Sifat so‘z turkumida presuppozitsiya hodisasi
(O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” qissasi misolida)
Fayzullayeva Mohinur Nodirjonovna
Lingvistika(o‘zbek tili)1-kurs
O‘zbek tilshunosligida XX asrning 80-yillaridan boshlab til birliklarini pragmatik xususiyatlarini o‘rganishga qiziqish kuchaydi.Ayniqsa,gap tadqiqi yuzasidan olib borilgan ishlarda presuppozitsiya hodisasiga e’tibor qaratildi.
O‘zbek tilshunosligi sohasida D.Lutfullayeva,U.Rahimov,H.Mahmudov kabi soha vakillari o‘zlarining ilmiy maqola va tadqiqot ishlarida presuppozitsiya hodisasini tilning ma’lum sathlari doirasida tahlil etganlar.
Presuppozitsiya til birligining nutqiy vaziyat,matn,til egalarining nutq obyekti haqidagi umumiy bilimlari bilan bog‘liq xususiyatlarini yashirin yo‘l bilan namoyish etuvchi lingvistik hodisa bo‘lib,sifatlarda muayyan tashqi va ichki omillar ta’sirida yuzaga chiqadi. “Presuppozitsiya gapda ishtirok etayotgan bo‘laklar orqali ifodalangan ma’no emas,balki zohiriy ma’no ostidagi qo‘shimcha botiniy ma’no” degan edi U.Rahimov “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida e’lon qilingan “Tagma’no va presuppozitsiya” maqolasida.
Sifatlarning gapda presuppozitsiyaga ishora qilishiga imkon yaratuvchi ichki omillarga ayni sifatlarning semantic imkoniyati,fakultativ ma’no komponenti bilan bog‘liq jihatlar kiradi.
Sifatlarning gapda presuppozitsiyaga ishora qilishiga imkon yaratuvchi tashqi omillarga kontekst,nutqiy vaziyat ,til egalarining tashqi olam haqidagi umumiy bilimlari va til ko‘nikmalari,sifat anglatgan belgining voqe bo‘lishi bilan bog‘liq obyektiv shart-sharoit kabilar kiradi.
Sifatlar ishora qilgan pressuppozitsiya gapni semantik jihatdan to‘ldiradi.Xarakterli jihati shundaki,sifatlar ishora qilgan presuppozitsiya yashirin ifodalanib,nutqiy tejamlilikni yuzaga keltiradi.
Sifatlar orqali presuppozitsiya hodisasi yuzaga chiqishini quyida O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” qissasidan olingan misollar orqali ko‘rib chiqamiz:
“Gulchehra endi katta qiz”, “Abdulla katta yigit bo‘libdi”.Ushbu gaplarda katta leksemasi orqali “Gulchehra yosh bola emas”, “Abdulla ulg‘ayibdi” presuppozitsiyasi yuzaga kelgan.
“Zap ajoyib xotinsan-da,Shahodat,- dedi zavq bilan G‘afurjon aka”.Bu gapda ajoyib leksemasi “xotin” so‘zi bilan bog‘lanish orqali “Shahodatning boshqa xotinlarga o‘xshamasligi” presuppozitsiyasini ifodalagan.
“Yangi qishloq qurish kerak. Odamlar yangi , chiroyli uylarda yashasin”. Mazkur gapda “qishloqning eskirib,ko‘rimsiz holga kelganligi,odamlar hozir eski uylarda yashayotganligi” haqidagi yashirin ma’no ifodalangan.
“Lekin senga o‘xshagan mo‘min-qobil chiqmadi bu bolang!” Izohli lug‘atda mo‘min-qobil leksemasi “so‘zga kiradigan ,beozor” ma’nolarini bildirib keladi. Bu gapda “Sen yuvosh,beozor bola eding” presuppozitsiyasi anglashiladi.
“Sal narida kallaklangan qari tolning orqasida kichkina ko‘m-ko‘k yalanglik ko‘rindi”. Qari sifati, asosan, shaxsga nisbatan qo‘llanilib, “yoshi o‘tib qolgan,keksaygan” ma’nolarini bildiradi. Mazkur gapda qari leksemasi “tol” so‘zi bilan birgalikda qo‘llanib, “tolning ekilganiga ancha bo‘lganligi” prezuppozitsiyasini ifodalaydi.
“Otdayman, bolam, otdayman” gapida otdayman leksemasi orqali “ot kabi tetik,chaqqon va baquvvatman” presuppozitsiyasini anglash mumkin.
“Bu gapni eshitishi bilan qip-qizarib ketdi”. Aksariyat kuzatuvlarda kishi yolg‘on gapirganda yoki noqulay vaziyatga tushib qolganda chehrasida biologik o‘zgarish sodir bo‘ladi, ya’ni yuzi qizaradi. Ushbu gapda esa qizillik orqali qahramondagi uyat va andishaning yuzdagi zohiriy ifodasi nazarda tutilgan.
“Hammaga ham tekin imorat qurib berolmaydi”. Tekin leksemasi “Imorat pulga beriladi” degan yashirin axborotni beradi.
“Yosh-da hali yosh,-deb o‘zini ovutar, navbatdagi xatni orziqib kutardi” gapida yosh sifatini qo‘llash orqali “Katta bo‘lsa hali aqli kiradi,hammasini tushunadi” presuppozitsiyasi aks etgan.
“Ammo hamon uning egnida qora kiyim,ko‘zlari so‘lg‘in edi”. Bizga ma’lumki, qora rang motam ramzi hisoblanadi.Qahramonning kiyimi qora rangda tasvirlanishi, ko‘zlarining so‘lg‘inligi biror yaqin insonini yo‘qotganligiga ishora qiladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, sifatlar obyektiv borliqdagi narsa-predmet,harakat-holat kabilarning muayyan belgi xususiyatini ifodalaydi, shu bilan birga ayrim holatlarda presuppozitsiya hisobiga yashirin axborot ifodachisiga aylanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Rahimov U. O‘zbek tilida yuklamalar presuppozitsiyasi:Filol. Fan.nom. …dis. Avtoref.-Samarqand,1994
2.Safarov Sh. Pragmalingvistika. –Toshkent,2008
3.Umarbekov O‘. Odam bo‘lish qiyin. –Toshkent,2018
Do'stlaringiz bilan baham: |