birinchidan, jamiyat qanday nomlanishidan qat’i nazar, o‘z taraqqiyotida biridan ikkinchisiga o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayon asosida rivojlanadi;
ikkinchidan, bir taraqqiyot bosqichidan ikkinchisiga o‘tishdagi asosiy ko‘rsatgich moddiy omil emas, balki odamlarning turmush sharoitlaridagi bo‘ladigan o‘zgarish hisoblanadi.
O‘tish davrini faqat moddiy omillar darajalari bilan bog‘lash - uning mohiyatini to‘liq ifodalamaydi. Shunga ko‘ra, sodir bo‘ladigan ijobiy yohud salbiy o‘zgarishlarga ta’sir o‘tkazuvchi siyosiy omillarning rolini aniqlash masalasi ham muhimdir.
Jamiyatda bo‘ladigan har qanday o‘zgarishlar iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy sohalarning uzviyligi xolatida qaralgandagina, o‘tish davrining mohiyatini tushunish mumkin bo‘ladi: o‘tish davri mamlakatlar taraqqiyotining bir ijtimoiy-iqtisodiy bosqichdan biri ikkinchisiga o‘tishi umumiy qonuniyat bo‘lishi bilan birga, ularning har birida o‘tish jarayoni ham turlicha namoyon bo‘ladi. Barchasiga xos bo‘lgan asosiy umumiylik eskisining taraqqiyot ehtiyojlariga javob bera olmaganligi oqibatida, yangi bosqichga o‘tish zaruriyatini keltirib chiqarishi bilan bog‘liq. Shu ma’noda, o‘tish davridagi bosh yo‘nalish «orqaga qaytish» emas, balki «oldinga» yurish, pastdan yuqoriga ko‘tarilish yoki oldingi darajaga qaraganda yuksalish, rivojlanish demakdir.
Eski tuzumni saqlab qolish yo‘lidagi turli urinishlar, qon to‘kishlar, xalq boshiga tushadigan turli fojealarga qaramasdan, ularning qaysi darajada sodir bo‘lishidan qat’i nazar, bari-bir o‘tish davrining bosh yo‘nalishi o‘zgarmas bo‘lib qolaveradi. Shu ma’noda Leonid Levitinning quyidagi fikriga qo‘shilish mumkin. «Postkommunistik o‘tish davri – o‘tish davrining ko‘rinishlaridan biridir, xolos. Insoniyat tarixida bunday davrlar ozmuncha yuz bermagan. Ular o‘zaro bir-biridan qanchalar salmoqli tafovutlar bilan farq qilmasin, biroq asosiy ma’nolari bitta – jamiyatni uning iqtisodini, siyosatini, uning madaniyatini zamonaviylashtirish»1 – deb yozadi. Ammo, ana shu «Zamonaviylashtirish»ni qaysi o‘lchov mezonidan kelib chiqmoq kerak, - degan savolga javob topish zarur bo‘ladi. Zero, «zamon» o‘zgaruvchan, shiddat bilan oldinga intiluvchi jarayon xolos. Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, o‘tish davrining tamom bo‘lish mezonlari mavjudmi yoki «zamon» kabi to‘xtovsiz jarayon hisoblanadimi? - degan savollar yuzaga kelaveradi.
Aslida, yuqorida bizning unga bergan ta’rifimizda uni davlat taraqqiyotining bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzumdan ikkinchisiga o‘tish uchun zarur bo‘ladigan alohida bosqich ekanligi haqidagi konseptual g‘oyamizga muvofiq o‘tish davri shu ma’noda ham alohida bosqichdir. Albatta, u ma’lum muhlatdan keyin o‘z poyoniga yetadi va jamiyat ilgarigiga qaraganda yangi taraqqiyot bosqichida yashay boshlaydi.
Biz ana shunday jarayonni aniq tasavvur qilishimiz va tushunishimiz zarur bo‘ladi. Aks holda, insoniyat o‘z boshidan o‘tish davrini o‘tkazish bilan yashaydi va bu oxiri yo‘q bo‘lgan jarayon, degan noto‘g‘ri xulosa kelib chiqadi.
Mustaqillik tufayli O‘zbekistonning totalitarizmdan asta-sekin demokratik jamiyat tomon o‘tishining o‘ziga xos xususiyatlari ham bundan istisno emas, albatta. Ammo, jamiyat erishgan yutuqlar asosida taraqqiy qilish jarayonining imkoniyatlarining tugashi, uning o‘sib kelayotgan ehtiyojlarni qondirishga qurbi yetmay qolishi, jamiyatni yangi pog‘onaga ko‘tarish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Demak, birinchidan, o‘tish davrini jamiyat o‘zi erishgan imkoniyatlar asosida rivojlanishning tugashi, o‘sib kelayotgan ehtiyojlarning qondirolmay qolishdan boshlab, undan yuqori bo‘lgan imkoniyatlarni yuzaga kelishigacha bo‘lgan muhlat bilan belgilash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |