Ayrisimon bez
Ayrisimon bez ikki bo'lakdan tuzilgan bo'lib, ko'krak qafasining tepa qismida (to'sh suyagi dastasining orqa tomonida) joylashgan, uning toraygan tepa bo'lagi ko'krak qafasidan bo'yin qismiga chiqib turadi. Bezning kengaygan pastki bo'lagi esa qon tomirlar va yurakning old tomonida joylashgan. Og'irligi yoshga qarab o'zgaradi. Jumladan, yangi tug'ilgan bolada 12 g, balog'atga yetish oldida esa 30—40 g gacha bo'ladi. Balog'atga yetgach asta-sekin qayta kichraya boradi: 25—30 g, 60—70 yoshlarda burishib, 6— 15 g bo'lib qoladi va yog' moddasiga aylanadi. Bezning ustki qismi po'stloq, ichi mag'iz qismidan tuzilgan bo'lib, ular to'siqlar vositasida limfositlarga boy bo'lgan bo'lakchalarga ajralgan. Funksiyasi. T- limfositlar ishlab chiqaradi, limfa tugunlari rivojlanishini ta’minlaydi. Umuman, organizmni zararli ta’sirlardan saqlaydi.
Buyrak usti bezi
Buyrak usti bezi qalpoq shaklida o'ng va chap buyrak ustida joylashgan bo'lib, og'irligi 3—5 g gacha. Bezni qoplab turgan pardadan boshlangan o'simtalar bezning ichiga kirib, uni bir necha bo'laklarga ajratadi. Bez tashqi sarg'imtir po'stloq va ichkarisida joylashgan qoramtir miya qismidan tuzilgan. Po'stloq qismi va miya qismi tuzilishi, rivojlanishi va bajaradigan ishi jihatdan bir-biridan farq qiladi. Po'stloq qismi mezodermadan rivojlanib, qon tomir va nervlarga boy epiteliy hujayralardan paydo bo'ladi. Bezning bu qismida ishlanadigan aldosteron gormon organizmda suv-tuz almashinish jarayoniga ta’sir etsa, gidrokortizon gormoni oqsil, yog' va uglevod almashinish jarayonida ishtirok etib, organizmning kasallikka qarshilik ko'rsatish kuchini oshiradi, yallig‘lanish kasalligining tez tuzalishini ta’minlaydi.Bezda ishlangan jinsiy gormonlar esa jinsiy bezlarga ta’sir etadi. Buyrak usti bezi po'stloq qismining faoliyati pasaygan vaqtda organizmning turli kasalliklarga qarshilik ko'rsatish qobiliyati ham pasayadi, hatto kasallikka (odam terisi bronza rangiga o'xshab qoladi) olib keladi. Aksincha, bezning po'stloq qismi funksiyasi kuchayib, odatdan tashqari gormon ishlasa, jinsiy bezlarning gormon chiqarish faoliyati kuchayadi, o'spirinlar tezroq balog'atga yetadi.Bezning miya qismi ektodermadan (simpatik tugunlari o'sadigan joydan) rivojlanadi. Bu qismga adrenalin yoki xromaffin sistemasi deyiladi. Bezning miya qismidan adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlanadi. Adrenalin yurak qisqarish faoliyatini oshiradi, qon tomirlarni siqadi. Ichak devorlarining siqilish qobiliyatini (ichak peristaltikasini) pasaytiradi. Bronxlarni kengaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |