Elementar oltingugurt Tabiiy sof rudalardan, shuningdek sulfit angidrid yoki vodorod sulfid tutgan gazlardan olinadi.
Elementar oltingugurt sulfat kislota ishlab chiqarish uchun eng yaxshi turdagi xomashyolardan biri hisoblanadi.
Uni yoqish natijasida katta miqdorda SO2 va kislorod tutgan va kontaktli sulfat kislota ishlab chiqarish uchun eng muhim hisoblangan gaz hosil qilinadi.
Oltingugurtning yonishi natijasida kul qolmaydi, vaholanki kolchedan kuydirilishi natijasida hosil bo‘ladigan kulni yo‘qotish uchun katta sarf-harajatlar talab etilar edi.
Tabiiy sof oltingugurt tarkibida juda oz miqdordagi mishyak qo‘shimchasi bo‘ladi, bu esa kolchedandan sulfat kislota ishlab chiqarishdagi mishyakdan tozalash jarayonlari singari bosqichlardan holi bo‘lgan sodda sulfat kislota ishlab chiqarish tizimini yaratish imkoniyatini yaratadi.
Jahon miqyosida elementar oltingugurtdan foydalanish taxminan quyidagicha taqsimlanadi:(%da )
Sulfat kislota ishlab chiqarish uchun 50
Sellyuloza-qog‘oz sanoati uchun 25
Qishloq xo‘jaligiga 10-15
Boshqa iste’molchilarga 10-15
Aglomeratsiya gazlari.
Qora metallurgiyaning yirik korxonalarida temir rudasi domna pechiga berilishdan oldin maxsus fabrikalarda aglomeratsiyalanadi (ruda shixtalarini metallurgik xossalarini yaxshilash uchun havo purkash orqali ularni yiriklashtirishning termik usuli amalga oshiriladi).
Bunda ruda tarkibidagi oltingugurt oksidlanib sulfit angidridga aylanadi va aglomeratsiya gazlari tarkibiga o‘tadi. Temir rudasida oltingugurt miqdori ko‘p bo‘lganda aglomeratsiya gazi tarkibida 0,5-1,5% gacha SO2 bo‘ladi.
Ayrim yirik aglomeratsiya fabrikalarida atmosferaga chiqarib yuboriladigan gazlar 5 mln m3/s dan ortadi, ular bilan chiqib ketadigan oltingugurt miqdori yiliga bir necha yuz ming tonnani tashkil qiladi.
Bunday gazlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri atmosferaga chiqarib yuborish ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan katta zararga olib keladi.
Qora metallurgiyaning aglomeratsiya gazlarini ulardagi SO2 ni turli xil yuttiriuvchi materiallar yordamida ushlab qolish va so‘ngra undan konsentrlangan sulfit angidridni ajratib olish yo‘li bilan yoki aglomeratsiya gazlarini rudadan bir necha bor o‘tkazish orqali uni tarkibidagi SO2 konsentratsiyasini oshirish va konsentrlangan aglomeratsiya gazidan SO2 ni ajratib olishni yo‘lga qo‘yish ham ekologik, ham iqtisodiy samara olinishi mumkin.