Jamoat tartibi – huquqiy normalarni amalga oshirishni va jamiyat turmush qoidalarini (shu jumladan, axloq, odob va boshqa huquqiy bo‘lmagan ijtimoiy yurish-turish qoidalarini) hurmat qilishni talab etadi. Jamoat tartibini buzish faqat huquqiy normalarni emas, balki turmush qoidalarini hurmat qilmaslik natijasida ham kelib chiqishi mumkin. Jamoat tartibi huquqiy tartibotga nisbatan keng ma’noni anglatadi.
Jamiyatda huquqiy tartibotning o‘rnatilishi va amalga oshirilishi muayyan rahbariy g‘oyalar, prinsiplar asosida amalga oshiriladi. Huquqiy tartibot prinsiplari qonuniylik, huquqiy tartibotning yagonaligi, iyerarxiyaga asoslanganlik, adolatlilik, huquqiy tartibotning kafolatlanganligi, normativligi kabilardan iborat.
Qonuniylik – davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga og‘ishmay amal qilishini anglatadi.
Qonuniylik – huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining shakllanishi va amal qilishi uchun zarur bo‘lgan prinsip, mezon, rejim bo‘lib, uning asosida barchaning qonun va sud oldida tengligi bo‘lib, barcha davlat va mahalliy organlar, ijtimoiy birliklar, mansabdor shaxslar va fuqarolarning qonunlarga bir xilda rioya etishlari va ularni aniq bajarishlari majburiyati yotadi1.
Qonuniylik prinsipi xususida olimlarning qarashlari turlicha bo‘lsa-da, ular bildirgan fikrlar aslida bir xilligi ko‘rinib turibdi. Shundan kelib chiqqan holda, qonuniylik prinsipini quyidagicha ta’riflash mumkin: Qonuniylik – huquq subyektlarining amaldagi qonunlarga aniq va bir xilda rioya qilishlarini anglatuvchi, huquqiy demokratik davlatning mohiyatiga xos rahbariy g‘oyadir. Qonuniylik amalda o‘z ifodasini topgandagina, huquqiy qadriyat darajasiga ko‘tariladi. O‘z navbatida, huquqning qadriyat tarzida e’tirof etilishida qonuniylik prinsipi muhim rol o‘ynaydi.
Huquqiy tartibotning yagonaligi prinsipiga ko‘ra mamlakatning butun hududida yagona huquqiy muhit, huquqiy tartib o‘rnatiladi, mazkur huquqiy tartibotga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa tarzdagi tartib o‘rnatish qat’iyan man etiladi.
Ierarxiyaga asoslanganligi – huquqiy tartibotni amalga oshirishda ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilari normativ-huquqiy hujjatlarning pog‘onamapog‘ona joylashganligi prinsipiga rioya etishini anglatadi.
Adolatlilik – huquqiy tartibotning asosiy prinsipi hisoblanadi. Jamiyatda o‘rnatilgan huquqiy tartibot adolat g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi lozim, shundagina jamiyat a’zolari bunday huquqiy tartibotga ixtiyoriy rioya qilishlari mumkin. Huquqiy tartibotning jamiyat barcha a’zolari uchun maqbul bo‘lishi talab etiladi.
Huquqiy tartibotning kafolatlanganligi – jamiyatda o‘rnatilgan har qanday huquqiy tartib davlatning tashkilotchilik faoliyati va majburlov kuchi bilan ta’minlanadi. Huquqiy tartibotni ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar yetakchi o‘rinni egallaydi. Sud, prokuratura va ichki ishlar organlari o‘zlarining kundalik faoliyatida jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarini amalga oshiradilar va shu yo‘l bilan jamiyatda huquqiy tartibot o‘rnatadilar.
Huquqiy tartibotning normativligi – jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlarning amalga oshishi hammaga birdek majburiy bo‘lgan huquqiy normalar orqali tartibga solinadi; huquqiy munosabat subyektlari va ularning subyektiv huquq va yuridik majburiyatlari doirasi hamda huquqiy munosabatlarni vujudga keltiruvchi, o‘zgartiruvchi va bekor qiluvchi yuridik faktlar qonun bilan belgilanadi; huquqiy munosabat ishtirokchilarining harakatlari aniqlashtiriladi.
Nazoratga olinganligi. Huquqiy tartibot davlat va jamiyat tomonidan o‘rnatiladi va nazoratga olinadi. Huquqiy tartibot o‘rnatilgan jamiyatda inson huquq va erkinliklariga rioya etiladi, fuqarolar o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy bajaradilar. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy xulq-atvorini amalga oshirishga, qonun va qonun osti hujjatlarini sifatli tarzda yaratishga hamda huquqni to‘g‘ri tatbiq etishga erishiladi. Yuqorida qayd etilgan prinsiplarga tayangan holda jamiyatda huquqiy tartibot o‘rnatiladi.
Yuridik adabiyotlarda huquqiy tartibotni turlarga ajratish, ya’ni tasniflash mavjud va u bir necha shakllarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, hududiy miqyosiga ko‘ra mamlakat, viloyat va tuman
miqyosida o‘rnatilgan huquqiy tartibot; ikkinchidan, huquq sohasiga ko‘ra: konstitutsiyaviy, moliyaviy, ma’muriy,
jinoiy-huquqiy va boshqa huquq sohalari doirasida o‘rnatilgan huquqiy tartibot; uchinchidan, huquqiy ta’siriga ko‘ra umumhuquqiy, sohaviy va alohida
normalar bilan o‘rnatiladigan huquqiy tartibot.
Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish muayyan tartibni joriy qilish, kishilarning o‘zaro munosabatlarida mustahkam intizomni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Jamiyatda qonuniylik, jamoat va huquqiy tartibotning ta’minlanishiga kuchli intizom orqali erishiladi.
Intizom – davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek korxona va muassasalarda o‘rnatilgan, amal qilinishi lozim bo‘lgan ichki kun tartibi qoidalaridir. Huquqshunoslikda intizomni tasniflashning ko‘p turlari bo‘lib, ularni shartli ravishda uch guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Bular davlat intizomi, harbiy intizom va mehnat intizomi kabi turlardan iborat.
Davlat intizomi – davlat tomonidan o‘rnatilgan va shu hududda yashovchi barcha fuqarolar uchun majburiy ahamiyatga ega tartib-qoidalarga rioya etishdir. Davlat intizomi muayyan davlat hududida o‘rnatiladi, mazkur davlat fuqarolari uchun taalluqli bo‘ladi. Intizomni buzish yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradi, o‘rnatilgan intizom davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Harbiy intizom deganda barcha harbiy xizmatchilarning harbiy nizomlar, komandirlar(boshliqlar)ning buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qat’iy va aniq rioya etishi tushuniladi. Harbiy intizomga harbiy burch, shaxsiy mas’uliyat va mislsiz sadoqat kabi omillar orqali erishiladi.
Yuksak harbiy intizomga erishishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilarda ifodalanadi:
harbiy xizmatchilarda yuksak axloqiy-ruhiy va jangovar fazilatlarni tarbiyalash, komandirlarning buyruqlariga ongli tarzda bo‘ysunish;
har bir harbiy xizmatchining o‘z majburiyatlari va harbiy nizomlar talablarini bajarish mas’uliyati;
harbiy qismda ichki tartibga bo‘ysunish, barcha harbiy xizmatchilar tomonidan kun tartibiga qat’iy rioya qilish;
jangovar tayyorgarlikni puxta tashkil etish va u barcha shaxsiy tarkibni qamrab olishi.
Harbiy intizom qo‘mondonlarning o‘z qo‘l ostidagilarga kundalik talabchanligi, xizmatchilarning ijro intizomini nazorat qilish, harbiy xizmatchilarning sha’nini hurmat qilish va bu haqda doimo g‘amxo‘rlik, ishontirish, majburlash, jamoatchilik ta’sirini oqilona uyg‘unlashtirish va o‘rinli qo‘llash kabi omillarga tayangan holda amalga oshiriladi.
Mehnat intizomi deganda, mehnat jamoalarining, har bir xodimning mehnatga munosabati, xatti-harakatlarining belgilangan tartibi tushuniladi.
Mehnat intizomi korxona (muassasa, tashkilot) rahbariyati tomonidan o‘rnatiladi va unga barcha xodimlarning rioya etishi majburiydir. O‘rnatilgan intizomning buzilishi xodimlarni tanbeh, hayfsan hamda mehnat shartnomasini bekor qilish kabi intizomiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Demak, intizom qonuniylik, huquqiy tartibot va jamoat tartibining uzviy, tarkibiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Jamiyat a’zolarining alohida guruhlari faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot, korxona, harbiy qismlar va boshqalarda intizomning o‘rnatilishi, butun jamiyatda qonuniylik, huquqiy tartibot va jamoat tartibining o‘rnatilishiga ko‘maklashadi.
Shunday qilib, muayyan davlat va jamiyat taraqqiyoti inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ta’minlanishi, qonuniylik talablarining qat’iy ravishda bajarilishi, jamiyatda huquqiy tartibot va jamoat tartibining qaror topishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |