Kirish
merosi, huquqiy qadriyatlari va an’analari, shuningdek, jamiyatimiz maqsadi sifatida ilgari surilgan huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, demokratiya va inson huquqlari tamoyillarini hayotga joriy qilishga yo‘naltirilgan g‘oyalar asosida davlat va huquq nazariyasiga oid zamonaviy darsliklar yozish o‘zbek huquqshunosligi oldida turgan dolzarb vazifadir.
Bugungi o‘zbek jamiyati o‘zi uchun «huquqiy davlat», «inson huquqlari» va «shaxs erkinligi», «demokratik fuqarolik jamiyati», «siyosiy hurfikrlilik» (plyuralizm), «hokimiyatlar taqsimlanishi», «qonun ustuvorligi», «mustaqil sud hokimiyati» kabi fundamental tushunchalarni qayta kashf etmoqda. Ayonki, jamiyat ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini zamonaviy ma’rifiy tamoyillar asosida isloh etishda davlat va huquq benihoya katta rol o‘ynaydi. Shu bois, davlat tuzilishi, demokratik siyosiy tizimning mavjud bo‘lishi, huquqiy munosabatlar oqilona tizimining tashkil etilishi ko‘p jihatdan mamlakatimizdagi davlat-huquqiy institutlarning faoliyatiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning saylovoldi Dasturida, shuningdek lavozimga kirishish chog‘idagi qasamyodida, Prezident sifatidagi faoliyatining dastlabki yuz kunida e’lon qilgan farmonlarida, ayniqsa, «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ilgari surilgan yangi g‘oyalari huquqshunoslik nazariyasining tahlil doirasini yanada kengaytirishga ijodiy turtki berdi. Bular: – inson manfaatlari va qonun ustuvorligi, hokimiyatning xalq bilan bevosita muloqoti, «davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi», davlat boshqaruvi tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish, adolatli sud tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, ta’sirchan jamoat nazorati mexanizmlarini vujudga keltirish va boshqalar.
Respublika Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasida quyidagilar ta’kidlangan: «Mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, ... globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda»1.
Davlat va jamiyatni jadal rivojlantirish, modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish maqsadida ushbu Strategiyada davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Davlat va huquqni tavsiflashdagi asosiy mezon – ularning jamiyat hayotida o‘ynaydigan rolidir. Davlat – jamiyatni uyushtirish, boshqarish vositasi bo‘lsa, huquq ijtimoiy munosabatlarni jamiyat va inson manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solish vositasidir. Davlat va huquq o‘zaro uzviy hodisalar bo‘lganligi bois davlatning mohiyatida va faoliyatida qanday o‘zgarishlar ro‘y bersa, huquqning mohiyati va tabiatida ham shunday o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu jamiyat hayotining umumiy qonuniyatidir.
Davlat va huquq nazariyasi yuridik fanlar tizimida doimo yetakchi o‘rinni egallaydi. Uning nazariy umumlashmalari, ta’rif hamda xulosalari yurisprudensiyaning sohaviy fanlari uchun poydevor, metodologik asos vazifasini o‘taydi. Chunki, davlat va huquq nazariyasi davlat hamda huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi, tarixiy takomillashuv bosqichlari va amal qilishining eng umumiy qonuniyatlarini ochadi, ularni ilmiy-nazariy talqin etadi, ichki mantig‘i, mohiyati va salohiyatiga oid ilmiy ta’rifi va tavsifini yaratadi.
Davlat va huquq to‘g‘risida nazariy bilimga ega bo‘lish ushbu ikki hodisaning mohiyati va mazmunini, rivojlanish qonuniyatlarini, ularga ta’sir etuvchi omillarni to‘g‘ri talqin qila bilish yuqori malakali yurist mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Chunki, fuqarolik, ma’muriy, jinoiy, moliya, mehnat huquqi kabi huquq sohalarining maqsadi, mazmunini anglash uchun davlat va huquq nazariyasi fani fundamental asos bo‘lib xizmat qiladi, u davlat va huquqning tushunchasi, rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatish tamoyillariga oid nazariy bilimlarni hosil qiladi.
Davlat va huquq nazariyasi huquqshunoslikning nihoyatda boy, serqirra, shu bilan birga, murakkab, mislsiz olamiga kirishning kaliti bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy tafakkur, siyosiy va huquqiy dunyoqarash, huquqiy ong hamda yuridik madaniyatni shakllantirish, jamiyatdagi davlat – huquqiy voqeliklar xususida muntazam tizimli bilimlar hosil qilish – bu fanning asosiy vazifasidir. Bahs mavzusi va tadqiqot doirasiga «davlat», «huquq», «qonun», «demokratiya», «hokimiyat», «siyosat» kabi jozibali, murakkab hodisalarni qamrab oluvchi ushbu fan huquqshunoslikning o‘ziga xos qomusi sifatida maydonga chiqadi.
Davlat va huquq nazariyasi davlat va huquqqa tegishli hodisa va jarayonlarning muhim, zaruriy va eng umumiy tomonlarini o‘rganish orqali jamiyat taraqqiyotining obyektiv qonuniyatlarini ochish va tushuntirib berish, ijtimoiy hayot maqsadlarini aniqlash va ijtimoiy munosabatlarni davlat va huquq vositasida tartibga solish mexanizmlarini yaratish, ularning rivojlanish istiqbollarini ko‘rsatib berish bilan shug‘ullanadi.
Mazkur darslikni yozishda nafaqat mustaqillik yillarida to‘plangan davlathuquqiy tajriba, konstitutsiyaviy tamoyillar va nazariy bilimlarga, balki xorijiy tajriba, umuminsoniy, milliy-ma’naviy hamda huquqiy qadriyatlarga, hozirgi
Do'stlaringiz bilan baham: |