3. Davlat va jamiyat boshqaruvida O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning faolligi ham muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatda o‘tkazilgan saylovlarni tahlil etish shuni ko‘rsatadiki, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Mamlakat fuqarolari hozir mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlar va islohotlarga nisbatan befarq emaslar. Ayniqsa, fuqarolarning o‘z manfaatlarini ijtimoiy faollik va guruhiy nodavlat tashkilotlar vositasida ifoda etish, ularni qondirishga intilishlari rivojlanib bormoqda. Lekin, shu bilan birga, fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi faolligini oshirish uchun ular dunyoqarashida demokratik tamoyillar asosidagi siyosiy va huquqiy ongni singdirish ehtiyojlari sezilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri, iqtisodiy va siyosiy hayotni erkinlashtirishdir.
Jamiyatni tashkil etish qonuniyatlariga binoan ma’lum bir siyosiy tizim doirasida turgan individ va ijtimoiy guruhlar ijtimoiy-siyosiy jarayonga bir xilda tortilmaydilar. Ularning ba’zilari siyosatga befarq qaraydilar, yana boshqalari ba’zi paytlarda ijtimoiy-siyosiy jarayonda ishtirok etadilar, uchinchilari esa doimo siyosiy kurashga intiladilar. Hattoki, siyosiy va ijtimoiy hodisalarda faol rol o‘ynayotganlar ichida ham faqat ularning ba’zilari hokimiyatga yoki jamoatchilik faoliyatiga jon - jahdlari bilan intiladi.
XX asr 90-yillarining oxiri - yangi asr boshlaridagi siyosiy islohotlarning muhim ahamiyati shunda bo‘ldiki, bu paytga kelib xalq ommasini ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular siyosiy madaniyatini yuksaltirish, demokratiyaning eng muhim tamoyillarini hayotga tatbiq etish uchun shart-sharoitlar yaratildi. O‘zbekistonda siyosiy jarayonlarni demokratlashtirishning o‘ziga xos qadriyatlari shakllandi. Mamlakat Prezident I.A.Karimov mustaqillik davridagi tajribalarni va yetakchi xorijiy mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy hayotini chuqur tahlil etib, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishining demokratik tamoyillarini ilgari surdi: «Jamiyatda demokratiya qay darajada ekanligini belgilovchi kamida uchta mezon bor. Bular - xalqning qarorlar qabul qilish jarayonlaridan qanchalik xabardorligidir. Hokumat qarorlari xalq tomonidan qanchalik nazorat qilinishi, oddiy fuqarolar davlatni boshqarishda qanchalik ishtirok etishidir...1
O‘z-o‘zidan ravshanki, siyosiy tuzum to‘la-to‘kis amal qilishini va uning yanada erkinlashuvini ta’minlash uchun uni tashkil etuvchi hamma tuzilmalar, ya’ni mavjud sub’ektlar - shaxs, siyosiy institutlar, aholining ijtimoiy guruhlari hamda qatlamlari va xokazolar to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga erishish zarur”2.
Ko‘rinib turibdiki, fuqarolar o‘z siyosiy faolliklarini yuksaltirishi, yuqoridan qabul qilinadigan qarorlar qabul qilishda bevosita yoki o‘z manfaatlari guruhlari vositasida keng ishtirok etishi mamlakatda fuqarolik jamiyati qurish kafolatlaridan biridir. Ayniqsa, sobiq totalitar jamiyat meros qilib qoldirgan ma’muriy - buyruqbozlik tizimi asoratlari fuqarolar dunyoqarashi, siyosiy ongi va amaliy xatti-harakatida barham topmas ekan, siyosiy erkinlashtirishga doir islohotlar ham qiyin kechishi turgan gap.
Ma’lumki, siyosiy ong va siyosiy madaniyat yuksalishida fuqarolarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokining ahamiyati beqiyosdir. Fuqarolar jamoat tashkilotlari faoliyati vositasida yoki bevosita siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etar ekan, ularda quyidagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kutiladi:
1) fuqarolarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki ularning tabiiy siyosiy - ijtimoiy his-tuyg‘ularini uyg‘otadi, harakatga keltiradi, bu yo‘nalishga doir intilishlar shakllanadi. Yoki qisqacha aytganda, har bir fuqaroning ijtimoiylashuv jarayoni amalga oshadi;
2) qarorlar qabul qilishdagi faol siyosiy harakatlar; bu jarayonda oddiy fuqarolar manfaatlari, ehtiyojlari va intilishlarining hisobga olinishi ularga erkin insoniy qadr-qimmat bag‘ishlaydi. Eng asosiysi, bu qarorlarning xalq taqdiridagi ahamiyati fuqarolarda siyosiy mas’uliyat ruhini shakllantiradi;
3) fuqarolarning siyosiy qarorlar qabul qilishda turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini turli jamoat tashkilotlari va siyosiy partiyalar vositasida ifodalanishidan qoniqishlari ularni yanada faollashtiradi; natijada o‘zaro manfaatlar kelishuvi oqibatida jamiyatning barqaror bo‘lishiga katta hissa qo‘shiladi;
4) bu ishtirok har bir fuqaroni o‘zligini anglashga, uning jamiyatdan o‘ziga munosib o‘rin egallashiga shart-sharoitlar yaratadi, o‘z mamlakatiga egalik hissini shakllantirib, milliy iftixor tuyg‘ulari yuksalishini ta’minlaydi;
5) davlat hokimiyati jamiyatdagi barcha ijtimoiy tabaqalar va guruhlar manfaatlarini o‘z siyosiy qarorlarida ifodalanishiga erishiladi; mazkur qarorlarni hayotda amalga oshishi natijasida siyosiy hokimiyat yanada legitimlashadi; davlat organlarini, fuqarolarni boshqarish, siyosiy qarorlarni bajarishni ta’minlashga doir jarayonlar va ma’muriy tadbirlarni amalga oshirishni jamiyat hech bir zo‘riqishsiz va ixtiyoriy ravishda qabul qiladi; shuningdek, bu faoliyat fuqarolar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanadi;
6) bu jarayonlar jamiyatdagi ko‘pchilik fuqarolarning irodasini ifodalanishiga shart-sharoitlar yaratib, jamiyat va davlat hokimiyatining demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatish salohiyatini oshiradi.
8.2-ilova
Do'stlaringiz bilan baham: |