidan umumiy o‘rta ta’limni, bepul meditsina xizmatidan foydalanish kabilarni huquqiy tartibga solishi) lozim4. Ijtimoiy davlatni tavsiflovchi ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan tarkib topadi: mehnatni va odamlar sog‘lig‘ini muhofazalash, mehnatga haq to‘lashning eng minimal miqdorini kafolatlash, oilani, onalik, otalik va bolalikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, nogironlar va keksalarga g‘amxo‘rlik qilish, ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish, davlat pensiyalarini, boshqa to‘lov va nafaqalarni belgilash, ijtimoiy himoyani kafolatlash va h.k. Demak, biz nazarda tutayotgan ma’nodagi davlat ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat yuritishi, ijtimoiy (shu jumladan, mulkiy) tengsizlikni ijtimoiy adolat talablari asosida muvozanatlashtirishi, ijtimoiy rivojlanishda mo‘tadillik va barqarorlikni ta’minlashi lozim. Biroq, ijtimoiy davlatni paternalistik davlat1 bilan aynanlashtirish o‘rinsiz bo‘lar edi, davlat jamiyat va insonlarning barcha ehtiyojlarini to‘la ta’minlab beradi, deb umid qilish to‘g‘ri emas. Davlat hamma narsani muhayyo qiladi, muruvvat manbayi deb, boqimandalikka berilish ham ma’qul emas.
Professorlar Е.I. Kozlova va O.Е. Kutafin ijtimoiy davlatni ijtimoiy tenglik, umumiy hamjihatlik va o‘zaro mas’ullik prinsiplarining huquq vositasi mustahkamlanganligiga tayanib, yuksak ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashni bosh vazifasi deb biluvchi davlat deb ta’riflaydilar. Ijtimoiy davlat zaif insonlarga ko‘maklashadi, iqtisodiy (moddiy) boyliklarni ijtimoiy adolat prinsipi ruhida taqsimlab, har bir insonga munosib hayot kechirishni ta’minlashga intiladi2.
Inson o‘z ehtiyojlarini qondirishi, munosib hayot kechirishi uchun mablag‘ga ega bo‘lishi, buning uchun esa, ish bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Shu bois ijtimoiy davlat shaxsning mehnat qilish huquqini kafolatlaydi, ishsizlikning oldini oladi, ish o‘rinlari yaratadi, ijtimoiy muhtojlarni, nogironlarni pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi. Konstitutsiya demokratik mamlakat sharoitida huquqiy ijtimoiy davlat mumkin qadar hamma fuqarolarning ravnaqiga teng sharoitlar yaratishga ko‘maklashishini va hayot mashaqqatlarini imkon qadar teng taqsimlashini nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |