Kirish
zamonda dunyodagi mavjud davlatchilik va huquqshunoslik konsepsiyalariga, shuningdek xalqimizning asrlar osha shakllanib kelayotgan boy huquqiy merosiga qat’iy tayanildi.
Davlat va huquq nazariyasi milliy istiqlol mafkurasi mohiyatidan kelib chiqqan holda aholining huquqiy ongi va yuksak huquqiy madaniyatini shakllantirishga, ular faoliyatida qonun ustuvorligi, qonunga hurmat va unga itoatgo‘ylik ko‘nikmalarini hosil qilishga xizmat qiladi. Darslikni yozish jarayonida, ya’ni fanning turli mavzularini yoritishda huquqshunoslik va davlatshunoslikda an’anaviy bo‘lib qolgan mumtoz qarashlar, qoidalar bilan mustaqillik yillarida paydo bo‘lgan yangi zamonaviy g‘oyalar (qarashlar) o‘rtasidagi afzallikni aniqlashga doir muhim bir masala ko‘ndalang edi. Bu boradagi yechim – an’anaviy va zamonaviy ta’limotlar o‘rtasida oqilona muvozanatni topishdan iborat bo‘ldi.
Mamlakatimizda davlat va huquq nazariyasi bo‘yicha oxirgi fundamental darsliklar chop etilganiga 8-10 yildan ko‘p vaqt o‘tdi. Shu davr mobaynida jamiyatimiz hayotida qator tub islohiy o‘zgarishlar, demokratik yangilanishlar yuz berdi. Yangi darslikni tayyorlash va nashr etishni taqozo qilayotgan bir qancha obyektiv sabab va omillar mavjud. Birinchidan, hozir yuridik oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilayotgan Davlat va huquq nazariyasi darsliklarida parlamentimiz palatalarining qo‘shma majlisida ma’qullangan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da ifoda etilgan g‘oya va tamoyillar o‘z aksini topmagan. Ikkinchidan, Konstitutsiyamizga davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishga oid o‘ndan ziyod o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Uchinchidan, qonunchilik tizimi va qonun ijodkorlik faoliyati jo‘shqin rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda yuzdan ortiq yangi qonunlar qabul qilindi, amaldagi qonunlar davr ruhiga mos tarzda takomillashtirildi. Ularning aksariyati hali davlat va huquq nazariyasi nuqtayi nazaridan talqin etilgani yo‘q. To‘rtinchidan, mamlakatda parlamentga va prezidentlikka bir necha saylovlar o‘tkazildi, saylov jarayoni, amaliyoti va saylov qonunchiligi takomillashtirildi. Beshinchidan, huquqni qo‘llash amaliyoti, qonunlarni hayotga joriy etish mexanizmlari mukammallashib hamda rivojlanib bormoqda. Oltinchidan, inson huquqlarini muhofazalash sohasida yangi milliy institutlar, qonunchilik mexanizmlari va xalqaro tajriba rivoj topdi. Yettinchidan, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida muayyan tajriba to‘plandi. Fuqarolik jamiyati institutlari ko‘lami kengayib, ularning faolligi oshib, ahamiyati ortib bormoqda. Bu vaziyatda davlat va huquqning faoliyat yuritish prinsiplari hamda funksiyalari, hatto tabiati o‘zgarmoqda. Sakkizinchidan, davlat va huquqqa aksiologik yondashuv tendensiyasi kuchaymoqda, ularga ijtimoiy qadriyat sifatida qaralib, ushbu institutlarning boshqa xususiyatlari qatorida bunyodkorlik jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. To‘qqizinchidan, huquqiy tafakkurda davlat va huquq borasidagi azaliy, an’anaviy qadriyatlarni, nazariy konstruksiyalarni zamonaviy huquqiy qadriyatlar va yangi konseptual xulosalar bilan uyg‘unlashtirish, qiyosiy tahlil etish vazifasi kun tartibiga chiqdi. Va nihoyat, o‘ninchidan, «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» qabul qilinishi bilan o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. Davlat qurilishida va jamiyatni boshqarishda yangi yo‘nalishlar belgilandi. Sud tizimi tubdan isloh etilib, yangi mazmundagi sud tuzilmalari (iqtisodiy va ma’muriy sudlar) joriy etildi.
Yuqorida sanab o‘tilgan masalalar davlat va huquq nazariyasining tahlil mavzusini jiddiy tarzda kengaytiradi, uning o‘rganish doirasiga ko‘plab yangi ilmiy kategoriyalar kiritilishini taqozo qiladi. Masalan, sotsial davlat, huquqiy makon, huquqiy siyosat, huquqiy tafakkur, yuridik jarayon, huquqiy prezumpsiyalar, huquqiy nigilizm, ijobiy-huquqiy sanksiya, yuridik mas’uliyat, huquqiy rag‘bat va boshqalar.
Darslikda mavzular fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida, mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgan bo‘lib, unda o‘rganiladigan masalalar ixtisoslikni hisobga olgan holda yoritilgan. Bu talabalar davlat va huquq nazariyasi fani bo‘yicha bayon etiladigan zarur bilimlarni o‘zlashtirishini osonlashtiradi. Darslikdan barcha yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv muassasalarida tahsil oluvchilar foydalanishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |