O‘z xatti-harakatlarini amalga oshirish yuzasidan bo‘lgan huquqiy vakolatlar. Bunga misol: mulkdor o‘ziga tegishli mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlariga ega ekanligidir; o‘z harakatlarini sodir etish huquqi qonunchilik normalari yoki boshqa shaxslarning subyektiv huquqlari bilan cheklanishi mumkin.
O‘zgalarning xatti-harakatiga bo‘lgan huquqiy vakolat. Bunda subyektiv huquq javobgar shaxs tomonidan muayyan harakatlar sodir etilgan taqdirdagina amalga oshadi. Masalan, qarz shartnomasi bo‘yicha pulni qaytarishni talab etish huquqi.
Talab tarzidagi huquqiy vakolat. Bu vakolatli davlat organiga murojaat etib, muayyan majburiyatning bajarilishini talab etish imkoniyatidir. Masalan, sudga murojaat etib, aliment to‘lanishini talab qilish huquqi. Shunday qilib, subyektiv huquqning amalga oshishi huquqiy vakolat egasi bo‘lgan shaxsning ixtiyori, istagi va irodasiga bog‘liqdir.
Subyektiv huquq hamisha erkinlik (ozodlik) bilan uzviy bog‘liq. U – erkinlik me’yori. Mabodo, erkinlikning bu me’yori nolga teng bo‘lsa, har qanday munosabat o‘zining huquqiy tabiatini yo‘qotadi1. Basharti, subyektiv huquq o‘zga shaxs yoki tashkilot tomonidan buzilsa, huquqiy vakolat egasida buzilgan huquqini muhofaza etilishini talab qilib, murojaat etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Mazkur vaziyatda davlatning huquqni qo‘riqlash faoliyati namoyon bo‘ladi.
Yuridik majburiyat – huquqiy munosabat ishtirokchilarining tegishli huquqiy normaga asosan o‘zlarining burchi (majburiyati) bo‘lgan harakatni amalga oshirishlari yoki ba’zi harakatni sodir etishdan o‘zlarini tiyishlaridir.
Shaxs yuridik majburiyatlarni o‘tash tufayli huquqiy munosabatning ikkinchi ishtirokchisi subyektiv huquqi amalga oshishini ta’minlaydi. Agar huquqimizga muqobil turuvchi majburiyat o‘tovchi shaxs bo‘lmasa va u subyekt qonun talab etgan xatti-harakatlarni sodir etmasa (yoki biron-bir harakatdan o‘zini tiymasa), bizning huquqimiz quruq gapdan boshqa narsa emas.
Yuridik majburiyat qonunga muvofiq talab etiladigan, bajarilishi lozim bo‘lgan xatti-harakatdir. Agar subyektiv huquqdan foydalanish ixtiyoriy bo‘lib, undan foydalanmaslik ham mumkin bo‘lsa, yuridik majburiyatni bajarmaslik mumkin emas.
G.F. Shershenevich yuridik majburiyat nima deb savol qo‘yadi va unga shunday javob beradi: bu eng avvalo, «o‘z irodang chegaralanganligini, o‘zganing manfaati bilan bog‘langanligini anglashdir». Inson o‘z xulq – atvorini unga tashqaridan bo‘ladigan talablarga muvofiqlashtirishga majbur qilinadi. Majburiyatning mohiyati ana shundadir. Huquqning talabi kimga qaratilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsni yuridik majburiyat o‘tovchi deb hisoblash lozim. O‘z tabiati va ta’biga ko‘ra harakat qilmoqchi bo‘lgan shaxsning irodasiga qonunda nazarda tutilgan omillar ta’sir etib, uni o‘z majburiyatini anglashga majbur qiladi1.
Subyektiv yuridik majburiyat quyidagilarda ifodalanadi:
taqiqlangan xatti-harakatlarni sodir etishdan tiyilish (bunda majburiyat o‘tovchi shaxs passiv bo‘lib, subyektiv huquq amalga oshishiga xalal bermaydi);
muayyan xatti-harakatlarni sodir etish (bunda majburiyat o‘tovchi shaxsdan faol harakat qilish talab etiladi, toki huquqiy munosabat boshqa ishtirokchisining subyektiv huquqi ro‘yobga chiqishi uchun sharoit yaratilsin).
Yuridik majburiyatni bajarmaslik oqibatida yuridik javobgarlik kelib chiqadi. Yuridik majburiyatni bajarmagan shaxsga nisbatan davlat majburlov chorasini qo‘llaydi, ya’ni jazoga duchor etadi.
Shunday qilib, subyektiv huquq va yuridik majburiyat o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Huquq majburiyatsiz mavjud bo‘lmaydi. Va aksincha, biron-bir huquqqa mos kelmaydigan majburiyat bo‘lmaydi. Aynan bir faktik xulq-atvor, xatti-harakat bir vaqtning o‘zida bir tomon uchun – huquq, ikkinchi tomon uchun – majburiyat hisoblanadi. Masalan, ish vaqtidan tashqari ishlaganlik tufayli oshirilgan haq to‘lash ma’muriyat uchun – majburiyat, xodim uchun – huquqdir.
Barcha ijtimoiy hayot hodisalari singari
Do'stlaringiz bilan baham: |